Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:15

Qirg‘iziston va Tojikiston otashkesim to‘g‘risida “prinsipial kelishuv”ga erishdi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov chegaradagi nizoda yaralanganlar holidan xabar oldi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov chegaradagi nizoda yaralanganlar holidan xabar oldi.

Qirg‘iziston va Tojikiston 1 - mayda o‘q otishni to‘la to‘xtatish va harbiylarni chegara hududidan olib chiqib ketish to‘g‘risida 4 banddan iborat “prinsipial kelishuv”ga erishgani ma’lum qilindi. Mazkur kelishuv asosida har ikki hukumat vakillaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhlar 2 - maydan boshlab harbiylarning chegaradan olib chiqib ketilishini nazorat qilib boradi.

30 - aprel kuni ham Qirg‘iziston va Tojikiston “chegaraoldi hududdan barcha kuchlar va harbiy texnikani olib chiqib ketish, yo‘llarni ochish va tinch aholining erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish”ga kelishgan edi. Biroq bu kelishim bajarilmay, 30 - aprel va 1 - may kunlari ham ziddiyat davom etgan.

28, 29, 30 - aprel va 1 - may kunlari davom etgan chegara nizosida Qirg‘iziston tomonidan rasman 34 kishi halok bo‘lgani, 163 kishi jarohatlangani, 20 mingdan ortiq odam uy-joyini tashlab qochishga majbur bo‘lgani ma’lum qilindi. Halok bo‘lganlardan biri 13 yoshli qizaloqdir.

Nizo oqibatida Qirg‘izistonning Botken viloyatining Botken va Laylak tumanlaridagi o‘nlab qishloqlar zarar ko‘rdi, o‘nlab uylar va tadbirkorlik obyektlari yonib ketdi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati esa o‘z manbalariga tayangan holda Tojikiston tomonida kamida 15 kishi halok bo‘lgani, 90 kishi yaralanganini bildirdi. Tojikiston hukumati hozircha halok bo‘lganlar va tortilgan zarar to‘g‘risida ma’lumot bermayapti.

Qirg‘izistonda 1-2 - may Milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Otashkesim to‘g‘risidagi ikkinchi kelishuv

Bishkek va Dushanbe 1 - mayda o‘q otishni to‘la to‘xtatish va harbiylarni chegara hududidan olib chiqib ketish to‘g‘risida 4 banddan iborat “prinsipial kelishuv”ga erishgani to‘g‘risida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov Botkenda o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildilar.

“Chegara hududida bo‘lgan fojia hech qachon takrorlanmasligi kerak. Bu hududda xalqlarimiz azaldan tinch-totuv yashab kelgan. Biz siyosatchilar ikki xalq tinch-totuv yashashi uchun barcha muammolarni bartaraf etishimiz lozim. Bugun qirg‘iz-tojik zaminida tinchlikni va barqarorlikni o‘rnatish uchun prinsipial kelishuvga erishdik”,-dedi Saymo‘min Yatimov.

Qamchibek Tashiyev esa erishilgan kelishuv to‘rt banddan iborat ekanini ta’kidladi:

“Bugun chegarani delimitatsiya va demarkatsiyalash bo‘yicha hukumat komissiyasi tarkibida uchrashib, ikki davlat manfaatlariga zid kelmaydigan 4 banddan iborat protokolni qabul qildik. Yuzaga kelgan vaziyatda uchrashish juda og‘ir bo‘ldi, biroq davlat rahbarlari topshirig‘iga asosan biz bu tadbirni o‘tkazdik. Natijada o‘q otishni to‘la to‘xtatish va askarlarni avvalgi o‘rniga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Bugundan boshlab bizning va qo‘shnilarimizning harakatlari natijasida to‘liq tinchlik o‘rnatilishiga ishonaman. Protokolda belgilangan majburiyatlar bajarilishiga umid qilamiz”.

Uchrashuvdan so‘ng, 1 - may kuni Tojikiston harbiylari to‘sib qo‘ygan O‘sh-Botken-Isfana avtoyo‘li qayta ochildi. Kelishuv ortidan 1 - may kuni tushdan keyin o‘q ovozlari ham eshitilmay qolgani aytilmoqda.

Қирғиз-тожик чегарасидаги зиддият: Икки томон ўт очишни тўхтатишга келишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:04 0:00

Imzolangan protokolda tomonlarning majburiyatlari

Tashiyev ham, Yatimov ham protokol bandlari to‘g‘risida batafsiroq ma’lumot bermadi. Biroq 1 - may kuni Tojikiston va Qirg‘iziston Mudofaa vazirliklari vakillarining ham uchrashuvi bo‘lib o‘tgani, unda chegaradagi vaziyatni nazorat qilish uchun ikki tomonlama ishchi guruhi tashkil etishga kelishilgani va 4 banddan iborat protokol qabul qilingani rasman bildirildi.

Protokolda qayd etilishicha 1 maydan boshlab:

1. Qirg‘iziston vaqti bilan soat 15:00dan (Tojikiston vaqti bilan soat 14:00dan) boshlab harbiylar qirg‘iz-tojik davlat chegarasining barcha uchastkalarida otashkesim rejimi kuchga kirishi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Harbiylar doimiy dislokatsiya hududiga olib chiqib ketiladi.

2. Harbiylar (qurol-aslaha va harbiy texnika)ni doimiy joylashgan hududiga olib chiqib ketilishini nazorat qilish uchun har ikki tomondan uch kishidan iborat ishchi komissiya tashkil etiladi.

3. Olingan ma’lumotlarni (yolg‘on ma’lumotlarni) tekshirish uchun har ikki tomonda uch kishidan iborat tekshiruv guruhi tashkil etiladi, ma’lumot tasdiqlansa, qurol-aslaha va harbiy texnikani olib chiqib ketish jarayoni nazorat guruhi tomonidan doimiy dimlokatsiya manziligacha kuzatib boriladi.

4. Qo‘shma ishchi guruh faoliyati 2021 - yilning 2 - mayidan Qirg‘iziston vaqti bilan soat 8:00da (Tojikiston vaqti bilan soat 7:00da) boshlanadi.

Tojikiston garovga olingan qirg‘izistonliklarni ozod qildi

Ayni paytda Tojikiston chegaradagi nizo ortidan garovga olgan 10 nafar qirg‘izistonlikni 1 - may kuni vataniga qaytardi. Botken viloyat hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, ular 29 - aprel kuni Laylak tumani Internatsional qishlog‘ida garovga olingan edi. Garovga olinganlar orasida qishloq raisi Mirzabek Jumabayev ham bor.

“Garovga olinganlar Botken viloyati rahbari O‘murbek Suvanaliyev va So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda o‘tkazgan muzokaralar ortidan ozod qilindi”,-deyiladi xabarda.

2 - may kuni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Aliza So‘lto‘nbekova garovdan bo‘shatilganlar 1 - may kuni Laylak tuman shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani va ulardan 5 nafari kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilganlarning ahvoli barqaror.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘imitasining Chegara xizmati 2 - may soat 9:30 holatiga ko‘ra, chegarada vaziyat barqarorlashgani haqida ma’lum qildi.

Rasman bildirilishicha, 2 - mayga o‘tar kechasi o‘q otilmadi. Shuningdek, chegara hududidan harbiylar, qurol va harbiy texnikani olib chiqib ketish ishlari boshlandi.

XS
SM
MD
LG