Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Rossiya armiyasi safida jang qilishga shaylangan yana bir o‘zbekistonlik jazolandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tuman sudi Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan, biroq jangovar tayyorgarlikni tamomlagach, harbiy lagerdan qochib, O‘zbekistonga qaytgan fuqaroning ozodligini 3 yilga cheklash haqida hukm chiqargan.

Gazeta.uz nashri qaydicha, sud hukmi 24-iyun kunida chiqqan bo‘lishiga qaramay, bu haqda jamoatchilikka endigina ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 23 yoshli yigit 2023-yil dekabr oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan. U Moskvada turli qurilish maydonlarida ishlagan, keyin tungi klubda bufetchi bo‘lgan, biroq maoshi oila xarajatlariga yetmagan.

Joriy yilning 5-fevral kuni u Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolashga qaror qilgan. Shartnomaga muvofiq, u Ukraina urushida qatnashgani uchun bir martalik 195 ming rubl (taxminan 27,9 million so‘m), so‘ngra VTB bank kartasiga oyiga 240 ming rubldan (34,3 million so‘m) olishi kerak bo‘lgan.

U 24 nafar rossiyalik, o‘zbekistonlik va tojikistonlik bilan birgalikda Moskva viloyatidagi “Avangard” harbiy lagerida maxsus jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, oddiy askar va o‘qchi lavozimini egallagan. Biroq yigit Ukraina urushida oyog‘idan jarohat olgan zobit hikoyasini eshitib, qo‘rqib ketgan va otasi kasal ekanini aytib, qisqa muddatga xizmatdan bo‘shatishni so‘ragan. Shundan so‘ng u O‘zbekistonning Moskvadagi diplomatlari yordamida O‘zbekistonga qochib ketgan.

Sud yigitning qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi, muqaddam sudlanmagani va jangovar harakatlarda qatnashmaganini hisobga olib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Hukmga muvofiq, uning kechki soat 21:00 dan ertalabki 06:00 gacha uyidan chiqish taqiqlangan.

Bu Ukraina urushida qatnashish uchun Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan shaxsning O‘zbekiston sudi tomonidan jazoga tortilishi bo‘yicha ikkinchi holatdir. Avvalroq Ozodlik Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy shirkati safida yarim yil mobaynida Ukrainada jang qilgan Shavkat Yo‘ldoshevga nisbatan Ohangaron tuman sudi tomonidan 2 ĭil-u 6 oĭ muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi taĭinlangani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG