Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:33

Qurg‘oqchilik: Kuchlilar uchun suv bor, kuchsizlar uchun – yo‘q


O‘zbekiston hukumati bu yil suv 25 foizga kam bo‘lishini bildirgan edi.
O‘zbekiston hukumati bu yil suv 25 foizga kam bo‘lishini bildirgan edi.

Shahrisabzlik fermer 25 - iyuldan 31 - iyulgacha dalalarini sug‘orish uchun sekundiga 80 litrdan suv olishi kerak edi. Aytishicha, belgilangan muddatda suvni ochishi bilanoq IIB boshlig‘i buyrug‘ini bajargan Milliy gvardiya xodimlari yopishga majbur qildi.

Fermer 25 - iyul kuni Milliy gvardiya xodimi bilan suv ustida yuz bergan janjal aks etgan videoni Ozodlikka taqdim etdi.

IIB boshlig‘i Ozodlikka o‘z sektorida suv taqchilligi yo‘qligi, u limitda belgilangan suvnigina olayotganini bildirdi.

Bu yil O‘zbekistonda qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. So‘nggi bir oy ichida suv ustidagi janjal o‘lim bilan tugagan ikkita holat Ozodlikka ma’lum.

“Shahrisabz tuman ichki ishlar boshlig‘i Olim Tojiev 15 xodimini kanalning otvodlariga qorovul qilib qo‘yib, suvni hech kimga bermay, o‘zining sektoridagi dalalarga oqizmoqda”.

Bu xabar Ozodlikka shahrisabzlik fermer, 63 yashar No‘’monjon Yusupovdan keldi. Fermerning yozishicha, u suvni qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlaridan biri bilan gaplashgan:

“Milliy gvardiya xodimining aytishicha, Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Olim aka Tojiyev suvni hech kimga bermasdan, faqat uning sektoriga berish to‘g‘risida topshiriq olgan ekan”.

Ozodlik 26 - iyulda fermer No‘’monjon Yusupov bilan ham, IIB boshlig‘i Olim Tojiyev bilan ham gaplashdi.

Fermer No‘’monjon Yusupovning aytishicha, bu yil u 28 gektar maydonda dehqonchilik qilmoqda:

“28 gektarning 2 gektariga mevasini eksport qilaman, degan niyat bilan malina ekkan edim. Suv yo‘q qurib qoldi. 7 gektarga sepilgan bug‘doy o‘rniga Prezidentimiz gapi bilan kambag‘allarga ekin qilib berdik. Qolgan yerga pista bilan yeryong‘oq ekkanman. Suv yo‘q, umuman hosilsiz qolib ketadigan bo‘lib turibman”.

Ma’lum bo‘lishicha, fermerlar mahalliy Suv iste’molchilar uyushmasi bilan shartnoma tuzgan va o‘sha hujjatga binoan uyushma fermerlarga suv ajratadi. Masalan, fermer No‘’monjon Yusupovning dalalariga 25 - iyul soat 15.00 dan 31 - iyul soat 13.00 gacha sekundiga 80 litrdan suv kelishi lozim edi.

Fermer No‘’monjon Yusupovga ajratilgan suv limiti
Fermer No‘’monjon Yusupovga ajratilgan suv limiti

Biroq bunday bo‘lmayapti. Fermerning aytishicha, 25 - iyul kuni Suv iste’molchilari uyushmasi (SIU) boshlig‘i Abdurasul (familiyasi noma’lum) unga kanaldan suv olish uchun ruxsatnomani yozib bergan.

“Ruxsatnomada ko‘rsatilgan vaqt: 25 - iyul, kunduz soat 3 da fermer men SIU boshlig‘i Abdurasul bilan suvni ocha boshladik. Shu payt sal narida mashinada o‘tirgan Milliy gvardiya xodimi oldimizga kelib, suvni ochishni talab qila boshladi”, dedi No‘’monjon Yusupov.

Voqeaning davomi fermerdan kelgan videoda aks etgan.

Videoda formali yosh yigit ko‘rinadi. Kadr ortidan esa, formaliga savollar berayotgan erkak ovozi eshitiladi. Ovoz Ozodlik suhbatlashgan fermer No‘’monjon Yusupovnikiga o‘xshash. Fermerning o‘zi ovoz uniki ekanligini e’tirof etdi. Fermer formalidan “suvga nima aloqangiz bor”, deb bir necha marta so‘raydi. Formali savollarga jo‘yali javob bermaydi. Videoga olishni to‘xtatishni talab qiladi. “Men sizga suvni ochmang, demadim, ochmay turing, dedim. Boshliq telefon qilsin”, deydi. Fermerning “Qaysi tashkilotdan kelgansiz”, degan savoliga formali “Milliy gvardiyadan” deb javob beradi. Shundan so‘ng fermer Milliy gvardiya xodimiga suv olishga ruxsatnoma – limit qog‘ozini ko‘rsatadi. Gvardiyachi telefonida hujjatni suratga oladi. Video shu joyda tugaydi.

ИИБ ходими фермерга сув бермаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:27 0:00

Fermer No‘’monjon Yusupovning Ozodlikka aytishicha, shundan so‘ng Milliy gvardiyachi Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga telefon qiladi. Bir necha daqiqadan so‘ng yana 3-4 xodim yetib keladi va soat 15.00 da ochilgan suv 15-20 daqiqa ham oqmay, yana yopiladi.

Ozodlik SIU boshlig‘i Abdurasul bilan bog‘landi. Abdurasul 25 - iyul kungi voqeani sharhlashni istamadi. Savollarga bergan yagona javobi bu bo‘ldi: “Suv navbati bilan berilyapti”.

Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Olim Tojiyev Ozodlikning 25 - iyul kungi voqea to‘g‘risidagi savollarini javobsiz qoldirdi. “Xodimlaringizni kanal bo‘ylab qo‘riqchilikka qo‘yib qo‘yib, suvni faqat o‘z sektoringizdagi fermerlarga berdiryapsiz emish, shu rostmi?” degan savolga IIB boshlig‘i “Men limitimdagi suvni olyapman, xolos, ortiqcha olmayapman”, deb javob berdi. Gap orasida No‘’monjon Yusupovni tanishini ham bildirib o‘tdi.

Fermer No‘’monjon Yusupov Ozodlik bilan suhbat oxirida taassuf bilan “bilmayman, bunday zo‘ravonchilik O‘zbekistonda qachon tugar ekan”, dedi.

Bu yil O‘zbekistonda qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Joriy yil 24 - fevral kuni prezident Mirziyoyev o‘tkazgan videoselektorda hukumat bu yil suv 25 foizga kam bo‘lishini bildirib, qurg‘oqchilikka qarshi choralar ko‘rishga va’da qilgan.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda suv talashgan dehqon va fermerlar bir-birining joniga qasd qilish holatlari ham kuzatildi. So‘nggi bir oy ichida suv ustidagi janjal o‘lim bilan tugagan ikkita holat Ozodlikka ma’lum.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi Maktaaral va Jetisoy tumani fermerlariga suv berish hajimini sekundiga 10 kubometrga ko‘paytirishga rozi bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lum qildi.

Rasman bildirilishicha, 19 - iyul kuni Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Mirzagaliyev O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Hamroyev bilan Toshkentda uchrashgan. Uchrashuv natijasida O‘zbekiston Sirdaryoning quyi oqimidan “Do‘stlik” kanali orqali Qozog‘istonga sekundiga 90 kubometr suv chiqarishga rozilik bildirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu yil boshida Markaziy Osiyoni qattiq qurg‘oqchilik kutayotgani haqida ogohlantirgandi.

BMT ekspertlari mintaqa va jahonda kuzatilayotgan qurg‘oqchilikni ikkinchi pandemiyaga tenglashtirmoqda. Ularga ko‘ra, bunga naqafat global iqlim isishi, balki suv zaxiralaridan nooqilona foydalanish ham sababchi. BMT hisob-kitobicha, Markaziy Osiyodagi yerlarning qariyb 37 foizi degradatsiyaga uchrab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG