Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:54

Rossiya va AQSH o‘rtasida tarixiy mahkum almashuvi amalga oshdi


Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan bir necha taniqli mahkumning advokatlari o‘z mijozlari qayerda ekanidan xabarsiz ekanlarini aytishmoqda
Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan bir necha taniqli mahkumning advokatlari o‘z mijozlari qayerda ekanidan xabarsiz ekanlarini aytishmoqda

Rossiya, AQSH va boshqa bir qator davlatlar Sovuq Urush tugaganidan buyon eng yirik mahkum almashuvini amalga oshirishdi.

Bloomberg, Sky News, CNN va boshqa g‘arb ommaviy axborot vositalari Rossiya hibsxonalari va qamoqxonalarida saqlanayotgan bir necha xorijlik siyosiy mahbus ko‘rinmay qolganidan so‘ng ular almashinuvga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida yoza boshlashdi.

Almashtirilayotgan mahkumlar ismlari hozircha ochiqlangan emas.

Mahbuslar almashinuvini Vashington ham, Moskva ham hali tasdiqlagani yo‘q. Biroq tahlilchilar oldingi mahkum almashinuvida foydalanilgan samolyotlar ko‘ringaniga ishora qilib, bu tahminlar haqiqatga yaqinligini ta’kidlashmoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning mavzu yuzasidan bergan savoliga "Menda bu mavzu bo‘yicha hozircha hech qanday izoh yo‘q", deya javob berdi.

Avvalroq Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan taniqli mahkumlardan bir qanchasi to‘satdan g‘oyib bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi – ular orasida muxolifat faollari Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin ham bor. Bu ko‘pincha mahkumlar boshqa qamoqxonaga ko‘chirilayotganida yuzaga keladigan holatdir.

Rossiya va Britaniya fuqarosi Kara-Murzaning advokati avvalroq mijozi saqlanayotgan Omsk qamoqxonasiga kiritilmaganini ma’lum qilgandi.

AQSH sobiq dengiz piyodasi Pol Uilanning advokati Olga Karlova ham 31-iyul kuni mijozi qayerdaligini bilmasligini, Mordoviya viloyatidagi qamoqxona rahbariyati uning jazoni ijro etish muassasasida ekanini tasdiqlashga oid so‘rovlarga javob bermayotganini bildirgan.

Hozirda Rossiya qamoqxonalarida josuslik, giyohvand moddalarni saqlash va o‘g‘rilik kabi ayblovlar bilan ayblangan 10 dan ziyod AQSH fuqarosi saqlanmoqda.

AQSH hukumati Rossiya qamoqxonalarida tutib turilgan amerikaliklar soxta ayblovlar va siyosiy motivlar bilan hibsga olinganini iddao qilgan.

Mahkum almashuvi jarayoni boshlandi

Rossiya 1-avgust kuni Evan Gershkovich, Pol Uilan va Vladimir Kara-Murzani AQSHga ekstraditsiya qildi.

"Ozodlik" radiosi jurnalisti Alsu Kurmasheva ham mahbuslar almashinuvi doirasida ozod qilinadi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik mediakorporatsiyasi prezidenti Stiven Kapus ma’lum qildi.

"Biz nohaq qamalgan barcha siyosiy mahbuslar, xususan, Alsu va Evan kabi jurnalistlar o‘z yaqinlariga qaytariladi, deb umid qilamiz. Jurnalistika – jinoyat emas. Belarus va Rossiya nazorati ostidagi Qrimda nohaq qamalgan uch nafar “Ozodlik” jurnalistiga ham ularni unutmaganimizni aytmoqchiman. Biz sizni ozod qilish va oilangiz bag‘riga qaytarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, deyilgan Stiven Kapusning 1-avgust kuni yoyinlangan bayonotida.

Belarusda “Ozodlik” radiosining ikki muxbiri Igor Losik va Andrey Kuznechik, Qrimda esa Vladislav Yesipenko hibsda saqlanyapti.

Mahkum almashuvidan dalolat beruvchi harakatlar AQSHda ham kuzatilmoqda

Qo‘shma Shtatlar qamoqxonalarida saqlanayotgan to‘rt nafar rossiyalik mahbusning ismi AQSH Federal qamoqxonalar byurosining ma’lumotlar bazasidan g‘oyib bo‘ldi.

Ular orasida Kremlga aloqador ko‘riladigan va AQSHda uzoq yillik qamoq jazosini o‘tayotgan IT-tadbirkor Vladislav Klyushin va yaqinda pul yuvish ayblovlarini tan olgan Aleksandr Vinnik kabi shaxslar bor.

Rossiya va AQSH o‘rtasida Sovuq urush davridan beri eng katta mahkum almashinuvi 2010-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Unda jami 14 mahbus almashtirilgan.

O‘shanda Qo‘shma Shtatlar Anna Chapman va yana 9 nafar rossiyalikni ozod qilgan. Rossiya esa to‘rt kishi qatorida Britaniya foydasiga josuslikda ayblangan rus harbiy razvedka zobiti Sergey Skripalni AQSHga topshirgandi.

Mahkum almashuvi Anqara aeroportida o‘tkazildi

Turkiya poytaxti Anqara shahri aeroportida 1-avgust kuni AQSH, Rossiya va yana bir necha mamlakat o‘rtasida mahkum almashuvi bo‘lib o‘tdi.

Turkiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, almashilishi kerak bo‘lgan odamlar ro‘yxatida ikki bola doxil 26 kishi bor. Ulardan 10 nafari Rossiyaga, 13 nafari Germaniyaga, uch nafari esa AQSHga yo‘l olishadi. Mahkum almashuvi jarayonida AQSH, Germaniya, Polsha, Norvegiya, Sloveniya, Rossiya va Belarus kabi davlatlar ishtirok etgan.

Rossiya qamoqxonasidan ozod bo‘lganlar orasida siyosiy mahbuslar Ilya Yashin, Vladimir Kara-Murza, Oleg Orlov, Liliya Chanisheva, Andrey Pivovarov, Sasha Skochilenko va boshqalar, shuningdek, amerikalik jurnalist Evan Gershkovich va “Ozodlik” radiosining tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmashevalar bor.

Rossiyaga qaytadiganlar orasida esa Berlinda chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilining o‘limida ayblanib qamalgan Vadim Krasikov, haker Roman Seleznev, josus Dulsevlar va boshqalar borligi aytilmoqda.

Oq uy Rossiya bilan mahkum almashilganini tasdiqladi

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya bilan o‘zaro mahkum almashilganini tasdiqladi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, 1-avgust kuni adolatsiz ravishda Rossiyada ozodlikdan mahrum etilgan amerikalik uch fuqaro va bir grin-karta sohibi – Pol Uilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Vladimir Kara-Murza nihoyat uylariga qaytmoqda.

Ularning ozodligini ta’minlagan kelishuv diplomatiyamizning ulkan muvaffaqiyati bo‘ldi. Umumiy hisobda Rossiyadan 16 kishining, shu jumladan Germaniyaning besh fuqarosi va Rossiya fuqarosi bo‘lgan yetti nafar siyosiy mahbusning ozod qilinishiga erishdik. Ulardan ayrimlari uzoq yillar davomida adolatsiz ravishda hibsda tutib turilgan. Ularning hammasi tasavvurga sig‘maydigan azob-uqubat va noaniqlikni boshdan kechirishgan. Bugun ular tortgan aziyatlar nihoyasiga yetdi”, deyilgan Oq uy bayonotida.

Prezident Bayden mahkum almashuvini tashkil etishda ko‘mak ko‘rsatgan Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Turkiyaga tashakkur izhor etgan.

Bu holat dunyoda biz ishonishimiz va suyanishimiz mumkin bo‘lgan do‘stlarga ega bo‘lish nima uchun bu qadar muhimligining yorqin namoyishidir. Bizning ittifoqchilarimiz amerikaliklar uchun dunyoni yanada xavfsizroq qilishmoqda”, degan AQSH prezidenti.

XS
SM
MD
LG