Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev VGTRKga bergan intervyusida 685 mingga yaqin xorijlik “nazoratdagi shaxs” reyestriga kiritilganini ma’lum qildi.
“Bu reyestrning asosiy maqsadi – mamlakatimizda noqonuniy yurgan xorijlik fuqarolar, ya’ni mamlakatimizda qonuniy asosda yurish asosini yo‘qotgan fuqarolar sonini cheklash”, deya izohlagan IIV rahbari.
Kolokolsevga ko‘ra, reyestrdan chiqish uchun migrantlar “o‘zining RFda bo‘lishini legallashtirishga zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish” uchun 30-aprelgacha politsiya bo‘limiga kelishlari lozim.
Kolokolsev 5-mart kuni IIVning kengaytirilgan majlisida chiqish qila turib, reyestrga faqat 400 ming kishi kiritilganini aytgan edi. Reyestrga tushgan shaxslar huquqi keskin cheklanishi ko‘zda tutilgan.
Rossiyada xorijliklar uchun “nazoratdagi shaxslar” reyestri 5-fevraldan ishga tushgan. Uning joriy etilishini Moskvadagi “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan terakt ortidan migrantlarga nisbatan qonunchilik kuchaytirilishi manzarasida Davlat dumasi deputatlari talab qilishgan.
Bundan tashqari, rossiyalik rasmiylar nikoh asosida osonlashtirilgan tartibda yashash ruxsatnomasi olinishini cheklab qo‘yishgan, mamlakatdan badarg‘a qilishning yangi tartibini tasdiqlashgan va migrantlarning rus tilini bilmaydigan farzandlarini maktablarga qabul qilinishini taqiqlab qo‘yishgan.