Линклар

Шошилинч хабар
30 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:10

Qizini 65 yoshli qo‘shnisi zo‘rlaganini iddao qilgan ona IIBni ishni bosti-bosti qilishda ayblamoqda


Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, aksar mamlakatlarda pedofiliya deb tasniflanadigan og‘ir jinoyat sanaladi
Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, aksar mamlakatlarda pedofiliya deb tasniflanadigan og‘ir jinoyat sanaladi

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida 16 yoshli qizini 65 yoshli qo‘shnisi zo‘rlaganini da’vo qilayotgan ona tuman IIBsini ishni "bosti-bosti qilib, jinoyat ishini sudga oshirmay harakatdan to‘xtatganlik"da ayblamoqda.

O‘tgan yilning sentabr oyida uch farzandning onasi bo‘lgan ayol (Ozodlik shaxsiy daxlsizlik vajidan uning ismini ochiqlamaydi) voyaga yetmagan nogiron qizini 65 yoshli qo‘shnisi 2018 - yildan buyon jinsiy zo‘rlab kelgani haqida Paxtaobod tumani Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilgan edi.

Tuman IIB tergov bo‘limi shikoyat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borgani, sudga oid tibbiy, fizika-texnika va psixiatriya ekspertizalari o‘tkazganini bildirgan.

Ekspertiza qizning bokiraligi buzilmaganini ko‘rsatgan, tergovchilar esa dalillar yetarli emas, deya ishni to‘xtatgan.

Ammo qizning onasi ish bo‘yicha jalb etilgan ekspert va psixologlar xulosalariga tergovchi tomonidan huquqiy baho berilmaganini aytmoqda.

U mazkur hodisa huquqiy nazoratga olinishini so‘rab, Toshkentdagi Ombudsmen idorasiga murojaat qilgan.

Tarmoqlarni larzaga solgan hodisa

O‘tgan yilning kuzida Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida 16 yoshli nogiron qizning 65 yoshli qo‘shnisi tomonidan jinsiy zo‘rlangani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Onaning Ozodlikka aytishicha, u o‘z qizini qo‘shnisi "zo‘rlab yurgani"ni sentabr oyi ohirida bilib qolgan.

Xonasiga qamab, yechintirib "baxtli hayot shunaqa bo‘ladi", deb jinsiy zo‘rlab kelgan

"Pandemiya vaqtida onlayn o‘qishi uchun planshet olib bergandim. Internetda tasodifan pornografik videorolikni ko‘rib "bu baxtli hayot, qo‘shni amakim aytdi", deb qoldi. Shunda u qo‘shnimiz bilan bo‘lgan holatlarni gapirib berdi. Xonasiga qamab, yechintirib "baxtli hayot shunaqa bo‘ladi", deb jinsiy zo‘rlab kelgan ekan. "Onangga aytma, baxtli bo‘lasan, qizim, nogiron bo‘lganing uchun senga bu haqda gapirishmagan, aslida hamma shunday qilib, erga tegadi" kabi so‘zlar bilan uni aldab kelgan", - deydi ayol.

Onaning da’vosicha, qo‘shnisi g‘arazli maqsadini amalga oshirish uchun uyi derazasidan qizining xonasiga kirib turgan.

"Og‘riqni qoldirish maqsadida yoki homilador bo‘lib qolmasligi uchunmi, "gripp bo‘lmaysan", deb qizimga allaqanday dorilar ichirib kelgan".

Andijon viloyati Paxtaobod tumani IIBsi mazkur holat yuzasidan o‘tgan yilning 4 - noyabr kuni fuqaro Yu.F.,ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qilgan edi.

Ammo o‘tkazilgan ekspertiza qizning bokiraligi buzilmaganini ko‘rsatgani ortidan tergovchilar "dalillar yetarli emas", deya ishni to‘xtatgan.

Qizning onasi esa, huquq-tartibot idoralarini "zo‘ravon qo‘shnisi" ustidan ishni "moddiy manfaat evaziga bosti-bosti qilish"da ayblaydi.

Dalillar yetarli bo‘lib ishni yopishyapti. Agar hujjatlar izchil va xolis o‘rganilganda, ish shunchaki yopib yuborilmasdi.

"Qizing bokira, ekspertiza ko‘rsatdi, dalillar yetishmayapti", deyishyapti ular. Vaholanki, qo‘lini tekkizsa ham jinsiy zo‘rlik bo‘ladi. Ekspertizada esa, anatomiya yo‘llari ikkita barmoq kiradigan darajada ochilgan, degan joyi bor. Akusher ikki barmog‘ini tiqqanda og‘rimagan. Bundan tashqari, erkak boshida "jinsiy aloqaga layoqatsizman", deb ko‘rsatma bergan, lekin ekspertiza layoqatli, deb topdi. Dalillar yetarli bo‘lib ishni yopishyapti. Qo‘shnim melisani pulga sotib olgan, aftidan. Agar hujjatlar izchil va xolis o‘rganilganda, ish shunchaki yopib yuborilmasdi. Bu yerda psixolog xulosasi ham bor. Uning xulosalariga ham tergovchi tomonidan huquqiy baho berilmagan. Sud psixologik ekspertizasi xulosasida qizimning ko‘rsatmalari haqiqatga yaqinligi, uning ojizligidan foydalanilgani, holat sodir bo‘lish vaqtlarida qiz jinsiy aloqa va uning oqibatlari haqida tushunchaga ega bo‘lmaganligi haqida aytib o‘tilgan. Ammo ushbu berilgan xulosalarga qaramay, ishni harakatdan to‘xtatish haqida barvaqt to‘xtamga kelinyapti", - deydi qizning onasi.

Ayni paytda ushbu voqea mahalliy blogerlar nazariga ham tushdi. YouTube dagi "Xalq orasida" kanalida bu haqda hikoya qilinadi.

Mahalliy blogerlarga ko‘ra, zo‘ravonlikka uchragani aytilayotgan qiz II-guruh nogironi va o‘z tengdoshlariga nisbatan aqlan zaifroq bo‘lgan.

Ozodlikning so‘ngi iddaolar yuzasidan 5 - fevral kuni Paxtaobod tumani IIB bilan bog‘lanishga urinishlari natija bermadi. Ammo Andijon viloyat IIB saytida e’lon qilingan bayonotda ishning to‘xtatilishida "qizning xohishi inobatga olingani" urg‘ulangan.

“Ona ayrim sabablarga ko‘ra qizi oxirgi marotaba zo‘rlanganidan bir oy o‘tib, tuman IIBga murojaat qilgan. Biroq ish qizning o‘z xohishiga ko‘ra yuz berib kelganligi vaji bilan tugatilgan”,- deyiladi Paxtaobod tuman IIB bildiruvida.

"Melisani sotib olganmishman, pulim bo‘lsa Hajga borib kelmaymanmi..."

16 yoshli qizni jinsiy zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan 65 yoshli erkak esa, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatida qo‘shnisining tuhmatiga qolganini aytgan.

"Melisani pulga sotib olganmishman. O‘ylab ko‘ringlar, bu jinoyat pul bilan bosti-bosti qilinadigan jinoyat emas.

"Melisani pulga sotib olganmishman. O‘ylab ko‘ringlar, bu jinoyat pul bilan bosti-bosti qilinadigan jinoyat emas. Pulim bo‘lganida Hajga borib kelgan bo‘lar edim. Mashina minib yurgan bo‘lar edim.

Dasturxon oldida o‘tirib aytyapman, o‘lib tirilgan odamni ko‘rganmisizlar deyishsa, meni aytaveringlar. Qanchalar qiyin bo‘ldi menga bu tuhmatni ko‘tarib yurish, - degan jinoyatda gumonlanayotgan erkak.

Uning ayoli esa, qo‘shnisi moddiy manfaat ilinjida bu uydirmani o‘ylab topganini da’vo qiladi.

"Maqsadi bizni uyimizga egalik qilish. Hammasi uydirma. Qanday qilib nogiron qizga nisbatan bu ishni qilish mumkin", - deydi u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda.

Ammo qizi zo‘rlanganini da’vo qilayotgan ona "Bolamning umri harom bo‘ldi. Uy talashadigan xolim ham yo‘q. Umrim harom bo‘ldi hayotim barbod bo‘ldi-ku. Yagona istagim - adolat", - deydi Ozodlik bilan suhbatda.

Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, aksar mamlakatlarda pedofiliya deb tasniflanadigan og‘ir jinoyat sanaladi.

Ammo 2017 - yili jinoyat uchun jazoni liberallashtirish doirasida O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bunday jinoyat uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu jinoyat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ​uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG