2-mart kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi xonadonda yetti kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi.
Mang‘istau viloyati hokimligi Munayli tumani Basquduq qishlog‘ida ro‘y bergan fojiada halok bo‘lgan oilaning yaqinlariga har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining dastlabki versiyasiga ko‘ra, fojia gaz uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzish oqibatida sodir bo‘lgan.
Qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam brigadalari yetti kishi, jumladan, besh nafar bolaning vafot etganiga guvoh bo‘lishgan.
Mang‘istau hokimligi halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekanini bildirgan.
O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ma’lumotni rad etgan. Vazirlik aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar orasida faqat bir kishi, ya’ni oila boshlig‘i O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Uning xotini va bolalari esa Qozog‘iston fuqaroligiga ega edi.
O‘zbekistonda kuz va qish mavsumida is gazidan zaharlanish tufayli ko‘plab o‘limlar qayd etiladi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024-yilning 11 oyi davomida buyon mamlakat bo‘ylab gaz bilan bog‘liq noxush hodisalar tufayli 82 kishi nobud bo‘lgan.