Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:32

Rishtonliklar Dushanbe va’da qilgan bog‘cha qurilishi qachon bitishiga qiziqmoqda


Tojikiston hukumati tomonidan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Rishton tumanida qurilayotgan bolalar bog‘chasi binosi
Tojikiston hukumati tomonidan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Rishton tumanida qurilayotgan bolalar bog‘chasi binosi

Farg‘ona viloyat, Rishton tumanida yashaydigan tojik millatiga mansub fuqarolar Tojikiston va’da qilgan bolalar bog‘chasi qurib bitkazilishini kutmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 - yili Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Toshkent va Dushanbe rasmiylari ikki mamlakat hududida yashaydigan tojiklar va o‘zbeklar uchun maktab, bog‘cha va kasalxonalar qurib berish haqida kelishib olgandilar. Bu kelishuv ortidan O‘zbekiston tomoni Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen tumanida maktab qurib, 2020 - yil sentabrida foydalanishga topshirgan.

Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Rishton tumanidagi bolalar bog‘chasi qurilishi koronavirus pandemiyasi va u bilan bog‘liq cheklovlar tufayli to‘xtatilganini bildirgan. Bu orada, xabardor manbadan olingan ma’lumotga ko‘ra, Tojikiston Samarqand viloyatining Urgut tumanida maktab qurgan, biroq binoni pardozlash va jihozlash ishlarini nihoyasiga yetkazmagan.

O‘zini Mahmudxon deb tanishtirgan rishtonlik turg‘un 15 - dekabr kuni Ozodlikning tojik xizmatiga Tojikiston hisobidan tumanda barpo etilayotgan bog‘cha qurilishi “muzlatib qo‘yilgan”ini yozgan.

Bizga: “Tojikiston hatto bolalar bog‘chasini ham qurolmadi”, deyishyapti. Biz Tojikiston rasmiylaridan bog‘cha qurilishini tezroq yakunlab, foydalanishga topshirishni so‘raymiz, aks holda, bu holat mamlakat e’tiboriga va rishtonlik tojiklar obro‘siga putur yetkazadi”, deb yozgan Mahmudxon.

Rishtonlik boshqa bir necha fuqaro ham telefon suhbati chog‘ida shunga o‘xshash fikrlarni bildirgan.

Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Sodiq Imomiy Ozodlik radiosining tojik xizmatiga yo‘llagan yozma javobida bolalar bog‘chasi qurilishi bitayotgani, faqat pardozlash ishlari qolgani, biroq ishni poyoniga yetkazishga koronavirus pandemiyasi xalaqit berganini ma’lum qilgan.

Qurilish pandemiya va chegaralar yopilib qolgani bilan bog‘liq cheklovlar tufayli “muzlatilgan”. Bir yarim oy avval men obyektda bo‘ldim. Qurilishning asosiy qismi yakunlangan, faqat pardozlash ishlari va bog‘chani jihozlash qolgan, xolos. Chegaralar ochilganidan keyin barcha ishlar davom ettiriladi”, deya ishontirgan diplomat.

Tojik tilida yozadigan o‘zbekistonlik jurnalist Mirasror Farg‘oniy Tojikiston tashqarisida yashaydigan tojiklar o‘z tili va madaniyatini saqlab qolishi uchun Dushanbe xorijda bolalar bog‘chalari va maktablar qurish orqali tojik tili va madaniyatini dastaklashi muhim ekanini aytgan.

Uning fikricha, hozirda bog‘cha qurilishi to‘xtatilgan va Tojikiston obyekt qurilishini yakunlash uchun butun kuchini ishga solishi kerak.

Pandemiya oqlov uchun sabab bo‘lmasligi kerak, chunki O‘zbekiston xuddi shunday cheklovlar sharoitida So‘g‘ddagi maktabni qurib bitirib, foydalanishga topshirishga erishdi”, deya qayd etgan M. Farg‘oniy.

O‘zbekiston bilan Tojikiston 2018 - yilda bir-birovining hududida yashayotgan o‘zbeklar va tojiklar uchun maktab, bog‘cha va kasalxonalar qurib berish haqida kelishuvga erishgan.

Kelishuvga muvofiq, Tojikiston Samarqandda 640 o‘rinli umumta’lim maktabi va Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 300 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurib berish majburiyatini zimmasiga olgan.

Ayni kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Tojikistonning Spitamen tumanida qiymati 18 million somoniyga (taqriban 1,8 mln dollar) teng bo‘lgan 630 o‘rinli maktab qurib, shu yil sentabrida foydalanishga topshirgan va Qubodiyonda 200 o‘rinli kasalxona qurishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG