Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Qozog‘iston 150 dan ziyod xorijlikni mamlakatga kiritmadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) joriy yil boshidan buyon mamlakatda bitta terror xurujining oldi olinganini ma’lum qildi. 26 nafar kishi “terrorchilik va ekstremistik faoliyat uchun” sudlangan. Xuddi shunday raqamni MXQ raisi Yermek Sagimbayev o‘tgan oy oxirida Oqo‘rdada bergan hisobotida taqdim etgan, deya xabar qildi Ozodlikning qozoq xizmati.

“Ekstremizm va terrorchilikka aloqador 151 nafar xorijlik fuqaro mamlakatga kiritilmagan. Respublikaga taqiqlangan diniy adabiyot olib kirgani uchun 19 nafar xorijlik javobgarlikka tortilgan”, deyilgan MXQ matbuot xizmati xabarnomasida.

Joriy yilning 12-iyun kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi boshchiligida Qozog‘iston aksilterror markazining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgan. Majlisda “muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash doirasida davlat idoralarining o‘zaro aloqasini kuchaytirish tadbirlari” muhokama qilingan.

IIV va MXQ kuchlari yordamida odamlar ko‘p to‘planadigan joylar doxil terror xuruji uyushtirilishi ehtimoli bo‘lgan obyektlarda 3 mingdan ziyod tekshiruv o‘tkazilgan.

Birinchi aprel kuni maxsus xizmatlar terakt oldi olinganini ma’lum qilganlar. Aqtau shahrida mahalliy turg‘unlardan biri terror xurujiga hozirlanganlikda gumonlanib ushlangan. Qo‘lga olingan shaxs avval qotillik uchun sudlangan “radikal diniy mafkura tarafdori” ekani aytilgan. Uning yashash joyi tintuv qilinganida, maxsus xizmat ma’lumotiga ko‘ra, portlash moslamasini tayyorlash uchun komponentlar hamda “boshqa ashyoviy dalillar” musodara qilingan.

XS
SM
MD
LG