Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Qozog‘iston: AES qurilishi bo‘yicha referendum kuzda o‘tkaziladi


Balxash ko‘lining yuqoridan ko‘rinishi
Balxash ko‘lining yuqoridan ko‘rinishi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 27-iyun kuni mamlakatda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendumni joriy yilning kuzida o‘tkazish rejalanayotganini bildirdi, deya xabar qildi Ozodlikning qozoq xizmati. Referendumning aniq sanasi hali ochiqlanganicha yo‘q.

Toqayev AES qurilishi masalasi ustida ishlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berganini ma’lum qildi.

Bu masala bo‘yicha so‘nggi qarorni xalq qabul qiladi”, deya bildirdi Qozog‘iston prezidenti OAV xodimlarini taqdirlash munosabati bilan uyushtirilgan tantanali marosimda so‘zga chiqarkan.

Unga ko‘ra, hozirgi paytda bu borada “keng ko‘lamli muhokamalar” o‘tkazilmoqda.

Toqayev Qozog‘iston hududida atom elektr stansiyasi qurilishiga oid masalani Rossiyaga ilk safarini amalga oshirib, prezident Vladimir Putin bilan bu masalani muhokama qilganidan buyon bir necha bor ko‘targan.

O‘tgan yil sentyabrida Toqayev AES qurilishi masalasini umumxalq referendumiga olib chiqishni taklif qilgan.

O‘sha paytda Qozog‘istonda AES qurilishi mumkin bo‘lgan muhtamal maydon o‘laroq Balxash ko‘li sohilidagi Ulken qishlog‘i aytilgan.

Qozog‘istonda aholining bir qismi va qator ekspertlar orasida atom stansiyalari xavfsizligi yuzasidan xavotirlar mavjud. Faollar fikricha, AES qurilishi tufayli ekologik, iqtisodiy (loyiha qiymati bir necha milliard dollarga yetishi mumkin) va siyosiy (reaktorni qurgan mamlakatga qaramlik) xatarlar yuzaga kelishi mumkin.

Qozog‘iston rasmiylari AES qurilishiga sabablardan biri “yaqin kelajakda” mamlakat duch kelishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasi tanqisligi muammosi ekanini aytishgan.

Hozirgi paytda Qozog‘istonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining katta qismi ko‘mir stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi, so‘nggi yillarda muqobil — quyosh va shamol energetikasi ham rivojlanmoqda, biroq ularning ulushi juda kichik.

Qozog‘istonda so‘nggi referendum 2022-yil 5-iyunida bo‘lib o‘tgan, o‘shanda mamlakat fuqarolari Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha ovoz bergan edilar.

Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi Dauren Abayev shu yilning may oyida Rossiyaning TASS agentligiga bergan intervyusida AES qurilishi bo‘yicha referendum yil oxiriga borib o‘tkazilishi mumkinligini aytgan edi. O‘shanda u Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha ro‘yxatda Rossiyaning “Rosatom” shirkati ham bo‘lishiga ishonch bildirgan.

XS
SM
MD
LG