Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Rossiya O‘zbekistonda kam quvvatli AESlar qurmoqchi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o‘) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, Toshkent, 2024-yil 27-mayi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o‘) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, Toshkent, 2024-yil 27-mayi

Rossiya O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishni rejalayapti. Bunga oid kelishuv O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida 27-may kuni Toshkentda imzolangan qator shartnomalarning biri bo‘lgan.

Mirziyoyev kichik AESlar qurilishini “muhim kelishuv” deb atab, O‘zbekiston “o‘zining yirik uran zaxiralariga ega” ekanini ta’kidlagan.

Ayni paytda Putin O‘zbekiston atom energetikasi bozorida “samarali ishlash uchun” qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da bergan.

Loyiha amalga oshsa, bu atom elektr stansiyasi Markaziy Osiyodagi ilk AES bo‘ladi, bu esa Rossiyaning mintaqaga ta’sirini yanada mustahkamlaydi.

Avvalroq Rossiya O‘zbekistonda nafaqat 2,4 GVt quvvatga ega yuqori quvvatli atom elektr stansiyasini qurishda, balki “har biri 55 MVtgacha bo‘lgan, Rossiya dizayni bo‘yicha bosimli suv reaktoriga asoslangan va har biri 6 tagacha energiya blokidan iborat atom elektr stansiyalari” qurilishida ham hamkorlik qilishiga oid xabarlar chiqqan edi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Putin O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 million dollarlik qo‘shma investitsiya fondiga Rossiya 400 million dollar yotqizishini bildirgan.

Mirziyoyev Toshkent Rossiyadan katta miqdorda neft va gaz sotib olishdan manfaatdor ekanini aytgan. Bu Moskva Markaziy Osiyodan neft va gaz import qilgan ko‘p yillik tajribaga ziddir.

Rossiya prezidenti O‘zbekistonga yetkazib berilajak gaz hajmini oshirishga va’da bergan.

Toshkentdagi sammitda Putin va Mirziyoyev migratsiya masalalarini ham muhokama qilishgan. Rossiya prezidenti mezbon prezidentga o‘z hukumati o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga yaxshi mehnat sharoiti yaratib berish va ijtimoiy himoya bilan ta’minlashni va’da qilgan.

Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan 26-may oqshomida O‘zbekistonga kelgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.

Xalqaro tadqiqotlarda urg‘ulanishicha, O‘zbekiston Rossiyaga ketayotgan sanksiya ostidagi tovarlarning asosiy yo‘llanish nuqtalaridan biridir. Rossiya shu kunda tashqi savdo aylanmasida O‘zbekistonning Xitoydan keyingi ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda.

Putin Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan buyon xorijiy o‘lkalarga kam chiqadigan bo‘lgan.

May oyining ilk haftasida beshinchi marta prezident o‘laroq qasamyodga keltirilgan Putin O‘zbekistonga Xitoy va Belarusga safari ortidan kelgan.

XS
SM
MD
LG