Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:20

Qirg‘iziston prezidentligiga Sadir Japarov saylandi. Kamida ikki nomzod saylov natijasini tan olmadi


Sadir Japarov va uning xotini saylov uchastkasida ovoz bermoqda.
Sadir Japarov va uning xotini saylov uchastkasida ovoz bermoqda.

Qirg‘iziston prezidentligiga 10 - yanvar kuni o‘tkazilgan saylovda millatchi siyosatchi Sadir Japarov g‘alaba qozongani haqida Markaziy saylov komissiyasi ovozlarning deyarli barchasi elektron ravishda sanab bo‘linganidan so‘ng ma’lum qildi.

Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, Sadir Japarov nomzodi uchun kamida 79 foiz saylovchi ovoz bergan.

Qolgan 16 nomzod orasida yana bir millatchi siyosatchi Adaxan Madumarovga 6,7 foiz, Boburjon To‘lboyevga 2,35 foiz ovoz berilgan. Qolgan nomzodlar 1,5 va undan past ovoz olgan. Saylovda saylovchilarning 39 foizi ishtirok etgan.

Dastlabki hisob-kitob asosida saylov g‘olibi deb e’lon qilingan Sadir Japarov matbuot anjumani o‘tkazib, Qirg‘iziston xalqiga so‘z erkinligini himoya qilish va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga va’da berdi.

10 - yanvarda o‘tgan saylovda qirg‘izistonliklar davlat boshqaruv shakli uchun ham ovoz berishdi. Saylovchilar prezidentlik yoki parlament boshqaruvi tizimni tanlashi lozim edi. Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, saylovchilarning deyarli 81 foizi prezidentlik boshqaruvi uchun ovoz berdi.

Sadir Japarov matbuot andumanida bu haqida gapirar ekan:

“Xalq prezidentlik boshqaruvini tanladi. Endi Konstitutsiyaviy kengash yangi Konstitutsiya loyihasini e’lon qiladi. Parlament yangi referendum kunini tayinlaydi. Parlamentga saylov shakli ham o‘zgaradi. Deputatlarning yarmi bir mandatli, yarimi partiyaviy sistema bilan saylanadi. Bu masala iyun oyigacha hal etiladi,deb o‘ylayman”,-dedi Sadir Japarov.

Ayni paytda Qirg‘izistonda prezident-parlament boshqaruvi mavjud. Parlament deputatlari partiyaviy asosda saylanadi.

Sadir Japarovning saylovdagi raqiblari bo‘lgan kamida ikki nomzod saylov natijalariga ishonmasliklarini va uni tan olmasliklarini bildirdi.

Saylovchilarning 6,7 foiz ovozini olgan Adaxan Madumarov saylov natijalarini “reallikdan uzoq”, deb baholadi. Shuningdek, u “adolatni tiklash uchun qonuniy yo‘llar bilan kurashishi”ni bildirdi.

Adaxan Madumarov saylovchilarning 80 foizdan ko‘prog‘i prezidentlik boshqaruvi uchun ovoz bergani haqidagi rasmiy ma’lumotni “ertak”,deb atadi.

“Hozir deputatlarning qo‘li bilan yangi Konstitutsiya qabul qilinadi. Bu Konstitutsiyani bejiz “xonstitutsiya” deb atashmayapti. U qabul qilinsa, aniq xonlik sistemasi o‘rnatiladi. O‘shanda xalq yana qo‘zg‘oladi. Bu kunlar uzoq emas”,-dedi Madumarov.

Prezidentlikka nomzod Kursan Asanov ham ovoz berish natijalarini tan olmasligini aytdi:

“Deyarli barcha viloyatlarda ovozlarni soxtalashtirish bo‘ldi. Men saylov natijalarini tan olmayman. Juda ko‘p qonunbuzarliklar bo‘ldi. Adolat uchun qonuniy asoslarda kurashamiz. Barcha harakatlarimiz qonun doirasida bo‘ladi”,-dedi Kursan Asanov.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Oktabr Urmambetovning bildirishicha, saylovdagi qonunbuzarliklar yuzasidan 112 fakt qayd etildi. Ularning 102tasiga nisbatan tegishli qarorlar chiqarilgan, yetti fakt bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, uch fakt bo‘yicha sudgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjan Shayldabekova saylov natijalari rasman bir oy ichida e’lon qilinishini bildirdi:

“Rasmiy natija ovozlar qo‘l bilan sanalib bo‘lganidan, barcha bahsli masalalar sudda ko‘rib chiqilganidan so‘ng bir oy oralig‘ida e’lon qilinadi”.

Saylov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng bir oy oralig‘ida saylangan prezidentning inauguratsiya marosimi o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG