Jahon banki geosiyosiy xavflar tufayli, ayniqsa Yaqin Sharqdagi mojaro manzarasida neft narxi ko‘tarilishidan ogohlantirmoqda. Bu esa, xususan, Rossiya neft savdosidan oladigan daromadlarini ko‘paydirib oladi, deganidir. Sanksiyalarga qaramay, Rossiya hukumati 2024-yilda neft-gaz daromadlari 30 foizga o‘sishini kutyapti.
Rossiya o‘ziga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga moslashishga muvaffaq bo‘lgan – Kiyev iqtisodiyot maktabi ekspertlari shunday xulosaga kelishdi. Urushayotgan Rossiya, Yevropa bozorida ulkan talafot berganiga qaramay o‘z iqtisodiyotini tiklamoqda.
Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanguncha Rossiya byudjetining 30-35 foizini neft sotishdan keladigan daromadlar tashkil etardi. Ya’ni, yumshoq qilib aytganda, neftga jiddiy qaram edi. Rossiya topgan pullarining bir qismini urushga, ya’ni qurol ishlab chiqarish va armiya ta’minotiga sarflayotgani sababli Ukraina Yevropa, AQSH va boshqa ittifoqchilarini ushbu daromadlarni qirqish yo‘llarini topishga qistadi. Natijada Yevroittifoq Rossiya neftini to‘liq taqiqladi va narx chegarasini belgiladi.
Taqiq-ku tushunarli. Ammo narx chegarasi degani xiyla murakkab narsa. Gap shundaki, Rossiya tijoratda sherik va hamkorlarsiz qolib ketayotgani yo‘q. Hindiston, Xitoy va Turkiyaga Rossiyadan neft sotib olishni man etib bo‘lmaydi. Rossiya neft eksportining uchdan ikki qismi aynan shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq neft tashuvchilar va sug‘urtachilarining aksari – YI mamlakatlaridagi shirkatlar va ularning hamkorlaridir. Nefti bir barreliga ko‘pi bilan 60 dollar bahoda sotiladigan bo‘lsa, Rossiya ushbu G‘arb shirkatlari xizmatlaridan foydalanishi mumkin, deb qaror qabul qilishdi. Eng yuqori narx chegarasi degani shu. Bunaqa mexanizm ilgari hech qachon hech qaerda qo‘llanmagan va u dastavval Rossiyaga qarshi juda samarali ishladi.
2023-yil mayda AQSH Moliya vazirligi hisoboti chiqdi. Unga ko‘ra, urushga qadar Rossiyaning faqat neftdan olgan daromadlari byudjetning 30-35 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilda neftdan keladigan daromadlar 23 foizga tushib ketgan. Ya’ni, 10 foizdan ortiq kamaygan.
Ammo bu uzoqqa bormadi. 2023-yilning iyulidayoq Rossiya nefti o‘rtacha narxi eng yuqori chegaradan oshdi. Qanday qilib?
“Rossiya neft sanksiyalariga qo‘shilmagan sug‘urta shirkatlaridan foydalanish va juda ko‘p sonli kemalarni jalb etish hisobiga neft narxi to‘sig‘idan oshib o‘ta oldi”, deya izoh beradi “Nastoyashcheye vremya”ning iqtisodiy sharhlovchisi Denis Yelaxovskiy. OAVlar mulkchilik tuzilmasi shubhali, tushunarsiz bo‘lgan kemalardan foydalanishni “yashirin flot” deya ta’riflaydi.
Kiyev iqtisodiyot maktabi ma’lumotiga ko‘ra, G‘arb sug‘urta shirkatlarining Rossiyadan dengiz orqali neft eksport qilishdagi ulushi 2022-yil apreldan joriy yilning avgustiga qadar salkam 80 foizdan 31 foizga tushib ketgan. Bunda neftga talab ortishining ham hissasi bor, albatta. Rossiya o‘z xomashyosini kamroq chegirmalar bilan sota boshlagan. Natijada sentabr oyiga kelib neft eksporti daromadlari 18,8 mlrd dollarga yetadi. Bu esa 2022-yilning iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Kiyev iqtisodiyot maktabi qayd etishicha, qisman rubl qadrsizlanishi hisobiga avgustdan boshlab Rossiya byudjeti yana profitsitli bo‘lgan, so‘nggi oylarda esa sezilarli umumiy yaxshilanish kuzatilmoqda. Rossiya hukumati sanksiyalar sharoitida nafaqat neft va gazdan foyda ko‘rishni va xarajatlarni cheklashni o‘rganib oldi, balki neft-gaz faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalardan daromad topishni ham tuzukkina eplamoqda. Narxlar oshishi hisobiga QQS tushumlari ko‘paydi.
Kiyev iqtisodiyot maktabi G‘arb sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta’siri qisqa muddatli bo‘lganini, biroq u tiklanayotganini va endilikda yangi choralar, yangi sanksiyalar zarurligini urg‘ulaydi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda Rossiya YIM 2,1 foizga qisqargan. Lekin joriy yildayoq u 0,8-2,2 foizga o‘sishi kutilmoqda. Rossiya Moliya vazirligi esa kelgusi yilda daromadlar 22 foizga o‘sishidan umid qilyapti. Bu rossiyaliklar farovonlik darajasi oshadi, degani emas, albatta. “YIM o‘sishi jamiyatning iste’mol manfaatlari markazlashgan nuqtalarda yuz bermaydi. Bular boshqa-boshqa narsalar”, deydi Denis Yelaxovskiy.
Kiyev iqtisodiyot maktabi xulosasida Rossiya iqtisodiyotining nozik joylari hanuz ko‘pligi ham qayd etilgan. Masalan, emigratsiya ko‘rsatkichi hanuz yuqori, demakki, malakali kadrlar tanqisligi davom etmoqda, boz ustiga zaxiralardan to‘la hajmlarda foydalanish imkoniyati yo‘q, chunki ularning katta qismi G‘arb banklarida muzlatilgan. Ammo baribir sanksiyalar beqaror ishlamoqda. Rossiya – ularni chetlab o‘tish, Ukraina bilan G‘arb esa, aksincha, kuchaytirish yo‘llarini izlaydi.