Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:56

Qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan “Chorsu” mehmonxonasi buziladigan bo‘ldi


Toshkentdagi "Chorsu" mehmonxonasi (arxiv surati)
Toshkentdagi "Chorsu" mehmonxonasi (arxiv surati)

Bir paytlar Toshkent shahrining ramzlaridan bo‘lgan “Chorsu” mehmonxonasi buzilib, o‘rnida 29 qavatli yangi mehmonxona quriladi.

Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, Toshkentda 2-noyabr kuni Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etilgan.

Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi ishlab chiqqan 170 mln dollarlik loyiha doirasida Chorsu maydonida yangi mehmonxona, biznes-markaz va turarjoy binolari barpo etiladi.

Qurilish ishlarini 2025-yilda boshlab, 2029-yilda yakunlash rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik va xorijiy sarmoyadorlar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha yakunida Toshkent shahri fondiga qariyb 113 ming kvadrat metr turarjoy va tijorat ko‘chmas mulklari qo‘shiladi.

“Chorsu” mehmonxonasi 1982-yilda me’mor Vladimir Spivak loyihasi bo‘yicha qurilgan va dastlab “Moskva” deb nomlangan edi. Inshoot salkam chorak asrdan beri qarovsiz holda yotibdi.

Ozodlik 2020-yilda “Chorsu” mehmonxonasi qarorgohi BAAda bo‘lgan Ittihad International Investment LLC investitsiyaviy shirkatiga 16 milliard 900 million 1 so‘mga sotilgani haqida xabar qilgandi.

Auksion shartiga ko‘ra, “Chorsu”ni sotib olgan sarmoyador 2 yil mobaynida hukumat kafolatlarisiz kamida 25 mln AQSH dollarga teng ekvivalentda investitsiya kiritishi, uch yulduzli mehmonxona xizmatini tashkil etishi hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratishi lozim edi.

Bunga qadar mehmonxona koreys va turk sarmoyadorlariga ham sotilgani ma’lum.

Xabarlarga ko‘ra, joriy yil oktyabr oyida texnik ekspertiza mutaxassislari bino temir-beton konstruksiyalari jiddiy deformatsiyaga uchragan va inshootni rekonstruksiya qilish mumkin emas deya xulosa bergan.

XS
SM
MD
LG