Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:56

Qurg‘oqchilik qurbonlari: Dehqonlar suv talashib bir-birining joniga qasd qilmoqda


Suvsizlikdan qovjirayotgan kartoshka
Suvsizlikdan qovjirayotgan kartoshka

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda suv talashgan dehqon va fermerlar bir-birining joniga qasd qilish holatlari ko‘paydi.

So‘nggi bir oy ichida suv ustidagi janjal o‘lim bilan tugagan ikkita holat kuzatildi.

Takroriy ekin ekib qo‘yib, uni sug‘orishga suv topolmagan odamlarning mahalliy hokimiyatga norozilik bildirish holatlari kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda suv yo‘qligidan qovjirab qolgan ekinzorlarni ko‘rsatib, shikoyat qilayotganlar ko‘paydi.

Mahalliy hokimliklar esa, Ozodlik bilan suhbatda sug‘orish uchun ishlatiladigan suv yetarli ekanligi, aholi tomorqasiga navbat bilan suv olayotganini aytmoqda.

“Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 15 - iyun kuni 24 yoshli yigit suv talashib, jiyanini o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi”.

“Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi 56 yashar erkak 6 - iyul kuni suv talashib 63 yashar dehqonni bosh qismiga urganligi oqibatida, u yerga boshi bilan yiqilib tan jarohati oldi va oradan 4 kun o‘tib kasalxonada jon berdi”.

“Surxondaryo viloyatining Angor tumanida klaster rahbari suv uchun talashgan tomorqachilarni 1 - iyul kunt bezorilarga urdirgani aytilgan hodisa IIB tomonidan tekshirilmoqda”.

“Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tumanida 9 - mayda suv talashib, tanishini toshbo‘ron qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochildi”.

Bu so‘nggi ikki oyda aholining suv talashishi ortidan kelib chiqqan fojiali holatlar va janjallardan Ozodlik xabar topgani.

O‘zbekistondagi aksariyat aholi qishloq joylarida yashagani sababli ularning yagona daromad manbai tomorqasi bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatdagi ishsizlarning hech bo‘lmasa tomorqadan biror foyda olish ilinjida qilgan sa’y-harakati suv tanqisligi bois zoye ketgani, kuchli ruhiy zo‘riqishlarni keltirib chiqarayotgani aytiladi.

O‘zbekistonlik psixolog olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning aytishicha, suv talashishdan kelib chiqayotgan janjallarning asosiy sababi va bu janjalga olib kelgan qo‘shimcha omillar bor:

“Avvalo, har bir ekin dehqon uchun o‘zining farzandidek bo‘lib qoladi, keyin esa, har bir inson o‘z manfaatini o‘ylaydi, Chunki ana shu mehnati natijasidan uning bolalari ovqat yeydi. Shu natija badar ketayotganini bilganidan so‘ng u himoyaga o‘tadi. Himoya esa, janjal keltirib chiqaradi. To‘g‘ri, dehqonning yashash uchun birdan bir daromad manbai uning tomorqasi bo‘lsa, boshqa daromad manbai bo‘lmasa, bu holat ham uning ruhiyatiga qo‘shimcha omil sifatida salbiy ta’sir qiladi va jon berib bo‘lsa ham uni himoya qiladi”.

"Paxtadan ortgani tomorqaga"

Ozodlikka kelayotgan videoxabarlarda ham odamlar suvsizlikdan qaqrab yotgan ekinzorlarini ko‘rsatib, shikoyat qiladi.

"Сув йўқлигидан экинларим қуриб қолди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:11 0:00

Surxondaryo viloyat, Qiziriq tuman, Zarbdor mahallasida yashaydigan dehqon Bahodir Ashurovdan kelgan videoda shunday deyiladi:

“Mana yerlar, vaqtida palaklar ekdik. Mana qovun, suvsizlikdan qurib, qovjirab qoldi. Mana makka, so‘lib o‘lyapti. Yerga qarab achinasiz. Qiziriq rayonini pomidor, sabzi va boshqa mahsulotlar bilan Zarbdor mahallasi ta’minlar edi. Endi esa, ahvolni ko‘rib turibsiz, xalqqa ham yo‘q, dehqonga ham. Suv faqat klasterga ketyapti, xalqning tomorqasiga suv yo‘q. Mana shu yerimga 2 million 400 ming so‘m daromad va mulk solig‘ to‘layman. Lekin bu yil bir so‘m ham daromad yo‘q”.

Qiziriq tumani hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Jabborov Ozodlik bilan suhbatda suv yetarli ekanligi, aholiga ham navbat bilan suv berilayotganini aytdi:

“Suvlarimiz yetarli, zaxiramiz bor. Suvdan unumli foydalanish uchun navbat qilganmiz. Ertaga Zarbdor mahallasiga beriladi. Aholiga ham, paxtaga ham suv yetarli!”

Ozodlik hokim o‘rinbosari bilan suhbatdan so‘ng, Bahodir Ashurov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, ekinlar qurib qovjirab bo‘lganidan so‘ng suv berilgan.

"Suv bor, faqat tanish-bilishchilik bilan"

Surxondaryo viloyat, Bandixon tumani Saroy mahallasidan murojaat qilgan dehqonning aytishicha, suv taqimotidagi tanish-bilishchilik oqibatida bir oydan buyon tomorqalar qurib yotibdi:

“Mana, bir oy bo‘ldiki, mahallamiz ahli suvsizlikdan azob chekyapti. Mahalla aholisi "Oqqoopchig‘ay" kanalidan ham tomorqa sug‘oradi, ham iste’mol qiladi. Suv yo‘q emas, bor. Ammo suvni taqsimlash adolatli bo‘lmayapti. "Saroy" mahallamiz aholisi mana shu rasmdagi suvdan iste’mol qiladi. Tumanimiz rahbarlari ayni paytda shu suvni xam xalqqa berishni xohlamayaptilar”, deb yozgan saroyliklar quyidagi suratni ham ilova qildi.

Saroy mahallasi suv oladigan kanal
Saroy mahallasi suv oladigan kanal

"Kartoshkam uvol bo‘ldi"

Samarqand viloyat, Paxtachi tuman, Mojar mahallasida yashaydigan Munira Isroilovaning yozishicha, u yoshlar uchun ajratilgan yerdan 15 sotix olib, kartoshka ekkan edi. Ammo suv kelmagani bois, kartoshka qurib qoldi:

“Ikki million so‘m xarajat qilib, kartoshka ekkan edik. Kartoshka endi gullay boshlaganda suv quridi. Endi qilgan xarajatimni kim to‘lab beradi? Suv bermas ekan, nega yer beradi, nega kambag‘alni yana qarzga botiradi?”

Suvsizlikdan qovjirayotgan kartoshka
Suvsizlikdan qovjirayotgan kartoshka

Vazirlik suv oz, hokimlar yetarli, deydi

O‘zbekistonda mahalliy hokimlar qurg‘oqchilik sabab sug‘oriladigan suv ta’minoti yaxshi emasligini tan olmaydi. Ozodlik suhbatlashgan mahalliy hokimlar suv va uning zaxirasi yetarli ekanligini aytib kelmoqda.

Ammo suvning tanqis ekanligi va Suv xo‘jaligi vazirligining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi Ozodlikka ayni kunlarda aksar mutasaddilar viloyatlarda xizmat safarida yurgani va suv bilan bog‘liq vaziyatga yechim izlayotganini aytgan edi.

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar tasdiqlangan limit asosida suv oladi. Mavjud suv hududning sug‘orish maydonlari hajmi, sug‘oriladigan ekin turlari, iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, adolatli tarzda taqsimlanadi. Viloyatlarda viloyat hokimligi rahbariyati, tumanlarda tuman hokimligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan va kelishilgan grafik asosida suv beriladi.

Barcha suv iste’molchilari shu grafiklar bilan tanishtirilgan. O‘zlariga qachon suv kelishini va qachon suv olishlarini yaxshi biladi. Bir paytning o‘zida hamma suv iste’molchisiga suv berishning iloji yo‘q. Bu yil suv tanqis bo‘lishi yil boshida ogohlantirilgan.

24 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida suvdan tejab foydalanish masalalari muhokama qilingan va 2021 - yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytilgan. shuni hisobga olib, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish topshirig‘i berilgan"¸ - degan edi Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiysi 2 - iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ammo Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, faqat paxtadan ortgan suv aholining tomorqasi uchun berilmoqda.

Ozodlik qurg‘oqchilik O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va aholi turmushiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani borasida turkum lavhalarni tayyorlamoqda.

Qurg‘oqchilik sizning xo‘jaligingiz va siz yashayotgan mintaqaga qanday ta’sir qilmoqda? Bu haqdagi xabar, foto va videolaringizni Ozodlikka yuboring.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

420 602 612 713 Telegram yoki @sizdan akkaunti

+420 724 971 539 - Telegram yoki @ozodnews akkaunti

uzbekweb@rferl.org

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG