Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:15

Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda "tartib" o‘rnatmoqchi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati savollariga javob berdi. 2021, 15 - mart.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati savollariga javob berdi. 2021, 15 - mart.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yangi konstitutsiya markaziy hukumat vakolatlarini kuchaytirishi orqali mamlakatda “tartib” o‘rnatilishiga olib kelishini iddao qildi. Ba’zi faollar keyingi oy umumxalq ovoziga qo‘yiladigan konstitutsiya loyihasida prezidentga hokimiyatning barcha butoqlarni boshqarish huquqi berilgani avtoritarizmga olib kelishidan tashvishlanmoqda

O‘tgan yil oktabrida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan xalq g‘alayoni boshlanib ketgan. Noroziliklardan ko‘p o‘tmay prezident Jeenbekov iste’fo bergan. Bu bilan mamlakatda 2005 - yildan beri hokimiyat noroziliklar to‘lqini ortidan uchinchi bor ag‘darilishidir.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi bilan 15 - mart kuni bo‘lib o‘tgan suhbatda Japarov parlament boshqaruvi tizimidan prezident boshqaruvi shakliga o‘tish vaqti kelganini aytdi.

"Bu konstitutsiya mamlakatni taraqqiy etishiga yordam beruvchi konstitutsiya bo‘lishiga ishonaman. Bu konstitutsiya qabul qilinishi natijasida mamlakatda tartib o‘rnatiladi," dedi Japarov 11 - aprel kuni referendumda ma’qullanishi kutilayotgan konstitutsiya haqida.

Bir guruh boshqa siyosatchilar qatorida oktabrdagi g‘alayonlarda qamoqdan ozod etilgan Sadir Japarov ham prezident, ham bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Japarov odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 10 yillik jazo muddatini o‘tayotgan edi. Uning o‘zi bu ayblovni rad etadi.

Noyabr boshlarida Japarov mavjud siyosiy boshqaruv tizimi samara bermaganini aytib, prezident davlat va hukumat boshlig‘iga aylanadigan konstitutsiya loyihasini taqdim etgan.

Yanvarda prezident saylovida u g‘alabaga erishgan. Saylov bilan birga o‘tgan referendumda qirg‘izistonliklar prezident boshqaruvi tizimini ham tanlagan.

Yangi konstitutsiyada prezident vakolatlari kengaytiriladi, ikkichi muddatga saylanishga doir cheklov olib tashlanadi. Shuningdek, prezident huzurida Xalq Qurultoyi deb nomlanuvchi yangi “maslahat beruvchi va muvofiqlashtiruvchi” kengash tuziladi. Konstitutsiyaviy Kengash ham tashkil etilib, parlament deputatlarining soni 120 nafardan 90 nafarga qisqaradi.

O‘tgan hafta qirg‘iz deputatlari konstitutsiyaviy o‘zgarishlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan va yangi konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazishni 11 - aprel kuniga belgilagan.

Jamoatchilik taklif etilayotgan o‘zgartirishlardan maqsad prezidentga mutlaq hokimiyat berishdan iborat deb Japarovning bu tashabbusini qoralamoqda.

Human Rights Watch (HRW) tashkiloti konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar inson huquqlarini ta’minlashni zaiflashtirilishiga, hokimiyat butoqlari o‘rtasidagi muvozanat buzilishiga olib kelishini aytib, loyihani bekor qilishga chaqirmoqda.

“Konstitutsiya loyihasi Qirg‘iziston intilayotgan inson huquqlarining yuqori talablariga mos emas”, deydi 5 - mart kuni tashkilotning tadqiqotchisi Siynat Sultanaliyeva.

Freedom House tashkiloti ham o‘zining navbatdagi hisobotida Qirg‘izistonni ilk marotaba erkin bo‘lmagan davlatlar qatoriga qo‘shdi. Hisobotda aytilishicha, taklif etilayotgan konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar super-prezidentlik tizimiga qaytishga va parlament mavqesini zaiflashtirishga olib keladi. Tashkilot, shuningdek, Konstitutsiyaga kiritilayotgan mavhum “umuminsoniy qadriyatlar” senzuraga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

"Qirg‘iziston to‘liq erkin bo‘lmagan davlatlardan erkin bo‘lmagan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga o‘tgan yilning oktabrida xalq isyoni ortidan hukumat almashgani bilan bog‘liq voqealar, hokimiyatga millatchi kayfiyatidagi siyosatchi kelgani sabab bo‘lgan”, deyiladi tashkilotning 2021 - yildagi hisobotida.

Lekin Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda Japarovning o‘zi bu xavotirlar asossiz ekanligini bildirgan. Uning aytishicha, Qirg‘iziston “demokratik davlat bo‘lib qolaveradi”, jurnalistlar va siyosatchilar ham “avvalgidek” boshqa ta’qib qilinmaydi.

“Biz bugungacha hech kimga tazyiq o‘tkazmadik. Biror jurnalistga tegmadik, avval bunday bo‘lmagan. Eslasangiz, jurnalist Sirgak Abdildayev pichoqlanib ketgan, yana birini oyoq-qo‘lini bog‘lab tomdan tashlab yuborishgan, odamlar qamalgan. Hozir esa bunday narsa yo‘q”, deydi Japarov.

Lekin siyosatchi Jenish Moldokmatov Japarovning bu iddaolarini tasdiqlamaydi. Uning aytishicha, Bishkekda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan namoyish tashkilotchilaridan biri, Tilekmet Kurenov 15 - mart kuni hibsga olingan. Bu xabar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan oktabri oyida qo‘lga olingan “vor v zakone” Qamchibek Ko‘lbayev tergovdan ozod etilishi ham savol tug‘dirmoqda. AQSh Qamchibek Ko‘lbayevni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga kiritgan va uning tutilishiga sabab bo‘ladigan ma’lumot uchun 5 million dollar va’da qilgan.

Japarov Qamchibek Kolbayev “odam o‘ldirmaganini”, Qirg‘iziston o‘z fuqarolarini boshqa davlatlarga ekstraditsiya qilmasligini aytgan.

“Men TIV orqali AQSh elchixonasidan Ko‘lbayevga qarshi hujjatlarni taqdim etishni so‘radim. Ular qo‘lidagi faktlarni, aniq dalillarni berishsa, biz uni mahkamaga tortar edik. Elchixona xodimlari ham qatnashishi mumkin bo‘lardi sud jarayonida. Ko‘lbayev noqonuniy daromad olishda ayblangan edi. U davlat g‘aznasiga biroz mablag‘ o‘tkazdi. Qo‘yib yuborilganidan so‘ng yanada ko‘proq o‘tkazyapti. U hech kimni o‘ldirmagan”, dedi Japarov.

Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston tashqi qarzlarini to‘lash borasida muayyan muvaffaqiyatlarga erishganini aytgan, O‘zbekistonga bahsli hududlarni berib yuborganligi haqidagi iddaolarni rad etgan.

XS
SM
MD
LG