Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Reuters: Eron Isroilga qarshi choralar muhokamasi uchun ittifoqchilarini to‘plamoqda


Eronlik yuqori lavozimli amaldorlar Tehronda HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilgani ortidan Isroilga qarshi muhtamal javob choralarini muhokama qilish uchun Iroq, Livan va Yaman qurolli guruhlari vakillari bilan uchrashadi. Bu haqda Reuters agentligi beshta manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Avvalroq The New York Times uch manbaga tayangan holda Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba hozirlash topshirig‘ini bergani haqida xabar qilgan edi. Javob zarbasiga Ismoil Haniyaning o‘limi sabab o‘laroq ko‘rsatilgan, bu o‘lim uchun Tehron mas’uliyatni Isroilga yuklamoqda. Isroil rasmiylari va harbiylari Haniya o‘limi yuzasidan izoh berishmagan, bu o‘lim bilan bog‘liq rasmiy ma’lumot berilgan emas. Manbalar ta’kidicha, uning uyi raketa zarbasiga nishon bo‘lgan.

Birinchi avgust kuni Tehronda Ismoil Haniyaning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Nova agentligi. Janoza marosimiga Eron rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy boshchilik qilgan. Marosimga o‘n minglab odam yig‘ilgan.

Eron shu yilning 14-apreliga o‘tar kechasi Isroilni yoppasiga raketalar bilan o‘qqa tutgan, bu hujum Isroilning Suriyaga bergan zarbasida eronlik harbiy maslahatchilar halok bo‘lganiga javob ekani aytilgan. O‘sha paytda Isroil bo‘ylab uchirilgan dronlar va raketalarning qariyb hammasi urib tushirilgani, hech kim halok bo‘lmagani aytilgandi.

Isroil bilan HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv radikal guruhning 2023-yil 7-oktyabrida Isroil janubiga qilgan hujumi ortidan kuchayib ketgan. Bu hujumga javoban Isroil HAMAS nazorati ostida bo‘lgan G‘azo sektorida harbiy amaliyot boshlagan.

XS
SM
MD
LG