Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:09

Qirg‘izistonda elektr quvvati tariflari oshdi. Hukumat buni sohadagi “og‘ir ahvol” bilan izohlamoqda


15 - oktabrdan Qirg‘izistonda elektr va issiqlik energiyasi uchun yangi tariflar kuchga kirdi. Biroq narxlar oshishi hamma uchun emas.

Aholi uchun tariflar o‘zgarishsiz qoldi – 700 kVt/soatgacha 77 tiyindan, ammo ushbu limitdan oshib ketganda har bir kVt/s uchun 2 som 16 tiyindan undiriladi. Korxona va shirkatlar uchun esa 1.68 somdan 5.04 somgacha narxlar belgilangan.

Qirg‘iziston hukumati tariflar oshishini asbob-uskunalar eskirib qolgani va energetika tarmog‘i faoliyatini yaxshilamoqchi ekani bilan izohlamoqda. Rasmiylar tashkilot va korxonalar uchun belgilangan elektr quvvatining yangi tariflari yil oxiriga qadar byudjetga qo‘shimcha 476 mln som pul tushirishiga ishonmoqda.

“Narxlarni oshirmasak – tarmoqni boy beramiz”

Energetika va sanoat vaziri Do‘squl Bekmurzayev Ozodlikning qirg‘iz xizmati bilan intervyuda energetika tarmog‘ini tubdan yangilash va isloh qilish zarurligini aytdi:

Energetika va sanoat vaziri Do‘squl Bekmurzayev
Energetika va sanoat vaziri Do‘squl Bekmurzayev

“Biz foyda olmayapmiz. Faqat zararga ishlayapmiz. Hozirda 15 mlrd kVt/soatga yaqin elektr quvvati ishlab chiqariladi. 6-7 yil muqaddam 12 mlrd kVt/s iste’mol qilinar edi, hozir 20 mlrd.dan ziyod energiya kerak bo‘lyapti. Shu bois cheklovlar joriy etishga majburmiz. Har kuni limitdan o‘rtacha 3 mln kVt/s ortiq yoqilmoqda”.

Do‘squl Bekmurzayev urg‘ulashicha, tariflar oshirilgani ortidan keladigan mablag‘lar tarmoqning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga va xodimlar maoshini ko‘tarishga sarflanadi.

Qirg‘iziston energetika tarmog‘i islohot va yangilashga muhtoj. Vazirlar mahkamasi raisi Aqilbek Japarov ham asbob-uskunalarning 80 foizi eskirib ketganini tasdiqlaydi. Xususan, Bishkek IESda bu ko‘rsatkich 60 foizni tashkil qiladi.

Shu bois ayrim ekspertlar tarmoqni saqlab qolish, rivojlantirish va yangilash uchun narxlarni oshirish – hozirgi zamon talabi, deya ishonadilar. Jumladan, ekspert Jonibek Omorovga ko‘ra, soha to‘liq yangilanishi lozim:

Jonibek Omorovga
Jonibek Omorovga

“Tarmoq juda eskirdi, elektr ta’minoti avariya natijasida uzilib qolishi hollari ko‘paymoqda. Hukumat elektr quvvatini tejashga chaqirishga majbur. Demakki, agar tarmoqni asrab qolishni va rivojlantirishni xohlasak, narxlarni oshirishdan bo‘lak chora yo‘q.

Narxlarni tartibga soluvchi mustaqil organ hukumatdan, hokimiyat idoralaridan yoki saylovlardan mustaqil ravishda tariflarni oshirib borishi va tushadigan barcha mablag‘larni sohani yaxshilashga yo‘naltirmog‘i kerak. Hukumat energetikaga tegishli pullarga tegmasligi lozim, bir chaqasiga ham.

Aynan aholining hukumatga ishonchsizligi tariflar oshishiga nisbatan norozilik kayfiyatini tug‘dirmoqda. Ammo “narxlar ko‘tarilsa, xalq ham ko‘tariladi”, deb qo‘rqib, qo‘l qovushtirib o‘tirsak, energetika tarmog‘ini batamom yo‘qotamiz. Hozirda atigi 10-15 foiz fuqaro elektr quvvatini tejab ishlatadi. Ularga alohida subsidiyalar ajratish orqali yengillik berish mumkin, masalaning yechimi bor”.

Narxlar ko‘tarilishi ortidan mahsulotlar qimmatlashdi

“Azik-grand” korxonasi O‘shdagi savdo shoxobchalarini non bilan ta’minlaydi. Nonni an’anaviy usulda, xamirturush qo‘shib pishiradilar. Novvoyxona nonni donasini 19 somdan sotardi, so‘nggi bir necha kundan beri narx 1 somga oshgan. Korxona rahbari Sapargul Berdaliyeva Ozodlikka bunga elektr energiyasi bahosi oshganini sabab qilib ko‘rsatdi:

“O‘shdagi “Oq niyat” shoxobchasi bugun bizdan non sotib olishdan bosh tortdi. Narxni 1 somga ko‘targanimiz uchun. “Sizlardan 20 somdan olsak, odamlarga necha puldan sotamiz?” deyishdi. Bunaqa holatlar alal-oqibat buyurtmalar va ish o‘rinlari kamayishiga olib keladi. Biz tariflar oshishiga qarshi emasmiz, lekin elektr quvvatini shartnomada ko‘rsatilgani kabi uzluksiz etkazib berishsin axir. Ishlab chiqarish to‘xtab qolaversa, xonavayron bo‘lamiz-ku. Kecha, masalan, kun bo‘yi elektr bo‘lmadi. Tayyorlab qo‘yilgan xamir achib, non yopishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Yo‘q joydan zarar ko‘rdik”.

  • 15 - oktabrdan boshlab 1 kVt/s elektr quvvati narxi elektromobillar, maktab-internatlar, qariyalar uylari, ijtimoiy muassasalar, diniy tashkilotlar uchun 1 som 68 tiyinni tashkil qildi.
  • Tijorat, byudjet, sanoat, qishloq xo‘jaligi muassasalari va korxonalar 1 kVt/s uchun 2 som 52 tiyindan to‘laydi.
  • Metall buyumlar ishlab chiqarish korxonalaridan 1 kVt/s uchun 3 som 78 tiyindan, sement zavodlaridan esa 3 som 28 tiyin undiriladi.
  • Aroq-sharob, tog‘-kon korxonalari uchun tarif 1 kVt/soatga 5 som 4 tiyin qilib belgilandi.
  • Maishiy iste’molchilar 1 kilovatt elektr energiyasiga 700 kVt/soatgacha 77 tiyindan, limitdan oshib ketganda esa 2 som 16 tiyindan to‘lashadi.
  • Sharoiti og‘ir tog‘li hududlarda istiqomat qiladiganlar uchun iste’mol hajmidan qat’iy nazar 77 tiyinlik tarif joriy etildi.

Mahsulot ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti Qaripbek Alimqulov hukumat tariflarni bir xilda ko‘tarishi kerak edi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, 700 kVt/soatgacha 77 tiyin degan limitni bekor qilib, 1 som 4 tiyinlik umumiy tarif joriy qilingani ma’qul edi.

“Tariflarni faqat biznes ahli uchun emas, barchaga oshirish kerak edi. 77 tiyinlik narx ko‘p yillardan beri saqlanib turibdi. 1 som 4 tiyinlik tarifni tasdiqlash lozim edi, bu anchadan buyon taklif qilinadi. Kambag‘allik darajasidan past sharoitda yashayotgan 130 ming oilaga subsidiya to‘lash mumkin edi.

Shuningdek, hukumat tog‘li hududlar aholisi uchun avval belgilangan 77 tiyin narxga tegmagani ham to‘g‘ri ish emas. Ularga ham tarifni 1 som 4 tiyin qilish kerak edi, hamma qatori. Chunki faqat korxonalar uchun narxlar oshgani kichik tuzilmalarga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Bizda 5 somdan to‘lashga qurbi yetadigan tog‘-kon, mayning va boshqa shirkatlar ko‘p emas. Ular to‘laydigani uncha katta summa bo‘lmaydi”, deya izoh bergan mutaxassis.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli hajmi yiliga 4-6 foizga o‘smoqda. Bugungi kunda mamlakatda elektr quvvati yetishmovchiligi 6 mlrd kilovatt/soatni tashkil qiladi.

Ushbu defitsitni to‘ldirish maqsadida Qirg‘iziston qo‘shni mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistondan qo‘shimcha elektr energiyasi xarid qilishga majbur bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG