Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:00

Qirg‘iziston oltinchi prezidenti qasamyodga keltirildi


Sadir Japarov O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga intilishini aytdi
Sadir Japarov O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga intilishini aytdi

28 - yanvar kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qasamyodga keltirildi va rasman o‘z lavozimiga kirishdi.

Millatchi siyosatchi sifatida ko‘riladigan 52 yoshli Japarov saylov jarayonida milliy qadriyatlarga urg‘u berdi va ayni kayfiyatdagi fuqarolar qo‘lloviga ko‘proq ega bo‘ldi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari Japarovning millatchilik chiqishlariga e’tibor qaratib, uni “Qirg‘iz Trampi” deya yozishdi.

Ayni paytda ayrim tahlilchilar prezidentlik bilan birga hukumatni ham boshqarishga intilayotgan Sadir Japarov “qirg‘iz Putini”ga aylanishini bashorat qilmoqdalar.

Qasamyod marosimida Japarov nimalar dedi?

Inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida Qirg‘izistonning oltinchi prezidenti Sadir Japarov tashqi siyosatda asosiy e’tibor Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan hamkorlikka qaratilishin alohida ta’kidladi:

“Bu davlatlar bilan tomirimiz, tariximiz, taqdirimiz bir. Demak, strategik hamkor bo‘lgan bu mamlakatlar bilan munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash tashqi siyosatimizning birinchi galdagi vazifasi bo‘ladi”.

Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston Turkiya va Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga, AQSh va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik qilishga intilishini ta’kidladi.

Nutqi davomida Sadir Japarov Qirg‘izistonni qonun diktaturasi hukmronlik qiladigan, adolat prinsiplari ustuvor bo‘lgan davlatga aylantirishga va’da berdi. Japarov shuningdek, 10 - yanvar kuni prezidentlik saylovi bilan birga o‘tkazilgan referendumda saylovchilarning asosiy qismi Qirg‘izistonda prezidentlik boshqaruvi uchun ovoz berganini eslab o‘tdi:

“Xalq orzu qilayotgan mustahkam tartib-intizomni o‘z harakatlari uchun mas’ul bo‘lgan prezidentlik boshqaruvi tizimigina barpo eta olishini rivojlanayotgan davlatlar tajribasi allaqachon isbotlab berdi. Prezidentlik boshqaruvi inson huquqlarini cheklash, siyosiy partiyalarni jilovlash, xalq vakillaridan iborat bo‘lgan parlament va sud hokimiyatini hukumatga qaram qilib qo‘yish degani emas”.

Sadir Japarov o‘z nutqida prezident sifatida “mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga qaratilgan dasturlar va loyihalarni qattiq nazorat ostiga olinishi”, loyihalarni amalga oshirayotgan hukumat tuzilmalaridan "so‘zsiz ravishda samarali faoliyat olib borish talab qilinishi”ni ham aytib o‘tdi.

Yangi prezident ishni nimadan boshlaydi?

Prezident apparati Japarov xizmatga kirishishi bilan imzolashi rejalangan o‘nga yaqin buyruq tayyor ekanini bildirdi. Apparat rahbari Suyunbek Kasmambetov buyruqlar qaysi sohalarga tegishliligi va nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritmadi.

Prezident matbuot kotibi Galina Bayterek, tayyorlangan hujjatlar “mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan qarorlar”, deyish bilan cheklandi. Shuningdek, ilk buyruqlar orasida prezidentning asosiy tashabbuslari bor ekanini qo‘shimcha qildi.

Oq Uydagi manbalarning bildirishicha, Japarov iqtisod, ijtimoiy tarmoq, gumanitar yo‘nalishlar hamda fuqarolarni sergaklikka chaqiruvchi farmonlarni imzolaydi.

Amaldagi Bosh qonunda prezident vakolatlari cheklangan. Davlat rahbari ko‘p qarorlarni parlament va hukumat bilan kelishishi lozim.

Saylov jarayonlari davomida Sadir Japarov fuqarolarga davlat organlari samaradorligini oshirish, javobgarlikni kuchaytirish, poraxo‘rlikka qarshi kurashni kuchaytirish kabi ko‘plab va’dalarni berdi.

Japarov inauguratsiyaga yaqin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tarafdorlariga murojat qilib, islohotlarni amalga oshirish haqidagi va’dasini takrorladi.

“28 - yanvar kuni qasamyod qilganimdan so‘ng rasman ishga kirishaman, islohotlar boshlanadi. Yangi hukumat tuziladi. Hukumatning yangi tarkibi bo‘ladi. Aprel oyida yangi Konstitutsiya qabul qilinadi. Keyin yangi qonunlar ishlay boshlaydi. Shunday qilib may-iyun oylariga borib siyosiy jarayonlar tamomlanadi”.

10 - yanvar kuni o‘tgan referendumda ovoz berganlarning 80% dan ko‘pi mamlakatda prezidentlik boshqaruv shaklini tanlagan. Buning asosida bosh qonunning yangi tahririni tayyorlayotgan Konstitutsiyaviy kengash prezident huquqlari va ma’suliyatini kengaytirgani ma’lum bo‘ldi.

“Qirg‘iz Trampi” yoki “qirg‘iz Putini”?

Shunday qilib, davlat hokimiyati jilovini to‘lig‘icha qo‘lga olishga kirishgan Sadir Japarov davlatni qanday boshqaradi?

Siyosiy tahlilchi Emilbek Jo‘ro‘yev yangi prezidentning siyosiy yo‘nalishi ilk kadr tayinlovlari, qarorlaridan ma’lum bo‘lishini urg‘uladi:

“O‘n buyruqni imzolashi aytilgani bilan ularning mazmunini bilolmadim. Biroq bungacha aytgan so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda iqtisodiy islohotlarni tezlashtiruvchi guruh tuzish, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi tashabbuslar, lyustratsiya, konstitutsiyaviy islohotlarga bog‘liq tashabbuslar bo‘lishi mumkin. Biroq bu masalalar prezident qarorlari doirasida hal qilinishi tushunarsiz”, - dedi Jo‘ro‘yev.

Japarov saylov jarayonida milliy qadriyatlarga e’tibor qaratib, ko‘proq shu kayfiyatdagi fuqarolar ovozini qo‘lga kiritdi. Ayrim ommaviy axborot vositalari Japarovning millatchilik chiqishlariga e’tibor qaratib, uni “Qirg‘iz Trampi” deya yozishdi.

Qirg‘izistondagi so‘nggi voqealarni kuzatgan Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi direktori, professor Marlen Laryuel 2020 - yilgi voqealar muhokama qilingan yig‘indagi ma’ruzasida, Japarov “Qirg‘iziston Putini” bo‘lishga harakat qilishini bildirdi:

“Oktabrda Qirg‘izistonda inqilob yoki ba’zilar aytganiday, davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Sadir Japarov vaqtincha davlat tepasiga keldi. Uni “Qirg‘iziston Trampi” deb atashgan, biroq u Qirg‘izistonning Putini bo‘lib qoldi. U kuchli lider, qonun ustivorligi va tartibni qo‘lga olgan diktator, millatchi siyosatchi. Bu yerda asosiy jihat – Markaziy Osiyoda halq kuchli yetakchilarni yoqtiradi, shu sababli ko‘p hollarda milliy kayfiyatdagi rahbarlar davlatni samarali boshqaradi, deb umid qilishadi”, - deydi Marlen Laryuel.

Qirg‘izistonda o‘tgan yili 4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovlari natijalariga norozi xalq kuch bilan hukumatni almashtirdi. O‘shanda 10 yillik jazo muddatini o‘tayotgan Sadir Japarov qamoqdan chiqarilib, 19 - oktabrda parlament uni vaqtincha bosh vazir lavozimiga tasdiqladi.

10 - yanvarda o‘tgan saylovlarda Japarov 80% dan ko‘proq ovoz olib, prezident etib saylandi.

O‘sha paytda ovoz berish jarayonini kuzatgan xalqaro kuzatuvchilar Qirg‘izistonda “yaxshi tashkil etilgan” prezident saylovida nomzodlar uchun bir xil shart-sharoit yaratilmaganini tanqid qilganlar. Jumladan, YeXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda YeXHTning Parlament assambleyasi o‘z hisobotida saylov paytida saylov qonunchiligini buzish holatlari kuzatilganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG