Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:54

Qirg‘iziston: Parlament saylovi yakunlariga doir besh xulosa


Qirg‘izistonda populist-prezident Sadir Japarov davrida birinchi marta saylov o‘tkazildi. Saylov bir palatali yangi parlamentning 90 nafar a’zosini aniqlab beradi. Avvalgi tarkibda 120 deputat bor edi. Qonunchilik organidagi o‘rinlar soni – Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilib, prezident va hukumatga ancha keng vakolatlar berilishi ma’qullangan umummilliy referendumdan so‘ng kamaytirilgan.

Ozodlik/Ozod Yevropa radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannier saylov yakunlari bo‘yicha xulosalarini bayon qildi.

Hukumatparast partiyalar g‘alabasi

​Saylovda eng ko‘p ovoz to‘plagan uchala partiya ham hukumat izmidagi siyosiy partiyalardir. Bashoratlarga ko‘ra, “Ata-Jurt Kirgizstan” (16.6 foiz), “Ishenim” (13.3 foiz) va “Intimak” (10.59 foiz) partiyalar ro‘yxati bo‘yicha 54 o‘rindan kamida 36 tasini band etdi.

Diniy yo‘nalishdagi “Iymon Nuri” partiyasi 5.2 foiz ovoz jamg‘arib, parlamentga o‘tgan oltinchi va so‘nggi partiya bo‘ldi. Darvoqe, u ham hukumatparast partiya.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov saylov byulleteni bilan. 28 - noyabr 2021 - yil
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov saylov byulleteni bilan. 28 - noyabr 2021 - yil

Bir mandatli okruglarda ham hukumatparast nomzodlarning qo‘li ustun kelayotganini hisobga olganda Japarov hukumati yangi parlament tomonidan to‘liq dastaklanishiga shubha qolmadi.

Muxolifat: Ovozlarimizni o‘g‘irlashdi

Hukumatparast partiyalarning tantanasi manzarasida muxolifat natijalari ancha g‘arib ko‘rinadi. Muxolifatdagi kuchlar orasida saylovda eng ko‘p ovoz to‘plagani partiya “Butun Kirgizistan” partiyasidir (6.6 foiz).

Ilg‘or siyosiy kuch sanaladigan va ko‘plab yosh nomzodlarni ilgari surgan yangi “Alьyans” partiyasi ham o‘zini qator masalalarda muxolifatchi o‘laroq ko‘rsatadi. Ushbu partiya 8.08 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Taniqli muxolifat siyosatchisi Omurbek Tekeboev rahbarlik qiladigan “Ata Meken” partiyasi atigi 3.42 foiz ovoz yig‘di. Partiya saylov natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda.

Saylov natijalarini tan olishni istamagan partiyalar vakillari. Chapdan birinchi Omurbek Tekeboyev
Saylov natijalarini tan olishni istamagan partiyalar vakillari. Chapdan birinchi Omurbek Tekeboyev

“Biz kamida 8-10 foiz ooz olishimiz kerak edi. MSK sayti avvaliga partiyamiz uchun 71 mingga yaqin saylovchi ovoz berganini ko‘rsatdi. Sayt uzib qo‘yilib, qayta yoqilganidan keyin qarasak, 41 ming ovoz qolibdi. Bu bizning nomzodlarga berilgan ovozlar o‘g‘irlanganini bildiradi”, deydi Tekeboyev.

MSK tizimida nosozlik, qalloblikda ayblovlar

“Ata Meken”, “Azattik” partiyalari, Sotsial-demokratik partiya va “Uluttar Birimdigi” dastlabki ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng Bishkekda matbuot anjumani chaqirib, Markaziy saylov komissiyasining ovozlarni sanash avtomatlashtirilgan tizimi 40 daqiqa ishlamay qolganidan keyin e’lon qilingan natijalarni tan olmasliklarini bildirishdi.

“Uluttar Birimdigi” yetakchisi Nurlan Adayev nosozlik chiqqunicha uning partiyasi hisobida 47 074 ta ovoz bo‘lganini, tizim qayta yoqilganidan so‘ng qariyb 17 ming ovoz “yo‘qolib qolgan”ini aytmoqda.

Muxolifat vakillariga ko‘ra, varaqalar sonining qariyb 10 foizi yoki salkam 122 mingtasi bekor qilingani ham ularni ovozlar o‘g‘irlangan, deb o‘ylashiga sabab bo‘ladi.

Muxolifat partiyalari natijalarni bekor qilishni va yangi saylov kunini belgilashni talab qilmoqda.

Saylov kunida ham qoidabuzarliklar sodir etilgani haqida shikoyatlar bor: aytilishicha, siyosiy partiyalar va ayrim nomzodlar o‘zlariga ovoz berish sharti bilan saylovchilarning saylov uchastkalariga borib-kelishi uchun transport xarajatlarini to‘laganlar.

Shuningdek, ba’zi joylarda elektron ovoz berish qurilmalari uzluksiz ishlamagan. Saylovchilardan to‘ldirilgan varaqalarni muammo bartaraf etilgunicha stol ustida qoldirishni so‘raganlar. Ayrim hollarda saylov komissiyalari a’zolari varaqalarni saylov qutisiga o‘zlari tashlashlarini aytishgan.

Juda kam saylovchi qatnashdi

Ushbu parlament saylovi ovoz bergan saylovchilar soni bo‘yicha eng past natija bilan Qirg‘iziston elektoral tarixiga kirdi: uchastkalarga saylovchilarning atigi 32.25 foizi kelgan xolos. Bu 2020 yil oktyabrida o‘tkazilib, alal-oqibat natijalari bekor qilingan oldingi parlament sayloviga qiyosan ham juda kam – o‘sha saylovda 58.89 foiz saylovchi qatnashgan edi.

Qirg‘iziston fuqarolari so‘nggi 14 oyda to‘rtinchi marta umummilliy ovoz berishga chiqqan bo‘lsa, har gal ovoz berganlar soni faqat kamaygani qayd etilgan.

Yangi tizim tufayli yuzaga kelgan chalkashlik

Ilk bor parlament saylovi aralash tizim bo‘yicha o‘tkazildi.

Aprel oyidagi referendumda ijro hokimiyati vakolatlari kuchaytirilgan yangi Konstitutsiya ma’qullangach, parlamentdagi o‘rinlar soni qisqartirilgan edi. Belgilangan 90 deputatdan 54 nafari partiyalar ro‘yxati bo‘yicha va 36 nafari bir mandatli okruglardan saylandi.

Ma’lum qilinishicha, ayrim saylovchilar nafaqat partiyaga, balki uning ro‘yxatidagi aniq bir nomzodiga ham ovoz berish talabini tushunmay, mahalliy saylov komissiyalari a’zolaridan yordam so‘raganlar. Bu ovoz berish maxfiyligi prinsipiga xilofdir.

XS
SM
MD
LG