Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 24-fevral kuni ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda gumonlangan 11 kishi qo‘lga olingani haqida ma’lumot tarqatdi. Ozodlikning qirg‘iz xizmati qaydicha, qo‘lga olinganlar orasida parlamentning sobiq deputati ham bor.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralariga 2024-yil dekabridayoq “Qirq uruu, jeti duban intimag‘i” jamoatchilik tashkilotining ayrim a’zolari muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazayotgani, u yerda “mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan ommaviy tartibsizliklar, norozilik tadbirlari va mitinglar uyushtirishga chaqiriqlar” yangrayotganiga oid ma’lumot kelib tushgan.
Mazkur ish doirasida militsiya mamlakat Jinoyat kodeksining 278-moddasi bo‘yicha (“Ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”) gumonlanayotganlar yashaydigan manzillarda tintuvlar o‘tkazgan.
Tintuv natijasida o‘qotar va sovuq qurollar, o‘q-dorilar, harbiylar kiyimlari, giyohvand moddalar, shuningdek, diniy adabiyotlar, mobil telefonlar, flesh-kartalar va “ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar” musodara qilingan, deya ma’lum qilgan IIV. Vazirlik tomonidan yoyinlangan videoyozuvda, aftidan, qo‘lga olinganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlar audioyozuvi keltirilgan.
Vazirlik hibsga olingan shaxslarning ism-familiyalarining bosh harflari va tug‘ilgan yillarini keltirgan. Ozodlikning qirg‘iz xizmati ulardan biriga oid ma’lumotlar Baqit Kerimbekovning initsiallari va tug‘ilgan yili bilan mos tushishi haqida yozgan – u 2002-yildan 2005-yilgacha parlament deputati bo‘lgan.
Qo‘lga olinganlarning yaqinlari yoki ularning rasmiy vakillari bu borada hali izoh berganlaricha yo‘q.
Bu tashkilot vakillari Qirg‘izistonda avvalgi yillarda ham qo‘lga olingan, ana shunday holatlardan birida ular narkotik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan edilar.