Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 13:48

Rasmiy Toshkent: Transafg‘on temir yo‘li besh yilda quriladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha tomonlar bilan to‘liq kelishuvga erishdi, dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov “Daryo.uz” nashriga bergan intervyusida.

Mulozimga ko‘ra, hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilyapti.

“2025-yilda loyihaga tamal toshi qo‘yiladi deb o‘ylayman. Qurilish murakkabligini inobatga olsak, jarayon kamida 5 yil davom etadi”, dedi vazir.

O‘zbekiston Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish uchun 2018-yildan beri harakat qilib keladi.

Qurilish 2021-yilning sentyabrida boshlanishi rejalashtirilgandi. Biroq 2021-yilning avgustida “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallashi ortidan loyihani amalga oshirish muddati kechiktirilgan.

2022-yilning 18-iyulidan O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston ushbu temir yo‘l qurilishi yuzasidan amaliy ishlarni boshlagani xabar qilingandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda transafg‘on temir yo‘lini “Janubiy Osiyoga chiqadigan eng ma’qul, eng arzon, eng xavfsiz yo‘l” deb atagan.

Dastavval yangi temir yo‘l qurilishi 5 milliard dollarga tushishi aytilgandi. Biroq 2022-yilning dekabrida Pokiston Temir yo‘llar vazirligi kotibi Zafar Ranja loyiha taxminan 8,2 milliard dollarga baholanayotgani to‘g‘risida bayonot bergan.

Qariyb 600 kilometrli mazkur temir yo‘l O‘zbekiston va mintaqa davlatlari uchun Pokiston dengiz bandargohlariga yo‘l ochadi.

Loyiha to‘liq ishga tushirilgan taqdirda, O‘zbekistondan Pokistonga yuklarni bugungiday 35 kunda emas, balki 3-5 kunda yetkazib berish mumkin bo‘ladi. Bir standart yuk konteynerini manzilga yetkazib berish narxi uch barobarga arzonlaydi. Mazkur yo‘ldan yuk tashish hajmi yiliga 10 million tonnaga yetishi mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kobul va Islomobod o‘rtasidagi ziddiyatlar, afg‘on zaminidagi turli qurolli guruhlar faolligi ushbu yirik infratuzilma loyihasining ro‘yobga chiqishiga xavf tug‘dirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG