Namangan viloyat, Pop tuman, Chorkesar qishlog‘idagi yigirmadan ortiq kam ta’minlangan oila boshlig‘i ularning nomiga chorva uchun kredit olinganini bank xodimlari kreditni to‘lashni talab qilib kelganlaridan keyin bildi.
O‘z nomiga kredit olinganidan bexabar chorkesarliklarning aytishlaricha, Xalq bankining Namangan viloyat, Pop tumani filiali va “Chorkesar Bekdiyor” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ta’minotchi “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida kam ta’minlangan oilalarga kreditga qoramol sotishi lozim bo‘lgan.
Ammo mijozlar tomonidan barcha hujjatlar imzolanganidan so‘ng, ta’minotchi kredit berish to‘xtatildi, deb odamlarni aldagan, aslida kredit rasmiylashtirib olingan.
Yemagan somsasiga pul to‘lashga majbur etilayotgan odamlar, bu holat ta’minotchi va bank filiali boshqaruvchisi orasidagi korrupsion sxema ekanligini iddao qilmoqda.
Xalq bankining Pop tumani filiali bosh hisobchisi Akmaljon Ikromov bu muammoda bankning aybi yo‘qligi, bu masala bilan huquq-tartibot idoralari shug‘ullanayotganini aytdi.
"Ta’minotchi bilan bank boshqaruvchisi jinoiy kelishuv qilgan"
Pop tumani, Chorkesar qishlog‘ida yashaydigan 26 yashar Temurbek Xosiyatovning aytishicha, uning onasi nomiga g‘ayriqonuniy tarzda chorva uchun kredit rasmiylashtirilgan:
“Onam Gulnora Xudoyberganova, hozir o‘zlari O‘zbekistonda emas, chetga ishlagani ketishgan. Yarim yil oldin haqiqatan ham “Har bir oila” tadbirkor doirasida qoramolga kredit uchun ariza bergan edik. Ona-bola sigir beramiz kredit puliga, deyishgandi. Keyin uch oycha sudrab yurishdiyu, bo‘lmadi, deb aytishdi. Endi esa onamning nomiga dekabr oyida 27 yarim million so‘m kredit chiqibdi, bank xodimlari kelib to‘langlar, foizi oshib ketyapti deyapti. Onam bir marta ham bankka bormagan, hech qanday hujjatga imzo chekmagan”
Temurbek shundan so‘ng bankka shikoyat qilib borganini aytadi:
“Bankka bordim. Unisi bunisiga soldi, bunisi unisiga. Keyin Iskandar degan ta’minotchi bola aytdiki, bank boshqaruvchisi O‘ktam qanaqadir firmaga sizlarni pullaringizni o‘tkazib yuborgan. O‘sha odamda pullaring, undan talab qilinglar, dedi. Keyin boshqaruvchining oldiga kirib shunaqa deyapti, dedim. U esa mening hech kimdan qarzim yo‘q, lekin siznikini 15 kun ichida hal qilib beramiz, dedi. Lekin shu bilan hech narsa bo‘lmadi. Xullas, ta’minotchi bilan bank boshqaruvchisi qanaqadir kriminal kelishuv qilishgan. Jabri esa bizlarga yuklanyapti”.
"Birovning moli oldida suratga olishdi"
Chorkesarlik 27 yashar Abbos Boynazarov ham ikkita qoramol olish uchun barcha hujjatlarga qo‘l qo‘yib bergani, ammo unga ajratilgan kreditdan boshqalar foydalanayotganini aytadi:
“Ta’minotchi Iskandar degan bola sizlarga ikkita mol beraman, buning uchun molning oldida rasmga tushishingiz kerak dedi. Keyin bank xodimi bilan birga birovnikiga borib, uning moli oldida rasmga oldi. Bank xodimi ham mol ta’minotchiniki emasligini, birovning molxonasida turgan mol ekanligini bilgan. Iskandar ta’minotchi men avval pulni bankdan chiqarib olay, keyin chetdan mol olib kelib beraman, dedi. Shu bilan yo‘q bo‘lib ketdi, mol ham kelmadi, pul ham olmadik, endi esa bank xodimlari kreditning olti oylik imtiyozli davri tugadi, foizini to‘langlar deb kelyapti. Hayron qolyapmiz”.
"Boshqaruvchiga, kredit bo‘limi boshlig‘iga, bosh buxgalterga uzatishim kerak"
Yana bir chorkesarlik 43 yashar Adham Madumarov ham, yemagan somsasiga pul to‘lash talab qilinayotgan shaxslardan biri. Uning aytishicha, ta’minotchi unga mol sotib olish uchun naqd pul berishga va’da berib, aldagan:
“Ayolim ikkimizning nomimizga 30 million so‘mdan kredit chiqarib beraman, hozir pandemiya, chetdan mol olib kelishning imkoni yo‘q, o‘zingiz bozordan tanlab olaverasiz, naqd 50 million so‘m beraman, dedi. Iye, 60 millionku desam, bizning ham xarajatimiz bor, boshqaruvchiga berishim kerak, kredit bo‘limi boshlig‘iga berishim kerak, buxgalterga berishim kerak, deb bizni ko‘ndirdi. Fevral oyining boshlari edi. Aka, bankka kelib hujjatlarga imzo qo‘ying, ertaga pulingizni olib borib beraman, dedi. Biz xotin bilan 50 million so‘mga o‘ylab qo‘ygan tadbirkorlik rejamizni boshlaymiz deb, shirin xayollar og‘ushida yursak, bu vijdonsiz odam bizni aldab, yo‘q bo‘lib ketdi”.
Nomlariga kredit chiqqan, lekin na pulni, na molni ko‘rgan odamlarning aytishlaricha, ular bank boshqaruvchisi O‘ktam Mamadaliyev va ta’minotchi Iskandar Yondoshboyev tuzgan hiylaning qurboni bo‘lishgan.
Chorkesarliklar, ularning o‘zaro kelishgan holda ishlashayotganiga dalil o‘laroq Ozodlikka taqdim etilgan videoda ta’minotchi Iskandar Yondoshboev va Xalq banki Pop tumani boshqaruvchisi O‘ktam Mamadaliyev o‘rtasidagi so‘zlashuv aks etgan:
Iskandar Yondoshboyev: “Shef, xo‘jayin undoq emas-da, bular(videoda arz qilib kelgan chorkesarliklar ko‘rinadi-tahr.) pulni sen ishishlativoripsan deb, quloq-miyamni yeb tashlayapti.
O‘ktam Mamadaliyev: “Ertaga aniq, bo‘ladi, Iskandar.
Iskandar Yondoshboyev: Aka, undoq qilib meni qiyin vaziyatga... Aka, haligi bitta kaznachestvani ochib bering, ochtiraylik o‘shani.
O‘ktam Mamadaliyev: Manga tashlang o‘shani.
Iskandar Yondoshboev: Hozir tashlayman, aka, iltimos ertaga o‘shani qilib beraylik, jon aka, mani noqulay ahvolga solyapsiz. Shuni siz Iskandarni manda puli yo‘q demasdan, ertaga abedga bo‘ladi, deb qo‘ysangiz, bollar tushunadi, aka.
O‘ktam Mamadaliyev: Bular menga kelib gapiryapti-da, pulni ber, deb.
Iskandar Yondoshboev: Endi, aka, bularga ham zaril. O‘shanga iltimos, aka. Iltimos ertaga shuni hal qilib bering, bo‘ldi, aka.
O‘ktam Mamadaliyev: Xop, xop...
Chorkesarliklarning aytishlaricha, bu masala uch oydan buyon hal bo‘lmay kelyapti. Shundan so‘ng, ta’minotchi ham, boshqaruvchi ham shikoyatchilarning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan.
Ozodlikda O‘ktam Mamadaliyevning ta’minotchilar bilan birga dam olish zonalaridan birida ayshu-ishrat qilayotgani aks etgan rasmlar ham bor. Ammo, shaxsiy daxlsizlik nuqtai nazaridan bu suratlarni Ozodlik nashr qilmaydi.
Ozodlik ikki kun davomida Iskandar Yondoshboyev va O‘ktam Mamadaliyev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo ularning telefonlari o‘chirilgani bois topishning imkoni bo‘lmadi.
"Bankning aloqasi yo‘q!
Xalq banki Pop tumani filialining bosh hisobchisi Akmaljon Ikromov chorkesarliklarning muammosidan xabari borligini aytar ekan, bu muammoning yuzaga kelishida bankning aloqasi yo‘q, dedi:
“Bu mijozlarning hammasi yuz foiz bankka kelgan, shartnomalarga o‘zlari imzo qo‘ygan, agar ta’minotchi molni bermagan bo‘lsa unda tegishli organlarga murojaat qilib, undan undirib olsa bo‘ladi. Bu masalani vakolatli organlar o‘zlari tekshirib, o‘zlari xulosa berishadi.”
Akmaljon Ikromovning aytishicha, O‘ktam Mamadaliyev hozir rasman filial boshqaruvchisi bo‘lib turgan bo‘lsa-da, uch-to‘rt kundan buyon uning vazifasini boshqa kishi vaqtincha bajaryapti. O‘ktam Mamadaliyevning hozir qayerda ekanligi aniq emas.
O‘zbekistonda “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi asosida berilgan kreditlar maqsadsiz sarflaanyotgani, bunga korrupsiya aralashayotgani va kreditlarni taqsimlashda tanish-bilishchilik avj olgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.
Hukumat ijtimoiy himoya sifatida taqdim etayotgan ushbu dastur bo‘yicha chorva ba’zi viloyatlarda bozor narxidan ikki barobar yuqori narxda rasmiylashtirilmoqda. Oqibatda kambag‘al oilalar qarz botqog‘iga botayotgani aytiladi.
Aholining kreditlardan qarzdorligi borasida aniq raqamlar yo‘q, ammo mutaxassislarga ko‘ra, aholining to‘lov qurbi pastligi bois imtiyozli kreditlar tijoriy banklar uchun jiddiy muammoga aylangan. Joylarda kreditlarni qaytarish uchun bank xodimlari bilan birga byudjet tashkilotlari xodimlari ham safarbar etilgani haqida xabarlar olingan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 - may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida korxonalarning kredit qoplamaslik holati va oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha berilgan kreditlarni qaytarish muammo bo‘lib qolganini tan olgandi.