Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:08

Ramzan Qodirov Allamjonovga "javob berish" bilan tahdid qildi


Ramzan Qodirov. Telegram
Ramzan Qodirov. Telegram

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshlig‘i Dmitriy Liga “barcha hiyla-nayranglari, bo‘hton va uydirmalari uchun” javob berishlarini aytib tahdid qildi.

Avvalroq Ozodlik ikki chechenistonlik Allamjonov va shuningdek, Liga nisbatan suiqasd rejasiga doir ish bo‘yicha Interpol qidiruviga berilgani haqida xabar qilgan edi.

“Komil Allamjonov bilan Dmitriy Liga jabrdiyda rolini o‘ynashga qattiq berilib ketmaslikni tavsiya qilaman. Niyatlaringiz nima bo‘lsa ham, vaqtida to‘xtaganingiz ma’qul, aks holda barcha hiyla-nayranglar, bo‘hton va uydirmalar uchun javob berishga to‘g‘ri keladi. Men hozir o‘z odatlarimizga mos javob to‘g‘risida gapiryapman”, deb yozdi Qodirov 26-dekabr kuni o‘z Telegram-kanalida.

Qodirovning iddasiga ko‘ra, OAVlar “O‘zbekiston prezidenti oilasidagi o‘zaro adovat” haqidagi mish-mishlarni “shishirmoqda” va “kimdir yaxshi jamoani zaiflashtirishga, tizimni sindirishga urinyapti”.

“Bo‘layotgan voqealarga befarq qola olmaydigan inson sifatida muhtaram prezident oilasi vakillarini bayonot bilan chiqishga va bu jirkanch mish-mishlarga chek qo‘yishga chaqiraman”, deya qo‘shimcha qildi Checheniston rahbari.

Chechen izi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga nisbatan O‘zbekiston JKning qator moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ular orasida chegaradan noqonuniy o‘tish va qurol-yarog‘ kontrabandasi haqidagi moddalar bor.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 36 yoshli Bislan Rasayev hamda 31 yashar Shamil Temirxanov Qibraydagi suiqasd hodisasidan oldinroq Allamjonovni o‘ldirishni rejalaganlikda gumonlanmoqda.

Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarning bildirishicha, chechenlar bilan bog‘liq ayblov epizodida prezident administratsiyasining yana bir mulozimi - Prezident huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari Dmitriy Li nomi ham bor.

Dmitriy Li ham Allamjonov kabi prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaga yaqin shaxs sifatida ko‘riladi.

Rasayev va Temirxanov hozirda Rossiyada yashiringani aytiladi.

Ikki chechenistonlik Qibraydagi suiqasdni namoyishkorona bo‘yniga olgan Shohruh Ahmedov ko‘rsatmasiga binoan ushbu jinoyat ishiga jalb etilgani aytilmoqda.

Ozodlik Shohruh Ahmedovning 2021-yilda Turkiyada Ramzan Qodirov tanqidchilariga qarshi uyushtirilgan shov shuvli suiqasd rejasiga aloqadorlikda ayblanib, hibsga olingani va yetti oy qamoqda o‘tirganini aniqlagan.

O‘shanda Ahmedov aynan Bislan Rasayev guruhi bilan birga qo‘lga olingan va u Rasayev bilan yaqin hamkorlik qilgani o‘rtaga chiqqan.

Turk matbuotida “rus josuslari mojarosi” deb atalgan ushbu hodisada Ahmedov bilan birga yetti nafar chechenlar ayblangan. Turkiya nashrlari 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan bu shasxlarning kutilmaganda sud zalidan ozod qilinishini Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning shaxsan aralashuviga bog‘lagan.

Bu Ramzan Qodirovning ikki oy muqaddam O‘zbekistonda sodir bo‘lgan suiqasd yuzasidan ikkinchi bayonoti. 10-noyabr kuni Checheniston rahbari Allamjonovga suiqasdda uning qo‘li yo‘qligini aytib chiqqandi.

Qodirov suiqasdda “chechen izi” borligi bilan bog‘liq taxminlarni “ig‘vo” deb atar ekan, rostdan ham shunaqa rejasi bo‘lganida “ishni oxiriga yetkazgan va yuz foizlik natija erishgan bo‘lishi”ni qistirib o‘tdi.

Ayni paytda Qodirov Ozodlik surishtiruvida tilga olingan jihatlarni izohsiz qoldirgan. Jumladan, Turkiyada suiqasdda ayblangan Shohruh Ahmedov doxil chechenistonlik guruh a’zolari qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay, Istanbulga norasmiy safar qilgani sababini ochiqlamagan. Qodirov, umuman, “josuslik” mojarosiga avval ham hech qanday rasmiy izoh bermagan.

Turk matbuotiga sizdirilgan “Josuslik mojarosi” nomli ishga doir 25 varaqlik ayblov xulosasiga ko‘ra, guruh boshchisi Bislan Rasayev ko‘rsatmalarni Rossiya Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanovdan olib turgan.

Delimxanov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga yaqin qarindosh va muhim ittifoqchi hisoblanadi. Shuningdek, tergov jarayonida Bislan Rasayevning qator qotilliklar sabab xalqaro qidiruvda bo‘lgan kriminal avtoretitet Kazbek Dukuyev bilan ham hamkorligi borligi aniqlangan.

Turk matbuoti surishtiruviga ko‘ra, Delimxanov va Dukuyevning 20 yil ichida sodir etilgan oltita suiqasdda qo‘li bo‘lgan.

Komil Allamjonovga 2024-yil 26- oktyabrda, O‘zbekistonda parlament saylovi o‘tkazilishidan bir kun oldin suiqasd qilingan edi. Noma’lum odamlar uning mashinasini o‘qqa tutishgan, voqea mulozimning Qibraydagi uyi yaqinida ro‘y bergan. Allamjonov va uning haydovchisiga ziyon yetmagan.

Suiqasddan keyingi "tozalash"lar

23-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev DXX raisi Abdusalom Azizovni ishdan oldi.

DXX yangi raisi etib 2019-yildan buyon Mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Bahodir Qurbonov tayinlandi.

Azizov iste’fosining rasmiy sababi hanuzgacha noma’lum. Ozodlik manbalari uning Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘liq ekanini aytishgan.

Bir vaqtning o‘zida hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari iste’foga chiqarildi, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Doniyor Tashxodjayev hibsga olindi.

Oradan ikki kun o‘tib, 25-noyabr kuni Otabek Umarov Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.

Umarovning ishdan olinishi Allamjonovga suiqasd figurantlaridan biri Javlon Yunusov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 25-noyabr kuni sodir bo‘ldi.

Yunusov nomi ilk bor Ozodlik surishtiruvida yangragandi.

Ozodlik surishtiruvlari Prezident davlat xavfsizlik xizmatining de-fakto rahbari bo‘lgan Otabek Umarovni unga aloqadorligi iddao qilingan norasmiy “Ofis” orqali Komil Allamjonovga suiqasd ijrochilariga bog‘lagandi.

Umarovning o‘zi va boshqa rasmiylar "Ofis" haqidagi ma’lumotlarni sharhlamagan.

Rasmiy tergov Otabek Umarov yoki hukumatdagi boshqa biron mulozimning suiqasddagi roliga ishora qilmagan.

XS
SM
MD
LG