Adovat qo‘zg‘atganlikda ayblanib, to‘rt yilga qamalgan “Vatandosh” o‘zbeklar jamiyati raisi Usmon Baratov 36 kundan buyon jazo izolyatorida saqlanmoqda, deya ma’lum qildi Baratovni qo‘llash uchun tuzilgan telegram guruhi.
O‘tgan yil avgustida Moskva viloyatining Stupino shahar sudi Baratovni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasi 2-qismi bo‘yicha aybdor deb topib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.
Baratovga qarshi jinoyat ishi ochilishiga uning “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘iga tovuqlar aks etgan surat karikatura joylagani sabab bo‘lgan. Mazkur karikaturada tovuqlardan biri “Tuxum bo‘lishi uchun xo‘rozlarni urushdan qaytaringlar” deyayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u koloniyaga 2025-yil 10-yanvarida olib borilgan. Karantindan chiqqanidan keyin u jazo izolyatoriga yo‘llangan va hali ham o‘sha yerda tutib turilibdi – uning jazo izolyatorida tutish muddati muntazam ravishda cho‘zib kelinmoqda.
U jazo izolyatoriga, jumladan harakatlanish chog‘ida qo‘lini orqaga qilib yurmagani uchun tashlangan. Usmon Baratov bu ishni hibsga olish chog‘ida olingan jarohatlar va xastaligi tufayli qila olmayotganini aytgan.
“Men bu ishni qilolmayman, chunki gipertoniya, osteoxondroz hamda hibsga olish chog‘ida ikki nafar SOBRchining ustimda sakraganlari, boshimga tepganlari, qo‘lqop bilan urganlari doxil kaltaklashlar va qiynoqlar paytida olingan jarohatlar tufayli, ya’ni umurtqa, bosh va tovonlarim jarohatlangani sababli men devorlarni ushlab yoki dorvozlarday qo‘limni langar qilib harakatlanishga majburman, aks holda, yiqilib tushaman”, degan Baratov.
Usmon Baratov jazo izolyatoridan 3-mart kuni chiqishi kerak. U “ashaddiy tartib buzuvchi” deb tan olingan, shuning uchun jazo izolyatoridan chiqqanidan keyin qattiq tartibli qamoqqa o‘tkazilishi mumkin.
Baratovning o‘zi unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha lingvistik ekspertiza noto‘g‘ri o‘tkazilganini, Rossiya sudida o‘tkazilgan mahkama esa noqonuniy bo‘lganini bildirgan. Baratov fikricha, uning ishi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida ko‘rilishi kerak edi.
Usmon Baratov 2024-yil fevralida Rossiya Adliya vazirligi talabi bilan “ekstremistlar va terrorchilar” ro‘yxatiga kiritilgan edi.