Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Namanganning Baland adirida davlatning 13 milliard so‘miga qurilgan 1000 ta issiqxona hozirda tashlandiq joyga aylangan.
Ozodlikka yuborilgan shu yilning 2-3 - iyun kunlari olingan videotasvirlarda qarovsiz, ichi qovjirab yotgan va tashlab ketilgan issiqxonalarni ko‘rish mumkin.
2020 - yilning 26 - iyun kuni Chortoq tumanidagi bu issiqxonalar majmuasini borib ko‘rgan Mirziyoyev¸ uni o‘z islohotlarining yutug‘i¸ xalqni kambag‘allikdan olib chiqish formulasi sifatida taqdim etgan edi.
Hukumat amaldorlari tilida “Chortoq tajribasi” deb nomlangan bu issiqxonalar loyihasi¸ mahalliy tadbirkorlarga ko‘ra¸ davlat pulini talon-toroj qilish uchun uyushtirilayotgan soxta loyihalardan yana biri.
Mutaxassislarga ko‘ra, Mirziyoyevning aholini tadbirkorga aylantirish iddaosi bilan o‘tkazayotgan eksperimentlari hokimiyat boshqaruvidagi korrupsiyaning yanada kuchayishi¸ davlat byudjetining havoga sovurilishi¸ banklardagi toksik qarzlarning oshishi¸ tashqi qarzning kattalashishi¸ aholining esa¸ yanada kambag‘allashuviga sabab bo‘lmoqda.
Baland adirdagi balandparvoz gaplar
Bundan bir yil oldin – 2020 - yilning 26 - iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga qilgan safari davomida Chortoq tumaniga bordi.
Mirziyoyev kelishiga bir oy uxlamay qilingan tayyorgarlik nihoyasida Chortoqning tap-taqir adiri ustida issiqxonalar qishlog‘i qad ko‘tardi.
Suvsiz va toshloq adir ustidagi issiqxonalar majmuasi Mirziyoyevning 2019 - yili berib ketgan topshirig‘i ijrosi o‘laroq paydo bo‘ldi.
Mirziyoyev o‘z topshirig‘i ijrosini ko‘rish uchun “Baland adir” deb nomlangan bu tepalikka kelishi arafasida issiqxonalar orasidan o‘tuvchi 57 kilometrlik yap-yangi asfalt yo‘l yotqizildi.
O‘tgan yilning 26 - iyun kuni Mirziyoyevga ko‘k polietilin parda ostidagi yuzlab issiqxona¸ ularga o‘rnatilgan har- xil sabzavotlar¸ hatto hali olinmagan hosildan qilinajak konserva mahsulotlari ko‘z-ko‘z qilindi.
Mirziyoyev o‘z g‘oya va tashabbuslari minglab oilaga ish berayotgani va ularni kambag‘allikdan olib chiqayotgani haqida ko‘p va xo‘p gapirdi.
Davlatning 13 milliard so‘m mablag‘iga bu issiqxonalarni qurgan Bandlik vaziridan to namanganlik tadbirkorgacha Mirziyoyev bergan tavsiyalar xalqni boyitayotgani¸ millionlab dollarlik eksport biznesiga asos bo‘lgani haqida gapirishdi.
Bu loyihani mamlakat hayotining asosiy voqealaridan biri sifatida bir necha kun yoritgan mahalliy jurnalistlar esa¸ issiq asfalt to‘shalgan yo‘lda yurib¸ hali ohori ketmagan issiqxonalar orasida sayr qilar ekan¸ bularning hammasi mamlakatda olib borilayotgan islohotlar samarasi ekaniga urg‘u berishdi.
“Mingga yaqin odam ish bilan ta’minlanadi”, “bir yilda uch marta hosil olinadi”, “mahalliy tadbirkorlar giyoh unmas adirda jannat yaratdilar”, “bir yil ichida 5 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilinadi” va hokazo...
Mirziyoyev va qashshoqlikka qarshi qimmatbaho kurash
2020 - yilning 26 - iyun kuni Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifini yoritgan prezident matbuot xizmati Chortoqdagi issiqxonalar majmuasi qurilishini “ pandemiya davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish” siyosati mahsuli sifatida taqdim etdi.
Rasmiy xabarda 200 ming aholisi bor Chortoqdagi 7000 dan oshiq ishsizni ishlik qilish uchun issiqxona qurish g‘oyasi muallifi Shavkat Mirziyoyev ekani alohida ta’kidlandi.
Aytilishicha¸ Mirziyoyev qo‘ygan vazifalar ijrosi doirasida o‘sha paytda Xayrullo Bozorov boshqargan viloyat hokimligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Baland adirda “Bir joyda - ming oila issiqxonasi” loyihasini amalga oshirishga kirishgan.
“Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydondagi har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati mas’uliyati cheklangan jamiyat hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan loyihaga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari va tijorat banklarining 6,3 millard so‘mlik imtiyozli krediti yo‘naltirilmoqda.
Hozirgi kunda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkonini beradigan har biri 2 sotixdan bo‘lgan 800 ta issiqxona qurib egalariga topshirildi. Qolgan 200 tasi iyul oyi oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda”¸ deb yozilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Baland adirga tashrifi paytida Mirziyoyevga amaldorlari “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida Chortoq tumanidagi 800 ta kambag‘al oila ushbu issiqxonada ishlik bo‘lgani haqida hisobot berdi. Mirziyoyevning o‘zi ham mahalliy telekanallar ko‘rsatgan suhbatda Baland adirdagi loyihani o‘z islohotlari samarasi sifatida talqin etdi:
-Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak. Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz lozim...
Arvohsimon qishloq
Mirziyoyev Chortoqning Baland adirida o‘zi yaratgan mo‘’jizadan o‘zi hayratga tushib qaytganidan beri oradan bir yil o‘tdi.
Bu orada u 2021 - yilning 23 - fevralida yana Namanganga bordi. Ammo safar marshrutini tuzganlar uni Chortoqqa yaqinlashtirmadi. Buning o‘rniga u Namangan shahri chetidagi sobiq “Samarqand” sovxozi, hozirgi Yangi Namangan tumaniga borib, mahalladagi oqlanmagan devor uchun prokurorni ishdan olib qaytdi.
2021 - yil iyuniga kelib¸ Baland adirda hayot asari¸ biror tirik jon borligi ko‘rinmaydi.
Ko‘rinadigani - usti yirtilib¸ ichi qovjirab ketgan yuzlab issiqxona¸ ular yonida har biri kamida bir tonnalik suv idishlari.
“Bu yer daydi itlar tunaydigan joyga aylandi. Bu issiqxonalarga odam oyog‘i tegmaganiga qariyb bir yil bo‘ladi. Mirziyoyev bergan tuturiqsiz takliflarni ura-ura qilib bajarish uchun davlatning milliardlab puli sarflandi. Hokim va hokimchalar ochko olibgina qolmadi¸ ular bu 13 milliarddan o‘z ulushlarini ham olib bo‘ldi”¸ - deydi 2 - iyun kuni Ozodlikka Baland adirdan olingan videolarni yuborgan namanganliklardan biri.
Boshidan soxta loyiha
Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan chortoqlik tadbirkorlardan biri¸ Baland adirdagi issiqxonalar loyihasining avval-boshdan “davlat mablag‘ini o‘zlashtirishga qaratilgan korrupsion sxema” bo‘lganini iddao qildi.
“Ko‘shan degan qishloq bor Chortoqda. Kambag‘al¸ ishsizlar ko‘p. Shu “Obod qishloq” dasturiga tushgandan keyin prezident issiqxona qurish haqida buyruq bergan. Bu issiqxonalar o‘tgan yil prezident kelishi oldidan qurildi¸ ustiga tashrifga ikki kun qolganda plyonka yopib bo‘lindi. U yerga suv chiqmagan. Prezident kelishiga yolg‘ondan nasos qo‘yib qo‘yishdi. Aslida Komxozning vodovozlarida kechayu kunduz suv tashib¸ tuvakda o‘sayotgan bodring¸ pomidor ko‘chatlarini o‘tqazib¸ prezidentga ko‘rsatishdi. Mirziyoyev ketishidan ikki kun o‘tib-o‘tmay tuvaklar qazib olinib¸ asl joyiga qaytarildi. Shundan beri u yerda hech kim hech narsa qilmadi”¸ deydi bu suhbatdosh.
Ozodlik suhbatdoshlari Baland adirdagi issiqxonalar majmuasini qurgan Golden Nats Namangan (Golden Nuts Namangan) agro tomorqa xizmati MChJ rahbari Mahamad Bahriddinovning¸ haqiqatda katta issiqxonachi tadbikor ekanini bildirdi.
“Uning adir pastidagi yaxshi¸ suvlik yerda kamida bir gektarlik teplitsasi bor. U yerda ish haqiqatan zo‘r¸ pomidor va bodringlari bor¸ chetga sotadi. Lekin Baland adirdagi issiqxonalarga bir dona ham ko‘chat ekilmadi¸ sababi suv yo‘q. Mahalliy hokimliklar suvsiz¸ qovjirab yotgan yerni¸ u yerda hech narsa o‘smasligini bila turib¸ kambag‘allarga berdi. Ertaga savol-javob bo‘lsa¸ biz xalqqa berdik¸ o‘zlari dangasa¸ ishlamadi¸ deb davlat pullari sovurilgani uchun aybni oddiy xalqqa qo‘yib¸ suvdan yana quruq chiqib ketadi”¸ deydi chortoqlik tadbirkor.
Issiqxonalar quruvchisi nima deydi?
Ozodlik 3 - iyun kuni Baland adirdagi issiqxonalar majmuasini qurgan "Namangan Golden Nuts Agro Tomorqa Xizmati” MChJ mulkdor va rahbari Mahammad Bahriddinov bilan gaplashdi.
Prezidentga taqdim etilganidan bir yil o‘tib¸ Baland adirdagi issiqxonalarning qay ahvolda ekani haqidagi savolga Bahriddinov¸ “hamma yoq juda chiroyli”¸ degan mazmunda javob qildi.
«Aholi bilan birga ishlayapmiz. Ko‘chatlarni yetishtirib berdik. Bodringlar pishishni boshladi. To‘rt kun¸ besh kundan beri uzib¸ aholidan sotib olyapmiz. Hamma yoq shunaqa chiroyli bo‘lgan¸ pomidorlar ham. Bankaga qamab¸ importga chiqaradigan bodring pomidorlarimiz tayyor».
Bahriddinov suhbatda prezident kelib ketganidan so‘ng yana 200 ta issiqxona qurib bitkazilgani va ayni kunlarda har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona ishlayotganini ta’kidladi.
«Temir daftar¸ yoshlar¸ ayollar daftaridagilarga hokimiyat bu issiqxonalarni bo‘lib bergan. Biz issiqxonalarni qurib berdik¸ ko‘chat beryapmiz va mahsulotini sotib olyapmiz. Proyekt shunaqa qilingan. Issiqxonani tarqatishni Mehnat boshqarmasi bilan hokimiyat birga qilgan».
Bahriddinov suhbat davomida ayni kunlarda Baland adirdagi 1000 ta issiqxonaning usti nafaqat plyonka¸ balki issiqlikni qaytarish uchun loy bilan qoplanganini ham iddao qildi.
«Plyonka ustiga loy sepish bu mahalliy texnologiya. U ichkaridagi havo haroratini mo‘’tadil ushlaydi. Bu faqat bizdamas¸ butun respublikadagi teplitsachilar shunaqa qiladi».
Baland adirda dehqonchilik qilish uchun u yerga suv chiqarilganmi¸ degan savolga Bahriddinov:
-Suv masalasi hammasi chiroyli. Oltita drenaj bor. Chiqib katta suv omborlarini qilganmiz. Hammasi chiroyli ketyapti. U yerdagi ko‘chatlar hozir mani bo‘yimdan o‘tib¸ 2 metrga borib qoldi. Aholi issiqxonalar ichiga hamma narsa ekkan¸ gulchilari bor¸ qishda kartoshka ekkanlari bor. Biz faqat bodring pomidorni sotib olyapmiz. Farg‘onadan agronom olib kelganman 25 - yanvarda¸ hozir aholiga nimani qanday ekishni o‘rgatib yuripti.
Bahriddinov Ozodlik bilan suhbatda ham prezidentga aytilgan gaplarni takrorladi.
“O‘tgan yili ikki marta hosil oldik. 20 xil narsa¸ hatto qovun ekildi. Chesnok¸ zelen ekkanlar bor. Ular bozorga olib chiqib sotadi. Har bitta teplitsada hozir 300-500 kilodan bugun uzsa bo‘ladigan hosillari bor. Hammasi juda chiroyli ketyapti”.
Bahriddinov bu loyiha haqida chiroyli gaplarni gapirib bo‘lishi ortidan Ozodlik 3 - iyun kungi Baland adirdan yuborilgan videolardagi manzara bilan u tasvirlagan manzara o‘rtasidagi jarlikka izoh so‘radi.
“Man har kuni o‘sha joydaman. 35-40 odam ishlatyapman kuniga. Haqiqatan ham adirning eng uchi. Nomiyam Baland adir¸ nomiga mos. Shamol bo‘ladi¸ boshqa bo‘ladi¸ plyonkalar yirtiladi. Lekin ikki kun¸ uch kunda hammasini bartaraf qilib¸ joyiga qo‘yib kelyapmiz hozirgacha”.
Ozodlikka 3 - iyun kuni yuborilgan videotasvirlarda yuzlab issiqxonaning tashlandiq holda yotgani¸ u yerga biror narsa ekilmagani¸ ishlayotgan biror odam yo‘qligi manzarasiga izoh so‘ralganda Bahriddinov¸
- Men ko‘ray o‘sha videolarni¸ keyin javob beraman. Telegram nomeringizni tashlavorsangiz¸ hozirgi chislo bilan s’ëmka qilib tashavoraman. O‘zingiz ko‘rasiz¸ deb javob berdi.
Ozodlik Bahriddinov bergan Telegram raqamiga chortoqliklardan yuborilgan videotasvirni yubordi. Ammo bu akkaunt yuborilgan videoni qabul qilmadi. Telefon orqali qayta bog‘langanda Bahriddinov¸ “Baland adirga muxbir yuborish"ni taklif qildi va Ozodlikka taqdim etilgan videolarni (garchi ularni ko‘rmagan bo‘lsa-da)¸ o‘zini “ko‘rolmaydiganlar” ishi sifatida talqin qildi.
Chortoqdagi 1000 dona issiqxona loyihasiga davlat byudjetidan subsidiya ajratgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi¸ bu issiqxonalarni aholiga tarqatgan Namangan va Chortoq hokimliklari matbuot xizmati telefonlariga ham 3 - iyun kuni hech kim javob bermadi.
Ozodlikka Baland adirdan olingan video mualliflaridan biri esa¸ O‘zbekistonda Mirziyoyev tashabbuslari doirasida uyushtirilayotgan soxta loyiha va shoular uchun huquqiy javobgarlik kiritilishini talab qiladi.
“Hammasi avval-boshdan ëlg‘on. Bu yolg‘onchilarni jazolash kerak. Tepada o‘tirgan firibgarlar bunaqa ko‘zbo‘yamachiliklarga o‘z cho‘ntagidan emas¸ bizning pullarimizni sarflayapti. Qani kecha bulbuligo‘yo bo‘lib, Baland adirdagi mo‘’jizaviy issiqxonalar¸ Chortoq tajribasi haqida sayragan rasmiylar? Xalqning pulini havoga sovurganlar hozirgi manzaraga izoh bersin!”¸-deydi namanganlik faol.