Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:12

Qodirov to‘rtinchi marta Checheniston rahbari bo‘lmoqchi


Ramzan Qodirov
Ramzan Qodirov

2016 - yilning fevral oyida Chechenistonda ijro etuvchi hokimiyat rahbari saylovi o‘tkazilishidan bir necha hafta oldin amaldagi rahbar Ramzan Qodirov davlat televideniyesi orqali qilgan murojaatida rahbarlik qilishdan to‘yganini e’lon qilgandi.

“Mening vaqtim o‘tdi. Jamoamizda ko‘plab vorislar bor. Bizda juda yaxshi mutaxassislar bor”, degan edi u.

Bu Qodirov hukmronligining yakuni emas, balki undan hokimiyatda qolishini yolvorib so‘rash kampaniyasining boshlanishi edi. Kampaniya davomida ho‘ngrab yig‘layotgan ayollar va bolalar videolavhalari namoyish qilindi, mintaqa ombudsmani esa Qodirov iste’foga chiqsa, bu holat har bir chechenning huquqlari buzilishiga olib kelishi haqida bayonot berdi.

“Jamiyat [Qodirov o‘rnini bosa oladigan] muqobil shaxsni ko‘rmayapti va vorislar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, deya bayonot berdi bundan oldin noma’lum bo‘lgan “Checheniston Respublikasi fuqaroviy forumi” deb nomlangan guruh.

Kreml dastaklab kelayotgan Qodirov o‘z fikrini o‘zgartirdi. Aslida u aholining yolvorishlariga rozi bo‘lishni oldindan rejalashtirgan edi.

Rasmiy natijalarga ko‘ra, u saylovda 98 foiz ovoz bilan uchinchi muddatni qo‘lga kiritdi. Tanqidchilar bu ko‘rsatkichga erishish uchun saylov natijalari soxtalashtirilgani hamda aholiga uni qo‘llab-quvvatlash uchun bosim o‘tkazilganini aytib keladilar.

Uchinchi muddat ham o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, siyosiy sahna yana jonlandi. Joriy yilning 17–19 - sentabr kunlari, ya’ni Rossiya bo‘ylab Davlat Dumasi saylovlari bo‘lib o‘tadigan kunlarda chechenlar respublika rahbariga ovoz beradilar. Qodirov to‘rtinchi muddatga saylanishi kutilmoqda.

Avtoritar rahbar uzoq yillar davomida inson huquqlarini buzib keladi. “Human Rights Watch” tashkilotiga ko‘ra, uning rahbarligi ostida “qiynoqqa solish, ommaviy kamsitish, o‘g‘irlab ketish va suddan tashqari o‘ldirish kabi og‘ir holatlar” sodir etilgan.

Qodirovga aloqador odamlar surishtiruv jurnalisti Anna Politkovskaya, inson huquqlari faoli Natalya Estemirova, sobiq Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, muxolifat rahbari Boris Nemsov va boshqalarni o‘ldirishda ishtirok etganiga ishoniladi.

23 - iyun kuni Grozniyda “Checheniston xalqlarining global kongressi” bo‘lib o‘tdi. Hafta boshida e’lon qilingan yarim kunlik forumda 23 mamlakatdan 5 000 delegat qatnashdi.

Yig‘inda Turkiya, Fransiya, Germaniya, Belgiya va boshqa mamlakatlardan kelgan delegatlar qatnashdi, ammo Ozodlik murojaat qilgan chechen diaspora tashkilotlarining birortasi ham kongress haqida oldindan xabar olmagani yoki vakil yubormaganini ma’lum qildi.

“Hech kim bu delegatlarni saylamagan”, dedi Yevropa chechenlari uyushmasi rahbari Aslan Murtazaliyev.

“Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida uyushmamizning bo‘limlari bor. Biz hech qachon Qodirov tadbiriga a’zolarimizni jo‘natmagan bo‘lardik”.

“Ramzan [Qodirov] Checheniston Respublikasi rahbari lavozimiga yagona nomzoddir”, deya xitob qildi tadbir davomida Rossiya dumasi deputati Adam Delimxanov.

O‘zini “Fransiyadagi chechenlar ittifoqi” deb nomlanuvchi guruhning vitse-prezidenti o‘laroq tanishtirgan Ali Bazayev ismli shaxs “Fransiyadagi barcha chechenlar nomidan” Qodirov nomzodini qo‘llashini bildirdi.

Delegatlar tushlikdan so‘ng respublika bosh muftiyi Salax Mejiyev bilan ibodat qildilar va Qodirovning qarorgohiga yo‘l olib, uni “barcha urug‘lar, barcha qishloqlar va Islomdagi barcha hurmatli shaxslar nomidan” ularni “bu yo‘lda tashlab ketmaslikka” chorladilar.

Buning ortidan Mejiyev Qodirovga kongressning bir ovozdan qabul qilingan qarori nusxasini topshirdi.

Oradan bir necha soat o‘tib, Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan videomuloqot o‘tkazdi. Putin Qodirovning mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini maqtadi va uni “o‘z ishini davom ettirish” uchun yana bir muddatga saylanishga undadi.

“Men sizga faqat muvaffaqiyatlar tilayman”, dedi Putin.

“Human Rights Watch” tashkiloti Putinning Qodirov rahbarligida Checheniston Rossiyadagi “eng xavfsiz joylardan biriga” aylangani haqidagi da’vosini tanqid qildi.

Bundan atigi ikki kun oldin Checheniston davlat televideniyesi rahbari Qodirovning tanqidchilarini o‘ldirishini aytib, tahdid qilgandi.

“Agar kimdir o‘ldirilishi kerak bo‘lsa, o‘limga loyiq bo‘lsa, biz uni o‘ldiramiz”, dedi Chingiz Ahmadov “Instagram” tarmog‘iga yuklagan videosida.

Rasmiy Ramzan Qodirovning har qanday dushmani chechen xalqining ham dushmani ekanini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG