Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:19

Rossiya shirkatlari "Suxoy" uchoqlarida O‘zbekistonga parvozlarni tiklamoqda


Rossiyaning “Azimut” aviashirkati 28-mart kuni Rossiyaning janubiy shaharlaridan O‘zbekistonning Urganch va Samarqand shaharlariga muntazam havo qatnovini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.
Rossiyaning “Azimut” aviashirkati 28-mart kuni Rossiyaning janubiy shaharlaridan O‘zbekistonning Urganch va Samarqand shaharlariga muntazam havo qatnovini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

Ukrainaga urush sabab G‘arbning iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalari ostida qolgan Rossiya aviashirkatlari Boeing va Airbus uchoqlari o‘rniga o‘rta masofaga mo‘ljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlarida O‘zbekistonga parvozlarni tiklamoqda.

Sukhoi Superjet 100 samolyotlari uch ming kilometrdan ortiq masofaga ucha olmaydi.

Bunday uchoqlarda Moskvadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish imkonsiz.

Mutaxassislarga ko‘ra, shu sabab Rossiya aviashirkatlari mamlakat janubiy shaharlarini O‘zbekistonga parvozlar uchun transport markazlari sifatida tanlamoqda.

Rossiyaning “Azimut” aviashirkati 28-mart kuni Rostov-na-Donu, Krasnodar, Mineralniye vodi shaharlaridan O‘zbekistonning Urganch va Samarqand shaharlariga muntazam havo qatnovini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

Shirkat loukoster samolyotlarida “Rostov-na-Donu- Samarqand- Rostov-na-Donu”, “Rostov-na-Donu- Urganch- Rostov-na-Donu”, “Krasnodar- Urganch- Krasnodar” va ”Mineralniye Vodi- Urganch- Mineralniye Vodi” yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Shirkat buning uchun O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligidan ruxsat olgan.

Parvozlar qachondan boshlanishi ma’lum emas.

29-mart kuni Rossiyaning yana bir aviakompaniyasi - Redwings Maxachqaladan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘ygani xabar qilindi. TASS agentligiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi parvozlar ham "Suxoy" uchoqlarida amalga oshiriladi.

Bundan oldin Rossiyaning “Aeroflot” shirkati Sochi shahridan O‘zbekistonning Urganch, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona shaharlariga Sukhoi Superjet 100 uchoqlarida qatnovchi yo‘nalish ochganini bildirgandi.

Kremlning Ukrainaga urushi ortidan G‘arb qo‘llagan sanksiyalar Rossiya aviashirkatlarini deyarli uchoqsiz qoldirdi.

Rossiya aviakompaniyalari O‘zbekistonga muntazam qatnab kelgan reyslarni bekor qilishi ortidan bilet narxlarining keskin qimmatlagani kuzatilmoqda.

Boeing o‘rniga Sukhoi

Rossiya aviashirkatlari O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni Boeing va Airbus uchoqlarida amalga oshirib kelgan.

Shu oy boshida dunyoning eng yirik uchoq shirkati Boeing va Airbus Rossiya bilan hamkorlikni butunlay to‘xtatdi.

Bu ikkala kompaniya uchqichlari Rossiya aviakompaniyalari ishlatib kelgan aviaflotning uchdan ikki qismini tashkil etadi.

Rossiya aviakompaniyalari ijaraga olgan samolyotlar o‘z egalariga qaytarilishi kerak va ulardan yo‘lovchilarni tashish vositasi sifatida foydalanish mumkin emas.

Rossiya havo shirkatlari parkining katta qismini esa chet elda ishlab chiqarilgan samolyotlar: Boeing, Airbus, Embrair va Bombardier tashkil qiladi.

Rossiya Federal havo transporti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, jami 980 laynerdan 750 tasi xorij shirkatlariga tegishli.

Buning ortidan Rossiyaning “Aeroflot”, S7 va Smartavia aviakompaniyalari xorijiy davlatlar, jumladan O‘zbekistonga ham parvozlarni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Shu oy o‘rtalarida Rosaviatsiya aviatashuvchilarga mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan uchoqlar, jumladan Sukhoi Superjet samolyotlaridan foydalanishni tavsiya qildi.

Rossiyada Sukhoi Superjet 100 samolyotlaridan ichki yo‘nalishlarda foydalaniladi.

Sababi 98 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bu uchoq 3 ming kilometrdan ortiq masofaga ucholmaydi.

"Suxoy" Moskvadan Toshkentga uchishga chidamaydi"

Rossiyalik aviatsiya sohasi mutaxassisi, sobiq uchuvchi Aleksandr Fursovning Ozodlikka aytishicha, aynan shu bois xorijiy parvozlar uchun Rossiyaning janubiy shaharlari transport markazlari sifatida tanlanmoqda.

“Hozir “Aeroflot” va boshqa aviashirkatlar xorijga parvoz qilish uchun G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga harakat qilmoqda, Sukhoi Superjet samolyotlari yordamida, lekin bu samolyotlar uzoq masofaga tortmaydi. Moskvaning Sheremetyevo aeroportidan bunaqa kichik uchoqda Toshkentga yoki boshqa shaharlarga bu samolyotda uchib bo‘lmaydi. Shuning uchun, Sochi, Rostov, Krasnodar kabi shaharlar ikkinchi baza sifatida tanlanmoqda. Chunki Rostovdan Samarqandga 2 yarim ming kilometr, amallasa bo‘ladi”, - deydi Fursov.

“Aeroflot” shirkati Sochi shahridan Sukhoi Superjet uchoqlarida O‘zbekiston doxil Armaniston, Misr, Isroil, Qozog‘iston, Turkiyaga jami 17 ta xorijiy yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishga umid qilmoqda.

Putinning loyihasi

Sukhoi Superjet 100 SSSR parchalanganidan keyin Rossiyada ishlab chiqarilgan birinchi yo‘lovchi samolyotidir.

Prezident Vladimir Putinning alohida patronajligi ostida 2011-yilda ishga tushirilgan paytda u rossiyaliklar uchun milliy g‘urur manbai bo‘lgan.

Sukhoi Superjet 100 uchog‘i.
Sukhoi Superjet 100 uchog‘i.

Biroq so‘nggi yillarda samolyotda ko‘plab texnik muammolar qayd etilgan va Rossiya xorijiy aviatashuvchilarni uni sotib olishga ko‘ndira olmagan.

Hukumat Rossiya aviakompaniyalarini Sukhoi Superjet sotib olishga rag‘batlantirish uchun subsidiyalar taklif qildi va “Aeroflot” shirkati uning asosiy operatoriga aylandi.

Rossiya fuqarolik aviatsiyasi parkida yuzdan ziyod Sukhoi Superjet 100 uchog‘i bor.

Ayni paytda mutaxassislar Rossiya shirkatlari Sukhoi Superjet uchoqlaridan qancha uzoq foydalana olishlari mumkin, degan savolni ham o‘rtaga qo‘yishmoqda

Bu uchoq Rossiyada ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, ehtiyot qismlarining qariyb o‘ttiz foizi xorijiy kompaniyalar tomonidan yetkazib beriladi.

Jumladan, uning dizaynida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Shveysariya kompaniyalarining texnologiyalari va tizim ishlanmalari (gidravlika, avionika, yoqilg‘i tizimi, boshqaruv va boshqalar) qo‘llanilgan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Rossiyaga samolyotlar uchun ehtiyot qismlarni olib o‘tishni taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi.

Kanadada yashovchi jurnalist, uchuvchilik sohasi bilan yaxshi tanish bo‘lgan Bahtiyor Shohnazarovning Ozodlikka aytishicha, g‘arb davlatlaridan olinadigan yuqori texnologiyali ehtiyot qismlarsiz Sukhoi Superjet uchoqlari xavfli transport vositasiga aylanib qolishi hech gap emas.

“Uchoqning eng muhim komponentlarini Rossiya chet davlatlardan oladi. Yetmish foizi Rossiyaning o‘zida, qolgan o‘ttiz foizini chetdan oladi. Endi Xitoydan olamiz, deyishyapti. Faqat sertifikatli ishlab chiqaruvchilardan olishi kerak. Bozorda sudraydigan arava haqida gap ketayotgani yo‘q bu erda. O‘ttiz foiz yuqori texnologiya haqida gap ketyapti. Rossiya bir o‘zi buni hech qachon qilolmaydi”, - deydi Shohnazarov.

Uch yil avval Sukhoi Superjet 100 bilan bog‘liq aviahalokat bu uchoq xavfsizligini savol ostiga qo‘ydi.

2019-yil 5-may kuni Moskvadan Murmanskka yo‘l olgan 28 daqiqa o‘tib Sheremetyevo aeroportiga shoshilinch tarzda qo‘nish payti yonib ketdi.

2019-yil 5-may kuni Moskvadan Murmanskka yo‘l olgan 28 daqiqa o‘tib Sheremetyevo aeroportiga shoshilinch tarzda qo‘nish payti yonib ketdi.
2019-yil 5-may kuni Moskvadan Murmanskka yo‘l olgan 28 daqiqa o‘tib Sheremetyevo aeroportiga shoshilinch tarzda qo‘nish payti yonib ketdi.

Oqibatda qirqdan ziyod yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Bundan oldin Sukhoi Superjet 100 uchog‘i 2012-yilda Indoneziyada bortida 45 yo‘lovchi bilan halokatga uchragandi.

XS
SM
MD
LG