Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:41

Rasmiylar bu yil qishda elektr uzilmasligiga va’da berdi. Ekspertlar bunga ishonmayapti


Qirg‘iziston Milliy energoxoldingi rahbari Talaybek Boyg‘oziev bu yil qishda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligiga va’da berdi. Mutaxassislar, To‘xtag‘ul suv omborida suv sathi 12 mlrd kubometrdan pasayib ketganini eslatib, bu va’dani saylovoldi ko‘zbo‘yamachilik deb atamoqda.

Talaybek Boyg‘ozievning aytishicha, 1 - noyabrda ta’mir ishlari tugatilgan va bundan keyin faqat avariya holatlardagina elektr uzib qo‘yilishi mumkin. Uning aytishicha, bu yil Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilga qiyosan 2-3 mln kVt/soatga oshgan.

Anjumanda qirg‘izistonliklar, ayniqsa Bishkek aholisi limitdan ortiqcha elektr sarflayotgani ta’kidlandi. Energiyadan tejab foydalanilsagina ta’minotda uzilish bo‘lishi oldini olish mumkin.

Avvalroq Milliy energetika xoldingi tejamkorlik maqsadida poytaxtda ko‘cha chiroqlari va chiroqli reklamalarni uzib qo‘ya boshlagan edi, ammo jamiyat salbiy munosabat bildirganidan so‘ng shirkat qarorini bekor qildi.

Suv omborida suv sathi past

3 - noyabr holatiga To‘xtag‘ul suv omborida suv hajmi 12 ming kubometrdan kamayib ketgan. Holbuki To‘xtag‘ul GESi Qirg‘iziston elektr energiyasining qariyb 40 foizini beradi.

Bir yil avval omborda 15.2 mlrd kub suv bor edi. Qish bexarxasha o‘tishi uchun rezervuarda 16-17 mlrd kub suv bo‘lishi kerak. Vaziyatdan chiqish uchun hukumat elektr energiyasini qo‘shni mamlakatlardan import qiladi. Xususan, Turkmanistondan pulga, Qozog‘iston va O‘zbekistondan esa qaytarish sharti bilan qarzga oladi.

Boyg‘oziyev O‘zbekiston tomoni elektr energiyasi yetkazib berish majburiyatini bajarib bo‘lganini, Qozog‘iston esa, o‘zida elektr quvvati tanqisligi mavjudligi tufayli hali oxiriga yetkaza olmaganini ma’lum qildi.

Bu orada esa Qirg‘iziston qo‘shnilarini suv inqirozidan ogohlantirdi. Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev Markaziy Osiyo Qo‘shma energetika tizimi muvofiqlashtirish kengashining 2 - noyabr kuni Bishkekda o‘tgan yig‘ilishida shunday bayonot bilan chiqdi.

“Ushbu vaziyat kelgusi yili vegetatsiya davrini muvaffaqiyatli o‘tkazishimizga imkon bermaydi. To‘xtag‘ul suv omboridagi suv darajasi Qirg‘izistonga ham, qo‘shni davlatlarga ham ta’sir etadi”, dedi vazir.

“Hozir o‘chirishmasa, saylovdan keyin aniq o‘chirishadi”

Energetika sohasi eksperti Ernest Qaribekov elektr ta’minotida uzilishlar baribir bo‘ladi, deb hisoblaydi va rasmiylar shunchaki saylov arafasida va’da berib yuborganini aytadi.

“Kuz-qish mavsumidan uzilishlarsiz chiqa olishmaydi ular. 1 mlrd 650 mln kVt/soat import qilganimizda ham, Bishkekdagi IES 450 megavatt beradi, To‘xtag‘ul suv omborida esa suv 12 mlrd kubometrdan kamayib ketgan. Bahorda u yerda 7 mlrd kub suv bo‘lishi uchun mamlakatning chorak qismini o‘chirib qo‘yish kerak bo‘ladi. Vazirlik harchand karillamasin, svetni uzib qo‘yishadi baribir. Hozir bo‘lmasa, saylovdan keyin”, deydi ekspert.

15 - oktabrdan Qirg‘izistonda elektr energiyasi uchun yangi tariflar kuchga kirdi. Korxonalar va shirkatlar uchun 1.68 somdan 5.04 somgacha yangi narxlar joriy etildi.

Aholi uchun tariflar o‘zgarmadi – 700 kVt/soatgacha 77 tiyindan, ammo limitdan tashqari har bir kilovatt uchun 2.16 somdan undiriladi.

XS
SM
MD
LG