Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:03

Rossiya propagandasi Raisiyni "G‘arb o‘ldirgani"ni iddao qilmoqda. Bu ularga nega kerak?


Rossiyada davlat OAVlari Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘limi oldindan rejalangani haqidagi farazni zo‘r berib yoymoqda.

Raisiy halokati rasman tasdiqlangan kuni Vladimir Putin Eron Oliy diniy rahbari Ali Xomaneiyga telegramma yo‘llab, ta’ziya bildirdi. Maktubda Putin voqeani “butun Eron xalqi uchun ulkan fojia”, Raisiyni esa “butun umrini vatan xizmatiga baxshida etgan buyuk siyosatchi” va “Rossiyaning haqiqiy do‘sti, ikki mamlakat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik aloqalari rivojlanishiga bebaho shaxsiy hissasini qo‘shgan, strategik hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish uchun katta say’-harakatlar qilgan shaxs” deb atagan.

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanib, Kreml va Rossiya HSKga nisbatan qator sanksiyalar joriy etilgach, aynan Eron Rossiyaning urushdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lib qoldi. Xususan, Rossiya ukrain shaharlarini vayron qilishda foydalanayotgan “Shahed” dronlarini Erondan oladi.

Eron prezidentini TIV rahbari Sergey Lavrov ham “Rossiyaning ishonchli do‘sti” deb atadi.

Ibrohim Raisiy halok bo‘lgan vertolyot halokatiga kelsak, “Perviy” yoki “Rossiya-24” kabi markaziy telekanallar voqeaga bir qadar bosiqlik bilan baho berdi. Boshqa ayrim kanallar esa konspirologik tahlillarni boshlab yubordi, masalan, “360” kanali hali Eron rasmiy bayonot bermay, halokat sababini “topdi”: go‘yo Raisiy “o‘ldirilgan” va “bunga G‘arb aybdor” emish.

Раисийдан сўнг Эронни нима кутмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:57 0:00

Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin “Ribar” telegram-kanali Raisiy o‘limida “kollektiv G‘arb”dan tashqari Isroilni ham aybladi.

“Agentstvo” nashri jurnalistlari Raisiy bilan yuz bergan voqealar “G‘arb tomonidan rejalangan qotillik bo‘lishi mumkin” qabilidagi konspirologik nazariyani eng avvalo Russia Today bosh muharriri Margarita Simonyan va LDPR lideri Leonid Slutskiylar tarqata boshlaganiga e’tibor berishdi. Ulardan so‘ng kamida ikkita yirik Z-kanal ham shu haqda yozdi. Simonyan Eronda yuz bergan voqeani Slovakiya bosh vaziri Roberto Fitso suiqasdi va Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan taqqoslagan.

Eron prezidenti vertolyoti halokatining rasmiy sababi hali ochiqlanmadi. Eron davlat mediasida ilk xabarlarida noqulay ob-havo va texnik nosozlikni taxminiy sabablar o‘laroq tilga olgan edi. Chunonchi, IRNA agentligiga ko‘ra, Ibrohim Raisiy ishlab chiqarilganiga qariyb 50 yil bo‘lgan vertolyotda uchgan bo‘lishi mumkin. Aytilishicha, u Eron aviasanoatiga qarshi qo‘llangan sanksiyalar tufayli eski bortlardan foydalangan.

Xo‘sh, “Raisiy kollektiv G‘arb tomonidan o‘ldirildi” degan nazariyani yoyish Rossiya propagandasiga nega kerak? Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha ekspert Ivan Preobrajenskiy “Nastoyashcheye vremya” efirida shu savolga javob berdi.

Siyosatshunos fikricha, birinchi taxmin – Vladimir Putinning shaxsiy pozitsiyasi va uning voqelikni idrok etish tarzidir.

“Ma’lumki, u boshqa diktatorlar bilan bo‘ladigan har qanday muammolarni ularga suiqasd qilishga urinish deb tushunadi. Adashmasam, “do‘sti” Ugo Chaves o‘lganida ham “amerikaliklar unga saraton kasalini yuqtirishgan”mi yoki shunga o‘xshash gap aytgan edi. Qolaversa, Liviya diktatori Muammar Qaddofiy o‘limi ham unga og‘ir botganini bilamiz. Holbuki, putin qayoqdayu Qaddofiy qayoqda? Shunday bo‘lsa ham bu voqea Putinga juda jiddiy ta’sir qildi, – deydi Ivan Preobrajenskiy. – Xullas, ushbu holatda ham uning versiyasi tayin: bu konspirologik versiya. Rossiya propagandachilari esa uning dilidagini topib, ko‘nglini olishga harakat qilishyapti. Xuddi, ko‘ryapsizmi, biz ham sizga o‘xshab fikrlaymiz, deyishmoqchi”.

Ekspertga ko‘ra, bu yerda G‘arb “avtomatik tarzda” ayblangan bo‘lishi ham mumkin, chunki Rossiyada tizim shunday ishlaydi.

Президент Раисийнинг ҳалокати: Эронда 5 кунлик мотам эълон қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:04 0:00

Raisiy o‘ldi va tez orada yangi prezident saylovi o‘tkaziladi. Ammo, Ivan Preobrajenskiy fikricha, Rossiya va Eron munosabatlari avvalgidek qolaji, zero ikki diktatorlik rejimining manfaatlari o‘xshash.

“Ikki diktatorning manfaatlari mutlaqo uyg‘un, binobarin ular hamkorlikni avvalgi shaklda davom ettirishlariga aminman. Boz ustiga, Eron uchun ham, Rossiya uchun ham Xitoyning ra’yi juda muhim. Ishonchim komilki, Xitoy xayrixohlik bilan qaramaganida bu ikkisi yaqinlasha olmagan bo‘lardi”, deydi siyosatshunos.

Eronda prezident emas, balki 84 yoshli oyatulloh Xomaneiy davlat rahbari hisoblanadi. Xomaneiyning vorisi kim bo‘lishi masalasi ko‘pdan beri zimdan muhokama qilinayotgani aytiladi. Ibrohim Raisiy nomzodlardan biri o‘laroq tilga olingan edi.

“Shu nuqtayi nazardan u va uning Rossiya bilan aloqalari Kreml uchun juda muhim edi. Chunki, oyatulloh rutbasini olib, chinakam davlat rahbariga aylanganida Rossiya uchun qurol-aslaha yetkazib berish va hamkorlikka doir yanada manfaatli qarorlarni qabul qilgan bo‘lardi. Ayni bosqichda qabul qilingan qarorlar katta ehtimol-la unga tegishli emas, Raisiy Eron diplomatiyasining yuzi bo‘lgan, xolos. Strategik qarorlar Xomaneiy va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan qabul qilinadi. Raisiy real davlat rahbari bo‘lishi mumkin edi, Kreml ham, aftidan, unga umid bog‘lagan va ushbu vaziyatda u o‘zining Tehrondagi odamini yo‘qotdi”, deya so‘zini yakunlaydi Ivan Preobrajenskiy.

XS
SM
MD
LG