Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Qirg‘izistonda prezident Japarovning jiyani yana hibsga olindi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning qarindoshi Ulan Japarov yana hibs etildi. Uning hibsga olinganini Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga Bishkekning Birinchi may tuman sudi matbuot xizmati vakillari tasdiqlashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sud Ulan Japarovni hibsga olish to‘g‘risidagi qarorni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergovchisining iltimosnomasiga ko‘ra 21-iyun kuniyoq chiqargan. “J. U. R. ga nisbatan 2024-yilning 19-avgustigacha hibsga olish shaklidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deya ma’lum qilishgan sud matbuot xizmatidan.

Sud vakillari qaydicha, Japarov Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 209-moddasi 4-qismi 1-bandida (“Tovlamachilik”) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Aytilishicha, “jabrlanuvchi tomonga o‘ta yirik miqdorda moddiy zarar yetkazilgan”.

Mahalliy nashrlar o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, qo‘lga olingan shaxs prezidentning vakolatli vakili lavozimini taklif qilib, buning uchun pul olgani, biroq va’dasini bajarmagani haqida xabar qilishgan.

Bu Ulan Japarovning ikkinchi marta hibsga olinishidir. Birinchi marta u 2023-yilning iyul oyida korrupsiyada gumonlanib, qo‘lga olingan edi. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek O‘runbekov ma’lumotiga muvofiq, 32 yoshli Ulan Japarov prezidentning yaqin qarindoshi bo‘lmish Rakimjan Japarovning katta o‘g‘li bo‘lib hisoblanadi.

Ulan Japarov birinchi marta qo‘lga olingan paytda prezident matbuot kotibi Erbol Sultanbayev u “bojxona masalalari bilan bog‘liq korrupsion sxemalarda ishtirok etganlikda gumonlanayotgan”ini ma’lum qilgan edi.

Bu haqda bilgan prezident gumonlanuvchilarga nisbatan barcha qonuniy choralarni ko‘rishni shaxsan talab qildi”, deyilgan Sultanbayevning postida.

2023-yilning oktyabr oyida Ulan Japarov Birinchi may tuman sudi qarori bilan uy qamog‘iga chiqarilgani ma’lum bo‘lgan edi. Sud vakillari Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga unga oid ish hali ham ko‘rib chiqilayotgani va bu borada hali qaror qabul qilinmaganini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG