Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:45

Qiynoqlar, repressiya va yuqori hokimiyat korrupsiyasi. AQSH Davlat departamenti hisobotida O‘zbekiston


Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan.
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan.

AQSH Davlat departamenti o‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli jiddiy o‘zgarmadi, degan xulosani e’lon qildi.

Departamentning yillik hisobotida mamlakatdagi “qotilliklar, qiynoqlar, sud mustaqilligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar, transmilliy repressiya, so‘z va Internet erkinligini jiddiy cheklash, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik” holatlari qayd etilgan.

Bundan tashqari, hisobotda tinch yig‘ilishlar erkinligi va uyushmalar erkinligiga jiddiy aralashuv, shu jumladan nodavlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlarini tashkil etish, moliyalashtirish yoki faoliyatiga nisbatan haddan tashqari cheklovchi qonunlar mavjudligi ta’kidlanadi.

Qiynoqlar, o‘limlar

AQSH davlat departamentining bu yilgi hisobotida O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli yaxshilanmagani, ya’ni o‘zgarmagani ta’kidlangan.

“Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlar orqali hukumatni tinch yo‘l bilan o‘zgartira olmasligi; siyosiy harakatlarni jiddiy va asossiz cheklash; jiddiy hukumat korrupsiyasi; hukumat tomonidan mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga nisbatan jiddiy cheklovlar yoki ta’qiblar; genderga asoslangan zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik; lesbiyan, gey, biseksual, transgender, queyer yoki interseks shaxslarga qaratilgan zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlik tahdidi bilan bog‘liq jinoyatlar; mustaqil kasaba uyushmalarini taqiqlash yoki ishchilarning uyushmalar erkinligini sezilarli yoki tizimli ravishda cheklash jiddiy inson huquqlari muammolaridir”, deyiladi hisobot muqaddimasida.

Bu muammolarning mavjudligini ko‘rsatuvchi dalil o‘laroq, “Human Rights Watch” va “Yevrosiyo erkinligi” nohukumat tashkilotlarining (NNT) O‘zbekiston hukumati 2022-yil iyulda Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlariga javoban haddan tashqari va halokatli kuch qo‘llagani haqidagi ayblovlari tilga olingan.

O‘zbekiston hukumat bu da’volarga to‘liq javob bermagan, namoyishlar bo‘yicha mustaqil xalqaro tergovga ruxsat bermay kelayotir.

Bundan tashqari, o‘tgan yil oktyabr oyida Farg‘ona viloyatining Vodil tumanida chegarachilar ikki insonning o‘limiga sabab bo‘lgani tilga olingan.

O‘z vaqtida Ozodlik Vodilda chegarachilar ikki kishiga o‘q uzgani haqida xabar qilgan edi. Rasmiylar, chegarachilar kuch qo‘llashga majbur bo‘ldi, mazmunida bayonot bergan. Ammo faollar va yaqinlari begunoh insonlar chegarachilar qo‘lidan o‘lim topganini aytishgan.

Shuningdek, o‘tgan yil mayida Ichki ishlar vazirligida 21 yoshli erkakning tergov izolatori derazasidan tushib vafot etgani haqidagi holat ham tilga olingan.

Rasmiylar giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan shaxs - Sanjarbek Mamajonovning o‘zi derazadan sakradi, deb bayonot bergan. Ammo jamoatchilik bunga jiddiy shubha bildirgan edi.

AQSH Davlat departamentining bu yilgi hisobotida qiynoqlar va kuch ishlatar idoralar xodimlari tomonidan qo‘llangan noqonuniy munosabat hamda tahqirlarga alohida e’tibor qaratilgan.

“O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonun qiynoqlarni taqiqlaydi, ammo hukumat amaldorlari bunday amaliyotdan foydalangani haqida ishonchli ma’lumotlar bor. Qonunlar qiynoqlar natijasida olingan dalillardan sud jarayonida foydalanishni taqiqlaydi. Shuningdek, qiynoq va boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalarni qo‘llaganlik uchun javobgarlikni o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlarining qayd etishicha, alohida mahbuslarga nisbatan muvofiqlashtirilgan, yuqoridan pastga buyruq berish orqali qiynoq qo‘llash amaliyoti to‘xtagan bo‘lsa-da, tergov hibsxonasidagi qiynoqlar odatiy hol bo‘lib qolmoqda va ko‘payishi mumkin edi”, deyiladi hisobotda.

Qoraqalpog‘istonlik faollarga bosimlar

Bundan tashqari, mahalliy huquq himoyachilarining Qoraqalpog‘istonda xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan faollarga nisbatan qiynoq va ruhiy bosim qo‘llanganiga oid chiqishlarini bostirish urinishlari ham hisobotda qayd etilgan:

“Bir faol “Alg‘a Qoraqalpog‘iston” separatist harakati yetakchisi Aman Sagidullayev bilan aloqada bo‘lgani uchun 2021-yil aprel oyida sakkiz soat davomida kaltaklangani, elektr toki bilan qiynalgani va tahdidga uchragani haqida xabar berdi. “Yevrosiyo uchun erkinlik” inson huquqlari nohukumat tashkiloti 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun hibsga olinganlarni so‘roq qilishda qiynoqlar keng qo‘llangani haqida xabar beradi”.

AQSH Davlat departamenti Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi 2013-yildan beri qamoqxonalarga qo‘yilmayotgani, hukumat shuningdek mahaliy nodavlat tashkilotlariga ham qamoqxona monitoringida ishtirok etishiga ruxsat bermaganini ta’kidlagan.

Siyosiy mahbuslar

Hisobotda shuningdek, O‘zbekiston qamoqxonalarida hanuz siyosiy motivlar asosida qamalayotgan mahkumlar borligi qayd etiladi.

Jumladan, O‘zbekiston Oliy sudi Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari tashkilotchisi deb topilgan Dauletmurat Tajimuratov nomi tilga olingan.

Qator xalqaro nohukumat tashkilotlar, jumladan Human Rights Watch tashkiloti bu faolni ozod qilishga chaqirib kelmoqda.

Tovlamachilik va tuhmatda ayblanib, 2021-yilda 6 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan bloger Otabek Sattoriy ham hisobotda tilga olingan. Sattoriy shu yil 5-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman sudi hukmi bilan qamoqdan ozod etildi. Ammo, shundan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermay kelayotir.

42 yashar Sattoriy buni "tinchgina yashash va kelajakda IT sohasini egallash" rejasi bilan izohlagan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, 2022-yilda 1800 dan ortiq mahkum, ya’ni mamlakat qamoqxona aholisining qariyb 6 foizi diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qamoqqa olingan.

Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hibsda qolgan bunday shaxslar sonini mustaqil ravishda tekshira olmasligini va hukumat 2023-yil uchun yangilangan statistik ma’lumotlarni taqdim etmayotganini tanqid qilib keladilar.

Transmilliy repressiya va so‘z erkinligi

Hisobotda hukumat chet eldagi fuqarolarga nisbatan repressiv metodlar, jumladan, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini bekor qilish orqali ularning huquqiy maqomiga putur yetkazish, harakatini cheklash yoki ular joylashgan mamlakatda hibsga olinishini qo‘zg‘atishga uringani haqida xabarlar kuzatilgani keltirilgan.

Блогер Абдуқодир Мўминовга Тоштурмада ўн кунлик "карцер" жазоси тайинланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:49 0:00


Hisobotning so‘z erkinligiga oid qismida esa, huquq faoli Tatyana Dovlatova, Kompromat.uzb Telegram-kanaliga aloqador ko‘rilgan Xurshid Daliyev, blogerlar Abduqodir Mo‘minov, Olimjon Haydarovlarning ishi tilga olingan.

Mansabdorlarni tanqid qilgani va hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korrupsiya haqida yozgani uchun sudga tortilgan Sof.uz va Kun.uz Internet nashrlari nomi sanalgan.

Ommaviy axborot vositalarining prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “nozik” mavzularda gap borgan maqolalarni olib tashlashga yo‘naltirilgani ham hisobotda tilga olingan.

“Jurnalistlar repressiyadan qo‘rqib, prezident Mirziyoyev va uning oilasi, diniy yoki LGBT+ masalalarini yoritmasligi xabar qilindi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hukumatning istalgan vaqtda Internetga kirishni cheklab qo‘yishi yoki to‘xtatishi, onlayn kontentni senzura qilishi ham tilga olingan.

Saylovlar va siyosiy faollik

AQSH Davlat Departamenti bu yilgi hisobotida o‘tgan yili O‘zbekiston Konstitutsiyasini qariyb 65 foizga o‘zgartirgan referendum va muddatidan 3 yil oldin o‘tgan prezidentlik sayloviga ham alohida to‘xtalgan.

“Ro‘yxatga olingan beshta siyosiy partiyadan to‘rttasi saylovda o‘z nomzodini ko‘rsatdi. Amaldagi prezident Mirziyoyev 87 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Prezidentlikka to‘rtta nomzod mamlakatning hukmron partiyasi tomonidan tekshirilgan partiyalar vakili edi. Saylov e’lon qilinishi va o‘tkazilishi o‘rtasidagi qisqa muddat boshqa fikrdagi nomzodlarga ro‘yxatdan o‘tish imkonini bermadi. Masalan, yil davomida “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” harakati a’zosi Xidirnazar Olloqulovning siyosiy partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tish so‘roviga hokimiyat ikki marta rad javobini berdi va bu uning saylovda ishtirok etishiga to‘sqinlik qildi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, unda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) Konstitutsiyaviy referendum “texnik jihatdan puxta tayyorgarlik” bilan, ammo “haqiqiy siyosiy plyuralizm va raqobat muhiti yetarli bo‘lmagan” shaklda o‘tgani haqidagi xulosasi eslatilgan.

XS
SM
MD
LG