Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:39

“Qaysi aybimiz uchun bizni mazax qilishyapti?” “Moskva” kreyserida bedarak yo‘qolgan matroslarning ota-onalari sarson bo‘lishmoqda


Mark Tarasov
Mark Tarasov

13-aprel kuni ukrain rasmiylari Rossiyaning Qora dengiz floti flagmani – “Moskva” raketa kreyseriga qanotli raketalardan muvaffaqiyatli zarba berilganini ma’lum qilishdi. O‘sha kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi kemada yong‘in chiqishi va zaxira snaryadlar portlashi munosabati bilan ekipaj evakuatsiya qilinganini bildirdi. Qurbonlar haqida lom-mim deyilgani yo‘q. Kema suzuvchanligini saqlagani, ammo keyinroq shatakka olib ketilayotganda cho‘kib ketgani aytildi.

Sevastopolda bo‘lib o‘tgan flagman bilan vidolashuv marosimiga keltirilgan motam gulchambarida “Korablyu i moryakam” (“Kemaga va dengizchilarga”) deb yozilgandi. Turli OAVlar jurnalistlari ayni paytgacha “Moskva” kreyserining halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan kamida sakkiz nafar matrosini qidirib topishdi.

Dastavval “Sxemi” (Ozodlik radiosi rus xizmati) jurnalistlari halok bo‘lgan michman Ivan Vaxrushevning shaxsini aniqladilar, uning o‘limini beva xotini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilgan edi.

17-aprel kuni esa Yalta turg‘uni Dmitriy Shkrebets muddatli harbiy xizmatdagi o‘g‘li – 20 yoshli Yegor Shkrebets g‘oyib bo‘lganini bildirdi.

Halok bo‘lgani taxmin qilinayotgan yana bir matros – Sverdlov viloyatining Sisert shahrida yashagan 20 yoshli Nikita Siromyasov bo‘lib, onasi Anna uning taqdiri nima bo‘lganini bila olmay bir necha kundan beri sarson.

Katta matros Vitaliy Begerskiy halokat vaqtida kreyserning o‘ng bortida navbatchilikda bo‘lgan, uning jasadi evakuatsiya qilinmagan – bu haqda “Agentstvo” nashriga Vitaliyning singlisi Anastasiya so‘zlab berdi.

Bi-Bi-Si muxbirlari esa 19 yoshli matros Andrey Sivov kreyser cho‘kkan kundan beri aloqaga chiqmayotganini aniqlashdi. “Moskva”da xizmat qilgan Igor Kutnyak va Leonid Savinyan ismli ikki matrosning taqdiri ham noma’lum, ularni ham qarindoshlari qidirishmoqda.

Ulyana Tarasova
Ulyana Tarasova

Muddatli xizmat askari Mark Tarasovning onasi, peterburglik 45 yoshli Ulyana Tarasova Sever.Realii bilan suhbatda o‘g‘li “Moskva” kreyserida xizmatda bo‘lganini tasdiqladi. Uning aytishicha, Mark armiyada xizmat qilish bo‘yicha shartnoma imzolamagan, kreyser cho‘kkani xabar qilingan 15-aprel kuni u messenjerda onasining savollariga javob bermagan. Ulyana o‘g‘li “kreyser halokatga uchraganidan so‘ng bedarak yo‘qolgan”i to‘g‘risida “VKontakte” tarmog‘ida xabar qoldirgan edi. Ammo u bir necha soatdan so‘ng xabarini o‘chirdi va ortiq tahririyat savollariga javob yo‘llamadi.

Mark Tarasovning “Instagram”dagi oxirgi ikki posti 15-dekabrda e’lon qilingan. Birida uning o‘rtoqlari bilan birga matros kiyimida tushgan surati bor, ostiga “Bir yildan so‘ng ko‘rishamiz!” deb yozilgan.

Mark Tarasov (o‘ngdan ikkinchi)
Mark Tarasov (o‘ngdan ikkinchi)

Markning qiz o‘rtog‘i Aleksandra “Sever.Realii”ga u armiyada xizmat qilishga unchalik havasmand bo‘lmaganini, shartnoma asosida qolishni esa mutlaqo xohlamaganini aytdi.

“Shu bir yillik xizmat mobaynida u o‘z kelajagi xususida bir qarorga kelmoqchi edi. Muddatli xizmatdan so‘ng nimalar qilishni rejalagani haqida menga so‘zlab bergan, shundan xulosa qilamanki, Mark shartnoma imzolab, armiyada butkul qolishni aslo istamagan”, deydi qiz.

Markning ikki do‘sti ismlari sir qolishi sharti bilan Tarasov harbiy-dengiz flotida muddatli xizmat qilish uchun 15-dekabrda jo‘naganini va 2022-yilning dekabrida uyga qaytishni rejalaganini aytishdi. U “Moskva” kreyserida xizmat qilganidan ikkovi ham bexabar ekan.

Mark Tarasov Peterburg universitetini tugatgan kunda.
Mark Tarasov Peterburg universitetini tugatgan kunda.

– U bilan qalin o‘rtoq edik, Peterburg aloqa yo‘llari universitetida birga o‘qiganmiz, – deydi Markning do‘sti Artyom. – Yaxshi o‘qigan. Armiyadan qaytgach, ixtisosligi bo‘yicha RJDda (“Rossiya temir yo‘llari”) ishlamoqchi edi. Aspiranturaga kirmadi, chaqiruv yoshida bo‘lgani sababli armiyaga borishga majbur bo‘ldi. O‘tgan yili yozda diplom olgan bo‘lsak, dekabrda u harbiyga jo‘nadi. Kursimizdan armiyaga ketgan yolg‘iz u emasdi, boshqa bolalar ham bor edi. Armiyada xizmat qilishga unchalik hushi yo‘q edi, lekin RJDga ishga kirish uchun harbiy guvohnoma kerak, boshqa chora yo‘q edi unda.

Artyomning so‘zlariga ko‘ra, u Mark o‘sha kreyserda bo‘lganini halokatdan bir necha kun o‘tib, bilgan. Aytishicha, “Instagram”dagi sahifasiga trollardan turli xabarlar kelibdi. Tarasning boshqa do‘stlari ham 18-aprel kuni shaxsiy chatdan: “Salom! Mark Tarasovni taniysanmi? Gap bunday: u baliqlarga yem bo‘lgani Qora dengiz tubiga ravona bo‘ldi. Bilasanmi, nega? Ukrainaning tinch shaharlarini raketadan o‘qqa tutgani uchun. Mana endi jahannamda yonsin!” degan xabar kelganini tasdiqlashdi.

– Ko‘p o‘tmay do‘stlarimdan biri qo‘ng‘iroq qilib, Mark bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilinganini bildirdi. Bungacha men uning qayerda xizmat qilayotganidan bexabar edim. O‘zaro suhbatlarimizdan bilamanki, u mamlakat hukumatini, rejimni yoqlamasdi. Shu bois ham Mark shartnoma bo‘yicha xizmat qilishga rozi bo‘lar edi, deb o‘ylamayman. Lekin nazariy jihatdan qarasak, Putin Ukrainaga urush ochgan paytda u allaqachon kreyserda bo‘lgan bo‘lsa, nima ham qila olardi? Muddatli harbiy xizmatchi, kemani tark etsa, nizomni buzding deb ayblashlari mumkin. To‘g‘ri, harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bo‘yin tovlasangiz tribunalga tushmaysiz, muddatli xizmatdagi askarlarni Rossiyadan tashqariga jo‘natish mumkin emas. Ammo bu qonun-qoidalarni hamma askarlar ham bilavermaydi.

Mark Tarasov va uning Peterburg aloqa yo‘llari universitetidagi guruhdoshlari.
Mark Tarasov va uning Peterburg aloqa yo‘llari universitetidagi guruhdoshlari.

Tarasovning do‘sti o‘zi ham Ukraina bilan bo‘layotgan urushni oqlamasligini, biroq Markning o‘rnida bo‘lganida qanday yo‘l tutishi mumkinligini tasavvur qila olmasligini aytadi.

– Mitinglarga, urushga qarshi piketlarga chiqmayman, bu mavzuda hatto internetda ham hech nima yozmayman. Chunki sudlanish, qamalish xavfi bor. Qo‘rqaman, albatta, qarang – butun norozilik harakatini bostirishdi: boshida minglab odam chiqardi, endi bo‘lsa sanoqli odamlar qolgan.

Dmitriy Shkrebets va uning Moskva kreyserida halok bo‘lgan o‘g‘li Yegor Shkrebets
Dmitriy Shkrebets va uning Moskva kreyserida halok bo‘lgan o‘g‘li Yegor Shkrebets

Halok bo‘lgan yoki bedarak ketganlarning aniq soni hamon noma’lum. “Meduza” nashrining Qora dengiz flotiga aloqador manbasi kreyser ekipajidan 37 kishi o‘lganini va 100 ga yaqini jarohat olganini bildirgan, ammo bedarak yo‘qolganlar sonini ochiqlamagan. Manbaga ko‘ra, halokat vaqtida kemada qariyb 500 kishi bo‘lgan.

20 yoshli kema oshpazi Yegor Shkrebetsning otasi Dmitriy Shkrebets “Moskva” kreyserida xizmat qilgan va taqdiri hech bir ma’lumot berilmayotgan matroslarning ota-onalarini “masxara qilishyapti”, deb hisoblaydi. U fikrining isboti sifatida Bugorskiy diviziyasi komandirining o‘rinbosari bilan yozishmalarini ijtimoiy tarmoqda e’lon qildi.

“Avvalboshda odamlarga “o‘g‘lingiz tirik” deyishadi, ertasiga “bedarak ketgan”ini aytishadi, uchinchi kuni esa o‘lganini ma’lum qilishadi. Shaxsan men bilan ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishdi. Harbiy komissarlikka ariza yozganimizdan so‘ng o‘g‘lim halok bo‘lganini aytishdi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Nega bizni mazax qilishyapti?” deya g‘azablanadi halok bo‘lgan oshpazning otasi.

17-aprel kuni Dmitriy Shkrebets o‘g‘li bedarak yo‘qolgani haqida ijtimoiy tarmoqda post yozib, qolgan umrini “bu voqealarda haqiqatni yuzaga chiqarishga” bag‘ishlayajagini bildirdi. Shundan so‘ng Yalta, Alupka va Peterburgdan uch oila u bilan bog‘landi – ularning o‘g‘illari ham muddatli harbiy xizmatchi bo‘lgan va kreyser halokatidan so‘ng bedarak yo‘qolgan ekan.

“Bugun hammamiz birgalikda mahalliy harbiy komissariatga ariza yozdik, ertaga arizalarimiz Simferopol harbiy komissarligiga yetib boradi. Bizga bolalarimiz qayerdaligini yozma ravishda ma’lum qilishsin, smayllar qo‘shib yozgan SMS-xabarlari kerak emas...”, deydi Dmitriy.

“Moskva” kreyseri Qora dengiz flotining flagman kemasi edi. Unda P-1000 “Vulkan” kompleksining harakat radiusi kamida 700 km bo‘lgan 16 ta kemaga qarshi raketalari, olisga zarba beruvchi S-300 “Fort” havo-hujumidan mudofaa komplekslari va boshqa og‘ir qurollar bor edi.

Ukraina bilan urush davomida kreyser Odessa viloyatidagi Zmeiniy oroliga hujumda ishtirok etgan. Orol himoyachisining “rus harbiy kemasi, idi *****!” degan mashhur gapi aynan “Moskva” kreyseriga qaratilgan edi. Bu gap tezda mashhur bo‘lib ketdi va urush ramzlaridan biriga aylandi.

XS
SM
MD
LG