Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:08

Qirg‘izistonda jurnalist Bolot Temirov ovozini o‘chirishga qaratilgan kampaniyaga nazar


Jurnalist Aqtilek Qaparov qahva ichish niyatida ishxonasi joylashgan binodan endigina chiqqanida g‘alati holatni kuzatgan.

“Niqob taqib olgan va fuqaro kiyimidagi shubhali odamlar hamda ikki politsiyachi yurgandi. Besh daqiqadan so‘ng besh-oltita niqobli harbiy aslaha-anjomli yigit chiqdi”, - dedi u oq furgonni ko‘rsatib.

“Yana bir yigit it yetaklab chiqdi. Ularning barchasi bu yerga qarab yurishdi”.

Bu Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda giyohvand moddalarga qarshi kurash politsiyasi shanbaga o‘tar kechasi o‘tkazgan dramatik reydning boshlanishi edi. 22 - yanvar kuni o‘tkazilgan reydning nishoni yuqori darajadagi korrupsiyani fosh qilishga qaratilgan Temirov LIVE nashri bo‘ldi. Nashr reyd boshlanishidan oldin navbatdagi jurnalistik surishtiruv natijasini e’lon qilgan edi.

Politsiya nashr ofisiga bostirib kirib, u yerdagi xodimlarni yerga yotishga majburlagan. Ikki zobit bosh muharrir Bolot Temirovning ustiga o‘tirgan. Keyin uni turg‘azib, cho‘ntaklarini bo‘shatishni buyurishgan. Uning cho‘ntagidan kichik sellofan paket chiqqan. Paketda marixuana borligini iddao qilgan zobitlar ishxonadagi kompyuterlarni musodara qilib, jurnalistni o‘zlari bilan olib ketishgan.

Temirovni ofisidan zo‘rlik bilan olib chiqib ketishar ekan, jurnalist “Cho‘ntagimga solib qo‘yishdi!”, - deb hayqirgan. Uning hamkasblari ham paketni Bolotning cho‘ntagiga solib qo‘yishganiga amin ekanliklarini aytishmoqda. Temirov analiz topshirganda uning qonida giyohvand modda izlari topilmagan.

Ozodlik radiosi, Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) hamda Kloop qirg‘iz axborot sayti tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, reyd yo‘q joydan paydo bo‘lmagan. Reyd Temirov va uning jamoasiga qaratilgan bir necha oylik kuzatuv va tazyiqlarning intihosi bo‘lgan.

Temirovning so‘zlariga ko‘ra, kuzda hamkasblari bilan ishxonalari oldida shubhali mashinalar paydo bo‘lganini payqashgan. Dekabr oyida esa Temirov ijaraga olgan kvartirada yashirin kamera va mikrofon topilgan.

Eng achinarlisi, rasmiylar Temirovning ishchilaridan birini tuzoqqa ilintirish rejasini ishlab chiqqan ko‘rinadi.

Yosh ayol ishchi sport zalida bir yigit bilan tanishgan. So‘ngra yigit unga dam olish uchun ko‘l bo‘yiga borishni taklif qilgan. Huquq-tartibot organlaridagi manbaga ko‘ra, bu shaxs Qirg‘iziston maxsus xizmati bo‘lmish Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) agenti bo‘lgan. Ikkisi o‘rtasida qisqa vaqt davom etgan ishqiy munosabat davomida ayolni noutbugidan ma’lumot o‘g‘irlangan va u yigit bilan jinsiy aloqa qilayotgani yashirin tarzda yozib olingan. Shuningdek, o‘zini MXDQ agentlari o‘laroq tanishtirgan bir guruh erkak undan Temirovning bo‘lajak surishtiruvlari haqida ma’lumot berib borishni talab qilgan. Agar ayol bu talabni bajarmasa, uning hayotini barbod qilishlarini hamda ota-onasini badnom qilishlarini aytib, tahdid qilishgan.

Temirov LIVE ofisiga reyd qilinishdan bir necha kun oldin e’lon qilingan surishtiruvlarning birida MXDQning qudratli rahbari Qamchibek Tashiyevning oila a’zolari davlat neft kompaniyasi bilan bog‘liq korrupsion bitimlardan foyda ko‘rgani iddao qilingan edi.

Rasmiylar tezkorlik bilan javob qaytardi. Ular Temirovning hibsga olish bilan cheklanmadilar. Keyingi hafta davomida Facebook platformasida anonim foydalanuvchilar Temirov jinoyatchilikda va xoinlikda ayblangan bir nechta videoni ulashdi. Videolarda Temirovni chet el manfaatlarini himoya qiluvchi agent o‘laroq ko‘rsatish maqsadida homiylar hisobotlari, shartnomalar va boshqa hujjatlar taqdim etildi. Bu hujjatlar Temirov LIVE ofisidan tortib olingan kompyuterlardan olinganini xulosa qilish mumkin.

Videolarning birida agentlar yuqorida tilga olingan tahdidni ishga solishdi: Temirov qo‘lida ishlagan yosh ayol xodimining intim videolari e’lon qilindi. Videoda Temirovning jamoasi yosh xodimni fohishalik yo‘li bilan chet ellik donorlardan mablag‘ to‘plashga chorlab, bosim o‘tkazgani iddao qilindi.

“Bu narsa ular bizning surishtiruvlarimizdan qo‘rqishayotganini anglatadi”, - dedi Temirov rasmiylarning bu choralari haqida.

“Boshida ular javob bermay, o‘zlarini tushuntirishga harakat qilishdi. Ammo ko‘proq surishtiruv o‘tkaza boshlar ekanmiz, biz uchun hammasi qiyinlashib bordi”.

“Ular o‘z yo‘llariga to‘sqinlik qilgan narsadan xalos bo‘lishning mana shunaqa yo‘lini tanladilar”, - dedi u.

Bolot Temirov
Bolot Temirov

Temirov Qirg‘izistondagi yetakchi mustaqil jurnalistlaridan biri ekanini inobatga olsak, rasmiylarning uni va uning tashkilotini yo‘q qilishga qaratilgan harakatlari mamlakatda matbuot erkinligiga halokatli zarba bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Inson huquqlari guruhlari prezident Sadir Japarov 2020 - yilning oktabrida hokimiyatga kelganidan beri Qirg‘izistonda so‘z erkinligi muhiti yomonlashgani haqida ogohlantirmoqda. (MXDQ rahbari Tashiyev prezidentni o‘zining “aziz do‘sti” deb ta’riflab, “bizni faqat Alloh ajrata oladi”, degan.)

“Sodir bo‘layotgan barcha hodisalar hukmron rasmiylar hech bir javobgarliksiz ish tuta olishiga ishonishini hamda bosar-tusarini bilmay qolganini ko‘rsatadi”, - dedi qirg‘izistonlik siyosiy sharhlovchi Azim Azimov.

“[Ular] mamlakatimizda so‘z erkinligiga tajovuz qilib, mustaqil jurnalistlar, ayniqsa, surishtiruv jurnalistlari faoliyatini cheklashga urinyaptilar”.

***

Qamchibek Tashiyevning yuksalishi

2020 - yilda namoyishchilar Qirg‘iziston Oq uyiga bostirib kirib, hukumatni ag‘dargani misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lmadi. Qirg‘iziston bundan oldin ikki marta prezident hokimiyatdan chetlatgan edi.

Ammo bu safar inqilob hokimiyatga siyosiy autsayder Sadir Japarovni olib keldi. Japarov, o‘z navbatida, o‘zining eski do‘sti va siyosiy ittifoqchisi Qamchibek Tashiyevni Qirg‘izistonning qudratli xavfsizlik agentligi – MXDQ rahbari etib tayinladi.

Qirg‘iziston janubidagi Jalolobod viloyatida tug‘ilgan Tashiev ilk bor 2005 - yilda parlamentga saylangan va qisqa muddat favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlagan.

2010 - yilda ommaviy noroziliklar ortidan prezident Qurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan ag‘darildi, mamlakat janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida tartibsizliklar sodir bo‘ldi. Tashiyev bu davrda Qirg‘izistondagi millatchi siyosiy ovozlardan biri sifatida tanildi. O‘sha yili u parlamentga saylandi. 2011 - yilda u prezidentlikka nomzodini qo‘ydi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Ammo keyingi yil sodir bo‘lgan hodisalar Qirg‘izistonning siyosiy kelajagi uchun yanada muhim bo‘ldi.

2012 - yilning 3 - oktabrida Qirg‘izistondagi munozarali oltin konini milliylashtirishga chorlab o‘tkazilgan norozilik namoyishi chog‘ida Tashiyev, o‘sha paytda deputat o‘laroq faoliyat yuritayotgan Japarov hamda parlament spikeri o‘rinbosari Talant Mamitov hukumatni ag‘darish uchun Oq uy devoridan oshib o‘tishga urinishdi. Ularni politsiya hibsga oldi va uchovlon pirovardida hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinishda ayblandi. Ammo belgilangan muddatda uchalasi ham qo‘yib yuborildi.

Uchovlonni sud aybdor deb topgani uchun barchasi deputatlik mandatidan mahrum bo‘ldi. Keyinchalik Tashiyev oqlandi, biroq 2015 - yilda Markaziy saylov komissiyasi baribir unga deputatlikka nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qildi.

Bu orada Japarov navbatdagi norozilik namoyishi chog‘ida viloyat hokimini o‘g‘irlash urinishini uyushtirganlikda ayblandi va 2013 - yilda Qirg‘izistondan qochib ketdi. 2017 - yilda mamlakatga qaytib kelgach, qamoqqa olindi.

2020 - yilgi inqilob davomida namoyishchilar Japarovni ozod qilishdi. U prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lib etishdi va keyinchalik bu lavozimga rasman saylandi. Japarov Tashiyev haqida unutmadi va do‘stini xavfsizlik xizmati boshlig‘i etib tayinladi.

***

Temirov mamlakatni tark etmaslik ko‘rsatmasi bilan qo‘yib yuborildi, biroq unga giyohvand modda bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar bekor qilingani yo‘q. MXDQ va Ichki ishlar vazirligi Ozodlikning izoh so‘rab yuborgan maktublariga javob bermadi. O‘tgan hafta MXDQ na Temirovga qarshi reydga, na e’lon qilingan videolarga aloqasi yo‘qligini iddao qildi.

“Banditlar usullari”

Temirov bosim va hatto zo‘ravonlikka birinchi marta yo‘liqayotgani yo‘q.

U 2019 - yil oxirida, ya’ni Factcheck.kg nashriga rahbarlik qilayotgan paytida qudratli sobiq bojxona xodimining boyligi fosh qilingan surishtiruv natijalarini e’lon qildi. Buning ortidan Temirovga yangi surishtiruv natijalarini e’lon qilmaslik evaziga pul taklif qilishgan. Bundan tashqari, Temirov trollar tuhmatlariga uchragan, sayti esa DDOS hujumiga yo‘liqqan.

2020 - yil yanvar oyida uch shaxs uni vahshiylarcha kaltakladi. Temirov ularni sobiq bojxona xodimi yuborganiga ishonadi.

Bolot Temirov kaltaklanganidan keyin olingan surat.
Bolot Temirov kaltaklanganidan keyin olingan surat.

Ammo bu voqea uni o‘z ishini to‘xtatishga emas, balki davom ettirishi kerakligiga ishontirdi.

“Ular menga hujum qilganda shunday bo‘ldi. Aynan mana shu burilish nuqtasida men bu yo‘lni boshlashga hamda surishtiruv qilishda davom etishga to‘liq qaror qildim”, - dedi u.

Aynan o‘shanda u o‘zining yangi Temirov LIVE nashrini ochgan. O‘sha yili yozga qadar nashr birinchi surishtiruvi natijalarini e’lon qildi etdi. Temirov LIVE hozirlagan materiallarni rus muxolifati etakchisi Aleksey Navalniyning topqirlik bilan taqdim etiladigan, mavzu yaxshi tushuntiriladigan onlayn videolariga qiyoslash mumkin.

Temirov nozik mavzulardan qochmadi. 2021 - yil bahorida Temirov ichki ishlar vazirligi rahbarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chaga chiqqan “namoyishchilarning” aksari aslida vazirlik xodimlari ekani haqida material hozirladi. Buning ortidan uning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini buzish urinishlar kuzatildi.

Keyin esa muayyan vaqt davomida tinchlik hukm surdi.

Temirovning so‘zlariga ko‘ra, oktabr oyidan boshlab o‘zi ham, xodimlari ham ofislari oldida shubhali mashinalar paydo bo‘la boshlaganini payqashgan.

Ammo bundan ham tashvishli kunlar hali oldinda edi.

Dekabr oyida Temirov chet elda yurar ekan, qaynog‘asi Temirov ijaraga olgan xonadonda notanish qurilmalarni topib oldi. Ular orasida raqamli videoregistrator, Wi-Fi router, buyurtma asosida ishlab chiqarilgan elektr ta’minoti bloki, mikrofon va bir nechta sim bor edi.

Temirovning qaynog‘asi, shuningdek, kichkina teshikdan yashash xonasini tasvirga tushirayotgan videokamerani topib oldi.

Qurilmada saqlangan fayllar u bir bir necha hafta oldin o‘rnatilganidan dalolat beradi. Bu fayllar bilan jurnalistlar ham tanishib chiqdi. Qurilma bulutli serverga ham ulangan bo‘lgan. Ya’ni, video kadrlar jonli tarzda kuzatib borilgan bo‘lishi mumkin.

Temirovning aytishicha, uning kvartirasida yozib olingan audioyozuvlar keyinchalik internetda paydo bo‘lgan tashviqot videolarining birida ishlatilgan.

Videoda dramatik musiqa sadosi ostida ismi oshkor etilmagan hikoyachi vahimali, kompyuterda o‘zgartirilgan ovoz bilan Temirovni Qirg‘izistonga ta’sir o‘tkazishga bel bog‘lagan G‘arb va Rossiya agentlaridan pul olganlikda ayblaydi. Videodagi lavhalarning birida Temirovning OCCRP xodimi bilan kamera uskunalarini sotib olish masalasini muhokama qilayotgani, boshqa bir lavhada esa rafiqasi bilan janjallashayotgani aks etgan.

Temirovning so‘zlariga ko‘ra, videoda uning ishxonasida yozib olingan audioyozuvlar ham bor.

“Hokimiyatdagilar banditlar usullaridan foydalanishyapti, barcha axloqiy va davlat qonunlarini buzishyapti”, - dedi u.

“Bu odamlar qonuniylik tushunchasi bilan mutlaqo tanish emas. Insoniylikdan ham yiroq, degan bo‘lardim”.

Temirovning xodimlaridan biri boshidan kechirgan sinov Temirovning hukumatdagi dushmanlari nimalarga qo‘l urishga tayyor ekanligini ko‘rsatadi.

“Ota-onang-chi?”

Aygul Temirov LIVE nashrida jurnalist emas, balki loyiha rahbari sifatida ishlagan. Uning kundalik ishi xalqaro grantlar bilan ishlash va donorlar bilan muloqot qilishdan iborat bo‘lgan.

Ammo bir necha hafta oldin sodir bo‘lgan tasodifiy uchrashuv uning hayotini dahshatli tushga aylantirgan.

Aygul — Ozodlik radiosi, OCCRP va Kloop uning shaxsiy hayotini himoya qilish uchun foydalanishga kelishib olgan taxallus. Aygul jurnalistlarga o‘z hikoyasini uzoq intervyu davomida so‘zlab berdi. U asosiy gaplarini imkon qadar chat qaydlari, skrinshotlar va kompyuter qaydlari orqali tasdiqladi.

Barchasi dekabr oyida boshlangan. Bishkekdagi sport zalida uning oldiga bir yigit kelib, mashq toshlarini o‘rnatishga ko‘maklashgan va so‘ngra uni bir yig‘ilishga olib borib qo‘ygan. Ular uchrasha boshlashgan va ko‘p o‘tmay yigit uni dam olish kunlarida Issiqko‘l bo‘yiga dam olishga borishni taklif qilgan.

“Kvartirani ijaraga oldi, hammasini o‘zi tashkil qildi”, - dedi Aygul.

U o‘sha kechasi kvartirada ularning jinsiy aloqasi turli burchakdan yozib olinganini boshida bilmagan.

Ammo ko‘p o‘tmay shubhalana boshlagan. Ertasi kuni ertalab nonushta hozirlayotganida yigit undan video ko‘rishni xohlayotganini aytib, noutbugining parolini so‘ragan. Aygul parolni o‘zi yozgan, lekin keyinroq yigit undan yana parolini yozishni so‘ragan.

“Men parolni yozayotganimda telefonini qo‘lga oldi”, - dedi u.

“Men u meni yozib olyapti, deb o‘yladim va nariroqqa ketdim”.

Juftlik tushdan keyin issiq buloqda vaqt o‘tkazgan. Temirov LIVE nashri yollagan xavfsizlik bo‘yicha maslahatchining xulosa qilishicha, ikkisi kvartiradan chiqib ketganidan keyin, kimdir kvartiraga kirib, Aygulning noutbugini buzib ochgan. Maslahatchining xulosalari bilan OCCRP ham tanishib chiqdi.

“Parolni taxminan 30 marta kiritishgan va pirovardida ochishga muvaffaq bo‘lishgan”, - dedi Aygul.

Keyinroq Aygul kompyuteridagi brauzer tarixini ochib ko‘rib, buzg‘unchilar Windows operatsion tizimining antivirus dasturi hisoblanuvchi Windows Defenderni o‘chirib qo‘yish yo‘llarini izlaganini va josuslik dasturini o‘rnatganini aniqlagan. Ammo u bu haqida ertasi kuni ertalab, xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi qo‘ng‘iroq qilganidan keyin xabar topgan.

Aygulning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bilan suhbatini qisman eshitib qolgan yigit sarosimaga tushgan va undan kimga ishlashi haqida so‘ray boshlagan, cho‘ntagidan 10 000 so‘m (118 AQSh dollari) yo‘qolganini iddao qilgan. So‘ngra tezda Aygul bilan Bishkekka qaytgan.

“Bundan keyin, albatta, u mening barcha shubhalarim markazida bo‘ldi”, - dedi Aygul.

“Chunki avvalgi kuni ertalab u telefonini qo‘lga olgani g‘alati tuyulgandi”.

Aygul bu shaxs hukumat agenti bo‘lishi mumkin, deb o‘lay boshlagan, lekin bunga ishonchi komil bo‘lmagan.

“Men uni [Bishkekka ketayotganimizda] gapga soldim, chunki men u ular bilan ekanligini yoki yo‘qligini aniqlashim kerak edi”, - dedi Aygul.

Bir necha hafta o‘tgach, yigit Aygulni ijaraga olingan dala uyiga taklif qilgan. Ammo bir necha soat ichida o‘sha kecha dahshatga aylangan. Kechki ovqatdan keyin Aygul hojatxonadan chiqib, yigitni uch nafar niqobli erkak so‘roq qilayotganini ko‘rgan. Ular o‘zlarini MXDQ agentlari deb tanishtirgan.

Ammo tez orada ular Aygulning ketidan kelgani ma’lum bo‘lgan.

Ular gapni Aygulning ota-onasi suratini ko‘rsatishdan boshlashgan.

“Mana, yaxshi, obro‘li odam, davlat ishchisi”, - degan ularning biri Aygulning otasi haqida.

“Sen shunday namunali ota-onaning qizisan, [sening ish haqing uchun] pul qayerdan kelishini bilasanmi?”

Ular, shuningdek, Temirov suratini ko‘rsatib, u “xorijiy xavfsizlik xizmatlariga mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishda yordam berishga urinayotganini” aytishgan.

“Ular donorlar niqobi ostida ishlashadi va bu donorlarni xorijiy maxsus xizmatlar moliyalashtiradi. Ular uchun mamlakatimizda inqiloblar sodir bo‘lishi qo‘l keladi”, - degan zobitlarning biri.

Ular Ayguldan o‘z idoralari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnoma imzolashni va Temirov haqida ma’lumot berib borishni qayta-qayta talab qilishgan. Aygul bunga rozi bo‘lmaganidan keyin, ular boshqacha yo‘l tuta boshlashgan: Aygulga yigit bilan o‘tkazgan kechasi yashirincha yozib olingan videolarni ko‘rsatishgan va ularni tarqatishlarini aytib, tahdid qilishgan.

“Yaxshi, sen yosh va jasursan, sen buni yengib o‘tasan”, - degan agentlarning biri unga.

“Ammo ota-onang-chi? Ularning yuraklari bunga bardosh berolmaydi. Ular uzoq vaqt mehnat qilishgan, shunday hurmatga sazovor bo‘lishgan. Sen esa bir lahzada hammasini barbod qilasan”.

Aygul hech narsa demagach, bosh agent bosimni oshirgan.

“Yigitlarim ota-onangning uyi oldida. Yigitlarimga qo‘ng‘iroq qilaman. Ular ota-onang oldiga borib, fotosuratlarni ko‘rsatishadi. Bu yaxshi yangi yil sovg‘asi bo‘ladi”, - degan u.

Bir necha soatdan keyin Aygul yengilgan.

“Imzo qo‘yishga majbur bo‘ldim, chunki men bunday qilmasam, ular hech qachon meni tinch qo‘ymasliklarini anglab yetdim”.

Buning ortidan yigit Aygulni uyiga olib borib qo‘ygan.

Jurnalistlar yigit Aygulga aytgan ismli shaxs haqida hech fanday ma’lumot topa olmadilar. Bunday ism-sharifli shaxs soliq to‘lovchilar va saylovchilarning rasmiy ma’lumotlar bazalarida ham yo‘q. Ammo Qirg‘iziston huquq-tartibot organlaridagi manba uning suratini ko‘rib, darhol tanidi va yana boshqa ism bilan faoliyat yurituvchi MXDQ agenti ekanligini aytdi.

Aygulga o‘zlarini MXDQ agentlari deb tanishtirgan shaxslar tomonidan bosim o‘tkazilganini tasdiqlovchi dalillar ham mavjud. Aygul ota-onasining manzilini hisob nomi sifatida ishlatgan shaxsda bir nechta SMS-xabar olgan. Quyida bu xabarlarning o‘zbekcha tarjimasi keltirilgan:

Xabar: Salom

Yuboruvchi: B

Sana: 18.1.2022 17:53

Xabar: Qanday jurnalistik surishtiruvlar e’lon qilinishiga yaqin qoldi? Qanday surishtiruvlar faktlarni tekshirish, tayyorlash (kimga nisbatan va qanday faktlarga asoslanib) bosqichida?

Yuboruvchi: B

Sana: 18.1.2022 17:54

Xabar: Bu sizning [B ko‘chadagi] qo‘shnilaringiz.

Yuboruvchi: B

Sana: 18.1.2022 22:33

Xabar: Salom

Yuboruvchi: Aygul

Sana: 19.1.2022 17:12

Xabar: ?

Yuboruvchi: Aygul

Sana: 19.1.2022 20:51

Xabar: Salom, bu sizning do‘stlaringiz, biz siz bilan juma kuni uchrashgandik, yaxshimisiz? O‘zingizni qanday his qilyapsiz?

Yuboruvchi: B

Sana: 19.1.2022 22:29

Xabar: MXDQdagi do‘stlarmi?

Yuboruvchi: Aygul

Sana: 19.1.2022 23:32

Xabar: Ha, siz haqsiz, bu sizning do‘stlaringiz, sizdan javob kutyapmiz.

Yuboruvchi: B

Sana: 19.1.2022 23:35

Ular Ayguldan yanada ko‘proq ma’lumot talab qilishgan:

Xabar: Bolot Temirov Facebookdagi sahifasida tez orada ikkita epik, bomba surishtiruv e’lon qilinishini yozdi, aynan qanday surishtiruvlar?

Yuboruvchi: B

Sana: 19.1.2022 23:43

Aygul ishonchi komil emasligini aytib javob berganidan keyin, unga xabar yuborayotganlar mamnun bo‘lmagan.

Xabar: [Aygul], keling, mushuk va sichqon o‘yinlarini o‘ynamaylik, studiya va ofis bir joyda joylashgan va biz so‘rayotgan narsalarni aniqlash siz uchun qiyin bo‘lmasa kerak. Buni amalga oshirish juda oson.

Yuboruvchi: B

Sana: 20.1.2022 00:06

Xabar: Katta rahmat

Yuboruvchi: B

Sana: 20.1.2022 00:06

Xabar: Shuningdek, [Aygul], iltimos, ofisni, kim qayerda o‘tirishini, kim qanday vazifalarni bajarishini ta’riflab bersangiz.

Yuboruvchi: B

Sana: 20.1.2022 00:06

Aygul javob bermagan. O‘sha kun kech YouTube saytida Temirov LIVE nashrining DXMQ rahbari Tashiyevning oilasi haqidagi surishtiruvi natijalari e’lon qilingan. Aygulning aytishicha, bundan keyin agentlar u bilan boshqa aloqaga chiqmagan.

“Ogohlantirmaganim uchun ular menga bo‘lgan qiziqishlarini yo‘qotdilar”, - dedi u.

Ammo oradan bir necha kun o‘tib, uning intim tasvirlari aks etgan targ‘ibot videosi Internetda yoyinlandi. Aygul jinsiy aloqa qilgan yigitni shu bilan boshqa ko‘rmagan.

“Cho‘ntagimga solib qo‘ydingiz!”

Temirov va uning jamoasi surishtiruv natijasini e’lon qilganidan ikki kun o‘tib, giyohvand moddalarga qarshi kurash politsiyasi ularning ishxonasiga yo‘l oldi.

Reydning rasmiy sababi o‘laroq Ayperi Adil qizi ismli ayolning shikoyati ko‘rsatildi. Bir necha soat oldin u politsiyaga “Bolot” ismli erkak uni bir necha joyda giyohvand moddalarni iste’mol qilishga majburlaganini aytgan. U ikkita manzilni, jumladan, Temirov LIVE ofisi manzilini politsiyaga bergan.

(Jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlarda uning bir nechta akkauntini topib, Temirov ishidagi roli haqida savol yuborishdi. U bu savollarga javob bermadi.)

Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, odatda har qanday reyd uchun dastlab sudya ruxsat berishi kerak. Ammo muayyan holatlarda, xususan, agar ashyoviy dalillar yo‘qolishi yoki bulg‘anishi haqida xavotir bo‘lsa, tergovchi mustaqil ravishda tintuv o‘tkazishga ruxsat berishi mumkin.

Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi katta tergovchisi “ashyoviy dalillar... yo‘qolishi, shikastlanishi yoki jinoiy maqsadlarda ishlatilishi mumkinligi haqida jiddiy xavotirlar” bo‘lganini aytib, aynan shu yo‘lni tutgan ko‘rinadi.

Ushbu buyruq asosida Giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish xizmatining maxsus bo‘linmalari Temirov LIVE nashri qarorgohiga jo‘natilgan.

Ozodlik radiosi, OCCRP va Kloop Temirov va hodisa joyida bo‘lgan har bir shaxsdan intervyu olib, reyd paytida nimalar sodir bo‘lganligi haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘ldi.

Politsiya xodimi Temirov Live ofisidagi kompyuterni musodara qilmoqda.
Politsiya xodimi Temirov Live ofisidagi kompyuterni musodara qilmoqda.

Zobitlar ofisdagi barcha erkakni yerga yotqizib, qo‘llarini bog‘lab bo‘lgach, ularni birma-bir ko‘tarib, cho‘ntaklarini bo‘shatishni buyurgan. Temirovni eng oxirida turg‘azishgan. Uning rafiqasi Mahabatning eslashicha, Temirov cho‘ntagidan kichkina sellofan xaltacha chiqqanini ko‘rib, dahshatga tushgan.

“U yig‘lab yubordi, chunki unga tuhmat qilishdi. Sarosimaga tushdi, vahima bosdi. Hammamiz shokda edik”, - dedi u.

“Keyin men: “Tinchlan, hammamiz uni cho‘ntagingga solib qo‘yishganini tushunib turibmiz, o‘zingni yo‘qotma” dedim”.

“Sen uni solib qo‘yding, men ko‘rdim”, - deya hayqirgan Mahabat.

“Men baqira boshladim, Bolot baqira boshladi, hamma baqira boshladi”.

Temirov LIVE xodimlari va ularning advokatlari so‘zlariga ko‘ra, amaliyot davomida ko‘plab protsessual xatolarga yo‘l qo‘yilgan va hatto qonun buzilgan.

Tintuv chog‘ida xodimlar ofisdagi bir nechta noutbuk va kompyuter, flesh-karta, mobil telefon va videokuzatuv tizimiga ulangan videoregistratorni musodara qilishgan.

Biroq advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, texnikaning musodara qilinishi tintuv tartib-qoidalariga zid bo‘lgan, chunki ularning Temirovga qo‘yilgan ayblovlarga hech qanday aloqasi yo‘q.

Tergovchi tintuv o‘tkazayotib va musodara qilayotib ish uchun muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan jism va hujjatlarni olib qo‘yish bilan cheklanishi kerak “, - dedi advokat Bekbolot Qasabolotov.

Qamchibek Tashiyev
Qamchibek Tashiyev

Ertasi kuni MXDQ qo‘mitasi rahbari Tashiyev bir qarashda giyohvand modda bilan bog‘liq oddiy hibsga olish amaliyotini izohlar ekan, “so‘z erkinligini himoya qilish niqobi ostida ba’zi jinoyatlarga ko‘z yumishga ma’naviy haqqi yo‘q” ekanligini ta’kidladi.

***

Protsessual qonunbuzarliklar

Temirov LIVE advokatlarining aytishicha, nashr ofisiga qilingan reyd davomida yana bir qancha protsessual qonunbuzarliklar ham kuzatilgan.

Amaliyot davomida tergovchilar dastlab advokatlar tintuv o‘tkazilayotgan xonaga kirishiga ruxsat bermagan.

Advokatlarning aytishicha, Temirov hibsga olinayotganida zobitlar u qaysi modda bo‘yicha tergov qilinayotganiga aniqlik kiritmagan yoki unga o‘z huquqlarini o‘qib eshittirmagan. Qirg‘iziston qonunchiligiga binoan esa bu shartdir.

Temirov LIVE xodimlari va advokatlar, shuningdek, zobitlar o‘z hujjatlarini ko‘rsatmaganini hamda boshiga balaklava kiyib olganini aytishdi. Bunday qo‘lga olish holatlarida balaklava kiyish taqiqlanadi.

***

“Agar jinoyat sodir bo‘lgan bo‘lsa, barcha jihozlar musodara qilinishi kerak. Balki bu kompyuterlarda giyohvand moddalar, ularning narxlari va sotuvchilari haqida ma’lumotlar bordir. Umid qilamanki, ularning kompyuterlarida davlatga zarar yetkazadigan hech narsa yo‘q”, - dedi Tashiyev.

Temirov LIVE xodimlarining fikricha, militsiya ular nima haqida surishtiruv o‘tkazayotganini bilib olish maqsadida kompyuterlarni musodara qilgan. Ular, shuningdek, politsiyaning reyd davomidagi harakatlari sinchiklab tekshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun videoregistrator ham musodara qilinganini gumon qilishmoqda.

Temirov bu orada ozod qilindi, ammo unga qarshi ish bo‘yicha tergov davom etmoqda. Agar u giyohvand moddalarni saqlashda aybdor deb topilsa, besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Uning qo‘lida ishlab kelayotgan bir necha xodim ham so‘roq qilindi.

Ammo ko‘plab qirg‘izistonlik Temirov ishi yuzasizdan keskin norozilik izhor qildi. Mahalliy mutaxassislar Temirov ishiga ommaviy rezonans misli ko‘rilmagan darajada bo‘lganini aytishmoqda.

“Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosim deyarli barcha tuzumlar davrida bo‘lgan”, - dedi qirg‘izistonlik siyosiy sharhlovchi Azimov.

“Ammo ular bu jarayonga hech bo‘lmaganda otiga bo‘lsa ham qonuniylik tusini berishga harakat qilishgandi. Qandaydir rasmiy asoslarni topib, sudga murojaat qilishgandi”, - dedi u.

“Ammo bu holatda, yaxshi obro‘ga ega bo‘lgan jurnalist cho‘ntagiga guvohlar ko‘zi oldida pala-partish tarzda giyohvand modda solib qo‘yishdi”, - deya so‘zini davom ettirdi u.

“Buning ortidan nafaqat ularning texnikasini, balki bu jinoyatlar izlari saqlanib qolmasligi uchun kuzatuv kameralarini ham olib qo‘yishdi. Tabiiyki, bu narsa g‘azab va nafratdan boshqa narsaga sabab bo‘lmaydi”.

Temirovning o‘zi esa unga qo‘yilgan ayblovlarni keskin rad etmoqda.

“Bu biz kuchliroq bo‘lib yetishganimizni anglatadi”, - dedi u.

“Qirg‘izistonda jurnalistika rivojlanmoqda. Bu esa hokimiyatdagilarni dahshatga soladi. Birinchi navbatda, bularning barchasi rasmiylarning hech bir axloqiy prinsipi yo‘qligi sababli sodir bo‘ladi. Lekin ikkinchi sabab shuki, tergov jurnalistikasi juda kuchaygan”.

XS
SM
MD
LG