Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:27

Rossiya deportatsiya markazlaridagi o‘zbeklar soni keskin kamaydi


Chelyabinskdagi deportatsiya markazi Rossiyadagi 76 ta Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridan biri
Chelyabinskdagi deportatsiya markazi Rossiyadagi 76 ta Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridan biri

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaning Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan 13 kishini o‘z uyiga qaytardi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu ishni bir qator vakolatli va xalqaro tashkilotlar ko‘magida amalga oshirgan.

Huquq faollari Rossiyadagi o‘nlab xorijliklarni saqlash markazlarida qolgan 100 ga yaqin o‘zbekistonlik qaydga olinganini aytishmoqda.

Rossiyaning Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridan 13 kishi O‘zbekistonga olib kelindi.

O‘zbekistonliklar 23 - yanvar kuni Moskva – Toshkent charter reys orqali uylariga yetib keldi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, “O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari profilaktik va tushuntirish tadbirlarini o‘tkazgan”.

Ozodlik Rossiyaning har bir mintaqasida ishlayotgan o‘nlab Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazlari - SUVSIGlarda yana qancha o‘zbekistonlik muhojir qolayotgani borasida ma’lumot olishga urindi.

Moskvadagi “EtMos” jamoatchilik tashkiloti prezidenti, huquq himoyachisi Karimjon Yorov Ozodlik bilan suhbatda Rossiyada oxirgi paytlarda hibsga olishlar keskin kamaygani sabablariga to‘xtaldi.

- SUVSIGlarda fuqaroligi yo‘q shaxslar, sudi yakunlangan, ammo to‘lovlarini amalga oshirmasdan qolayotganlar, jinoiy javobgarlikka tortilganlar, deportatsiyasini kutayotgan fuqarolar qolyapti. Odatda, Rossiyaning deportatsiya markazlarida saqlanayotganlarning katta qismini o‘zbekistonliklar tashkil etib kelgan. Ammo oxirgi paytlarda vaziyat o‘zgardi. Masalan, 2021 - yilning 1 - yanvariga qadar berilgan ma’lumotga binoan, Moskva viloyatiga qarashli Xorijliklarni saqlash markazida saqlanayotgan 26 kishidan 6 nafari O‘zbekiston fuqarolari; Irkutsk SUVSIGidagi 28 kishilik ro‘yxatda 8 nafar O‘zbekistondan ekanini ko‘rish mumkin. Bu normal holat, chunki o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyada haqiqatan ko‘pchilikni tashkil etib kelgan. Hatto pandemiya vaqtida. Hozir esa ular ancha kamayib qolgan, dedi Karimjon Yorov.

Huquq faoli pandemiya yangidan avj olgan bugungi kunda Rossiyada “vidvoreniye”, ya’ni “migratsiya qonunchiligini buzgani uchun mamlakatdan badarg‘a qilish” amaliyoti davom etayotgan bo‘lsa-da, ularni SUVSIGlarga joylashtirish deyarli yo‘q bo‘ldi, deydi.

- Rossiya sudlari o‘zbek, tojik va qirg‘iz muhojirlari ustidan sud mahkamalarini davom ettiryapti, ammo ularni SUVSIGlarga joylashtirish holatlari keskin kamaygan. Lekin bu “mehnat migrantlariga nisbatan adolatsiz jazo choralari kamaydi” , degani emas. Shunchaki, Rossiyaga hozir ishchi kuchi kerak, - dedi suhbatdosh.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa huquq faollari Rossiyada mavjud 76 ta xorijliklarni saqlash markazlarida qolgan o‘zbeklar soni 100 taga ham yetmasligini ta’kidlamoqda.

O‘zbek muhojirlarni olib chiqishda O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik vakolatxonalari va Mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari katta yordam bergani alohida ta’kidlandi.

Ozodlik boshqa manbalardan tasdiqlatib olgan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning yanvar oyiga qadar Sankt-Peterburgdagi deportatsiya markazida 85ta ushlab turilgandan 21 nafari O‘zbekistondan ekani aniqlandi. Ayni paytda Moskva shahrining Saxarovo lagerida 15 nafar, Moskva viloyatining Yegoryevsk shahridagi SUVSIGda 2 nafar, Tverdagida esa 5 nafar O‘zbekiston vatandoshi turli sabablarga ko‘ra ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi.

Huquq faollari bugungi kunda deportatsiya markazlaridagi migrantlarning aksarini Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksning 19.3 moddasi, ya’ni “Politsiya va boshqa davlat kuchishlatar organ xodimining qonuniy talabini bajarmaslik” moddasi asosida tashlanayotganlar tashkil etishiga jamoatchilik e’tiborini qaratdi.

Rossiyada avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli rossiyalik huquq faollari xorijliklarni saqlash muassasalari (SUVSIG)da saqlanayotgan xorij grajdanlarini kasallik yuqtirib olmasligi uchun imkon qadar tezroq o‘z yurtlariga jo‘natish talabi bilan rus hukumatiga maxsus murojaat hozirlagan edi.

Unda jamoatchilik faollari chet elliklarning deportatsiya lagerlarida ushlab turilishi ularning koronavirus bilan kasallanqishiga olib kelishi va u yerdagi odamlarning hayoti va sog‘ligi xavf ostida qolayotgani ta’kidlagan.

Rossiyadagi huquq himoyasi tashkilotlari hisob-kitobiga ko‘ra, pandemiya avj olishni boshlagan 2020 - yilning aprel oyida Rossiya SUVSIGlarida 10 mingdan ziyod odam ushlab turilgan.

Ozodlik migratsiya qonunchiligini buzganligi uchun Rossiya deportatsiya markazlarida ushlab turilgan xorijliklarning aksar qismini o‘zbek muhojirlari tashkil etishi, ayrim o‘zbekistonliklar oylab va hatto yillab bu muassasalarda ushlab turilgani to‘g‘risida xabar berib kelgan.

Ayni paytda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “xorijlik hamkorlar bilan Rossiyada mehnat migrantlari yetishmovchiligi masalasini” muhokama qilishga va’da bergandi.

Rossiya IIVsi ma’lum qilishicha, 2019 - yilda 250 mingdan ortiq, 2020 - yilda esa 189 ming xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kirishi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG