Forbes jurnali xodimi Sergey Mingazov Rossiyada armiya to‘g‘risida “feyk” tarqatganlikka oid ish bo‘yicha jarimaga tortildi.
Xabarovskning Krasnoflotsk tuman sudi Forbes jurnalistiga Rossiya armiyasi to‘g‘risida “feyk” tarqatganlikka oid ish bo‘yicha 700 ming rubl (bugungi kurs bo‘yicha 8 ming AQSH dollaridan ko‘proq) jarima tayin qildi, deb yozgan “Kommersant” nashri.
Mingazov Ukrainaning Bucha shahridagi voqealarga oid uchta xabarni repost qilganlikda ayblangan. U bitta holat bo‘yicha ayblovni tan olgan. U qilgan ishidan taassufda ekanini bildirib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan hukm chiqarishni so‘ragan.
Fevral oyi boshida o‘tkazilgan mahkama majlislarida davlat qoralovchisi suddan Sergey Mingazovni olti yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.