Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Qozog‘istonda “ayollar vagonlari” bo‘lgan poyezdlar soni ko‘paytirildi


“Qozog‘iston temir jo‘li” milliy temiryo‘l shirkati yana uchta yo‘nalish, ya’ni Ostona — Semey, Aqto‘be — Olmaota, Olmaota — Chimkent yo‘nalishlari bo‘ylab “ayollar vagonlari” bo‘lgan poyezdlar yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, shu tariqa ichida faqat ayollar va bolalar ketishiga ruxsat etilgan vagonli poyezdlar soni 8 tadan 11 taga ko‘paygan. “Qozog‘iston temir jo‘li” buni ayollar vagonlariga talab oshib borayotgani bilan izohlagan.

“Ayollar vagonlariga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, ular bilan faqat 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalargina sayohat qilishi mumkin”, deyilgan xabarnomada bunday vagonlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning (provodniklarning) hammasi ayollar ekani urg‘ulangan.

Qozog‘istonda poyezdlardagi ayollar vagonlari, “Qozog‘iston temir jo‘li” shirkati qaydicha, “sayohat chog‘ida ayollar uchun qulaylikni oshirish maqsadida” 2021-yildan boshlab joriy qilingan. Bunday vagonlarda safar qilish uchun chipta narxi boshqa vagonlar uchun sotilgan chipta narxidan farq qilmaydi.

Qozog‘istonda ayollarga alohida vagonlar ajratilishi zarurligi haqida ilk bor 2018-yili “Tulpar-Talgo” poyezdida 35 yoshli yo‘lovchi ayol ikki provodnik tomonidan zo‘rlanganidan keyin gapirila boshlagan. Hodisa ortidan sudlagan bu ikki shaxs o‘tgan oyda ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgan. Ular 2019-yili besh yilga qamalishgan, faollar bu jazoni o‘ta yumshoq ekanini aytishib, sudyani iste’foga chiqishga chaqirishgan edi.

Joriy yilning may oyida “Qozog‘iston temir jo‘li” mamlakatda ayollar vagonlari ommalashib borayotgani haqida bayonot tarqatgan. Shirkat ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon ayollar vagonida safar xizmatidan 70 mingga yaqin ayol foydalangan, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi poyezd yo‘lovchisi bo‘lgan ayol uxlab yotgan paytda uning kupesiga noma’lum erkak kirib, o‘zini o‘zi qondirish (masturbatsiya) bilan shug‘ullangani haqida aytib bergani aks etgan video tarqalgan. Keyinroq “Qozog‘iston temir jo‘li” shirkati yo‘lovchi ayolning shilqimlik holatiga oid murojaati yuzasidan provodniklar tomonidan politsiya chaqirilganini bildirgan. Shilqimlikda gumonlangan erkak galdagi stansiyada politsiya xodimlari tomonidan poyezddan tushirib qoldirilgan.

XS
SM
MD
LG