Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Quyi palata “nomaqbul” chet elliklarga oid qonunni qabul qildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 25-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilishgan.

Quyi palata matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, majlisda mazkur qonun loyihasi “hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqishi” qayd etilgan.

Hujjat bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanadi.

Qonun loyihasiga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan “O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Loyihada mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarga besh yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilgan.

Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan”, deyilgan palata matbuot xizmati xabarnomasida.

Qayd etilishicha, loyiha bo‘yicha munozaralar chog‘ida deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, mamlakatda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashgan.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi quyi palataga ko‘rib chiqish uchun kiritilgani haqida taqriban ikki hafta muqaddam ma’lum bo‘lgan edi. O‘sha paytda loyiha “Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan” holda hozirlangani bildirilgandi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida qonun loyihasi yuzasidan turli munozaralar kuzatilgan, o‘zbekistonlik ayrim foydalanuvchilar bu hujjatga Rossiyaning “xorijiy agentlar”ga oid bahsli qonunidagiga o‘xshash moddalar kiritilib qolishi mumkinligidan xavotir izhor etgan edilar.

Mazkur loyiha qonun maqomini olishi uchun Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullanishi va mamlakat prezidenti tomonidan imzolanib, rasmiy matbuotda e’lon qilinishi lozim.

XS
SM
MD
LG