Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:08

Qirg‘izistonning yangi prezidenti Toshkentga keldi. Chegara, temir yo‘l va biznes loyihalar muhokama qilindi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tashkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, iqtisodiyot, suv-energetika, chegara, temir yo‘l va transport sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda ayni shu sohalarda bir qator muammolar mavjudligi aytib kelinadi.

Safarning umumiy kun tartibi

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov 11 - martda O‘zbekistonga vazirlar, deputatlar va hukumatning viloyatlardagi vakillari hamkorligida bordi.

Qirg‘iz delegatsiyasini Toshkentdagi aeroportda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. So‘ngra poytaxtdagi Ko‘ksaroy rezidentsiyasida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng ikki prezident kichik va kengaytirilgan doirada muzokara olib bordi.

Japarovning davlat safari 2 kun davom etadi. Bu kunlar davomida u Oliy Majlis raisasi Tanzila Norboyeva, Qonun chiqarish palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov va Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashishi belgilangan.

Bundan tashqari mehmonlar tashqi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qirg‘iz-o‘zbek biznes forumuda ham ishtirok etadi.

Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati Toshkentga qilingan davlat safarida siyosiy va savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida muzokaralar o‘tayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Toshkent va Bishkek o‘rtasida eng asosiy masalalardan biri – chegara mavzusida ham so‘z borishi aytildi.

Rasmiy: Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri - chegara

Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi 1378 kilometrlik chegarning 1170 kilometri yoki 85% 2017 - yili aniqlangan. Yana 10% bo‘yicha kelishilgani xabar qilingan. Biroq ular hukumat va parlamentlar tomonidan tasdiqlanib, ratifikatsiya qilinishi kerak. Hozirgi so‘zlashuvlar ayni o‘sha 10% va qolgan 5% chegara doirasida bo‘lmoqda.

“Prezidentlar uchrashuvida chegara masalalarini aniqlash ishlarini davom ettirish muhokama qilinyapti desak bo‘ladi. Ya’ni, tezlashtirish borasida so‘z bo‘lyapti. Detalli tarzda ikki tomonlama komissiya darajasida so‘zlashuvlar ketmoqda. Mazkur komissiya ishini davom ettiryapti. O‘tgan yil dekabrda qo‘shnilar bizga kelib ketgan, endi ular chaqiradi, biz boramiz. Hozir aniqlanmagan to‘qqiz uchastka bor. Ular qayer ekani hozircha aytilmaydi”, - dedi Qirg‘iziston hukumatining chegara masalalari bo‘yicha maxsus vakili Nazirbek Bo‘rubayev.

Qirg‘iziston hududida O‘zbekistonning So‘x, Cho‘ng‘ara -Qalcha, Shoximardon, Toshtepa degan to‘rt eksklavi bor. O‘zbekiston ichida esa Qirg‘izistonning Barak eksklavi bor.

Barak boshqa yerga almashtirilgani aytilgani bilan bu ma’lumot rasman e’lon qilinmagan. Biroq chegaralarda nizo chiqqani sari turli darajadagi muhokamalarda mazkur anklavlarni boshqa yerlarga almashtirish to‘g‘risida takliflar aytilib turadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli ikki barobarga o‘sdi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari Islom Karimov davrida yomonlashgandi. 2016 - yili Karimov vafot etganidan bir oy o‘tib, Toshkent bilan munosabatlar yaxshilana boshlandi.

O‘shandan beri qirg‘iz prezidentlari Almazbek Atambayev, keyinroq So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Toshkentga bir necha marta borib keldi. Bu orada Shavkat Mirziyoyev ham Bishkekga kelib ketgan.

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasining bildirishicha, Qirg‘iziston -O‘zbekiston savdo aylanmasi 2016 - yili 192 mln. dollar bo‘lgan. 2020 - yili esa 341 mln. dollarga yetdi.

4-5 yilda Qirg‘izistonning O‘zbekistonga eksporti 125 mln. dollardan 152 mln. dollarga o‘sgan bo‘lsa, O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksporti 67 mln. dollardan 200-300 mln. dollarga yetgan.

Iqtisodchi Mirlanbek Ubaydullayev bunga qo‘shni davlat iqtisodiyotining kuchliligi sabab ekanini aytadi:

“Qirg‘izistonning statistik ma’lumotlari anchagina o‘zgartirilgan, aniq emas ma’lumotlar. Negaki, O‘zbekiston bergan ma’lumotlar savdo aylanmasi bundan anchagina ko‘p ekanini ko‘rsatyapti. Biroq shunda ham O‘zbekiston eksporti biznikiga nisbatan anchagina o‘sayotgani ko‘rinyapti. Tadbirkorlikning, biznesning rivojlanishi qo‘shnilarda davlat tomonidan nazorat qilinadi. Bironta ham mahsulot davlat nazoratisiz tashqariga chiqmaydi. Shu sababli biz iqtisodiyotda ularga teng kelishimiz qiyinroq”, - deydi iqtisodchi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi

Qo‘shnilar bilan hamkorlikdagi yana bir yirik masala - bu Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi. Uning qurilishi to‘g‘risida o‘tgan asrning oxiridan beri gap boradi. O‘shandan beri tomonlar yo‘lning eni, yo‘nalishi bo‘yicha bir fikrga kelmagan.

Toshkent bu loyihaga Islom Karimov davrida qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach ish o‘rnidan jilgan. Bu orada loyihaga Xitoydan tashqari Rossiya ham aralashmoqchi bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarda aytilishicha, qurilish ishlari 2020 - yili boshlanadigan bo‘lib, keyin yana noma’lum muddatga qoldirilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev O‘zbekistonga safar oldidan “Akipress” axborot agentligiga bergan suhbatida shu loyiha to‘g‘risida gapirgan edi:

“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi bo‘yicha uch tomonlama ekspertlar uchrashuvlari tinmay o‘tib turibdi. Unda texnik, moliyaviy va boshqa masalalar muhokama qilinadi. Hozir tomonlar bu loyiha bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. O‘tgan yilning iyul oyida so‘zlashuvlar natijasida loyihani analiz qilish uchun Qirg‘izistonning soha vazirliklari va idora vakillaridan iborat moliyaviy-iqtisodiy ishchi guruh tuzilgan, ular bugungi kunda o‘zbek tomoni bilan so‘zlashuvlarni olib bormoqda”.

O‘zbekistonga elektr energiyasi sotib kelgan Qirg‘iziston endi elektrni O‘zbekistondan sotib olishga majbur

Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston asosan suv va energetika yo‘nalishida uzviy bog‘liq. Chunki Qirg‘izistonning ko‘p daryolari O‘zbekistonga oqadi. Daryolarning asosiy qismida qirg‘iz tomonida ham o‘zbek tomonida ham suv omborlar qurilgan.

Ularning eng kattasi “To‘qto‘g‘ul” GESini suv bilan ta’minlagan Norin daryosidagi suv ombori. “To‘qto‘g‘ul”da suv ozaysa bu Qirg‘izistonga ham O‘zbekistonga ham qiyinchilik tug‘diradi.

Hozir u yerdagi suv ko‘lami kamayib ketdi va 9 mlrd. kubga yaqinlashdi. Zaxira 6-7 mlrd.ga tushib, qolsa GES ishi cheklanadi.

Shu sababli Qirg‘iziston shu kunlarda "To‘qto‘g‘ul"da suv to‘plashga, elektr energiyasini esa Qozog‘iston va O‘zbekistondan sotib olishga majbur. Rasmiy Nur-Sulton bunga rozi, Toshkent pozitsiyasi aniq emas.

Bundan tashqari O‘zbekiston Qirg‘izistondagi “Qambarota -1” GESini qurishda ko‘maklashishga ishora qilgan. Biroq bunga doir loyihadan xabar yo‘q.

2021 - yilning 10 - yanvarida o‘tgan saylovda g‘olib bo‘lgan yangi prezident Sadir Japarov xalqaro munosabatlarni izga solish uchun fevral oxirida Rossiyaga ish safari bilan borib keldi. Mart oyi boshlarida Qozog‘istonga davlat safari bilan bordi. O‘zbekistondan keyin bahor yoki yoz oylarida Qirg‘iziston prezidentining Turkiyaga borishi kutiladi.

XS
SM
MD
LG