Qozog‘iston “Tolibon” rejimini terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan. Bu haqda ma’lum qilgan prezident Qasim-Jomart Toqayev bu ish toliblar nazorati ostidagi Afg‘oniston hukumati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun amalga oshirilganini blildirgan.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terror tashkiloti deb tan olingan “Tolibon” Qozog‘iston Oliy sudining 2005-yil 15-martidagi qarori bilan terror tashkiloti deb topilgan hamda mamlakat hududida faoliyati taqiqlangan edi.
Oqo‘rda matbuot xizmatiga ko‘ra, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev KXSHT Parlament assambleyasi kengashi majlisi ishtirokchilari bilan 3-iyun kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalgan. Toqayevga ko‘ra, hozirda strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb qilish bo‘lish hisoblanadi.
“Zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanini anglashdan kelib chiqqan holda, Qozog‘iston toliblar rejimini terror ro‘yxatidan chiqarib tashladi”, deya bildirgan Toqayev.
U Olmaota shahrida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun barqaror rivojlanish bo‘yicha BMTning mintaqaviy markazini barpo qilish bo‘yicha Qozog‘iston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
1996–2001-yillar mobaynida Afg‘oniston nazorat qilib kelgan “Tolibon” harakati 2021-yil avgustida yana Kobulni egallab, hokimiyat jilovini qo‘lga kiritgan edi. Keyinroq qozog‘istonlik mulozimlar toliblar bilan aloqa o‘rnatishgan.
“Tolibon”ni terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish niyati borligi haqida Qozog‘iston rasmiylari o‘tgan yil dekabrida e’lon qilishgan.
Uchinchi iyun holatiga ko‘ra, “Tolibon” hali ham Qozog‘iston hukumati saytida yoyinlanmish taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatida turibdi.