Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Rossiyada 80 dan ortiq xorijiy OAV sayti bloklanadi


Rossiyada Yevropaning o‘nlab yetakchi ommaviy axborot vositalari saytlari va boshqa mediaresurslariga kirishga to‘siq qo‘yiladi. Bu haqda 25-iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot tarqatdi. TIV bayonotida bu YIda Rossiyaning uchta OAV blokirovka qilinganiga javob chorasi ekani aytilgan.

Rossiya TIV tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatga Yevropa Ittifoqining 25 mamlakatiga qarashli (Xorvatiya va Lyuksemburgdan tashqari) 81 ta nashr kiritilgan. Ular orasida tele- va radiokompaniyalar, gazetalar, jurnallar, onlayn-OAV bor. Ro‘yxatda Germaniyaning Spiegel va FAZ, Fransiyaning Le Monde va Liberation, Ispaniyaning El País, Italiyaning La Stampa va La Repubblica, France Presse agentligi, qator mamlakatlarning jamoatchilik teleradiokompaniyalariga duch kelish mumkin.

Moskva Yevropa mediasini “maxsus harbiy amaliyotning borishi haqida muntazam ravishda noto‘g‘ri axborot tarqatish”da ayblamoqda (“maxsus harbiy amaliyot” deganda Rossiya rasmiylari o‘z armiyasining Ukrainaga bostirib kirishini nazarda tutadi – tahr.). TIV bayonotida “Rossiya OAVga nisbatan cheklovlar olib tashlangan taqdirda, Rossiya tomoni ham o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqadi”, deyilgan.

24-iyun YIning rasmiy xabarnomasida Yevropa Ittifoqi kengashining Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning 14-paketi kiritilganiga oid qarori e’lon qilingan. Shu bilan yangi sanksiyalar kuchga kirgan. Bu gal, jumladan Rossiyaning RIA “Novosti”, “Rossiyskaya gazeta” va “Izvestiya” nashrlari ham sanksiya ostiga tushgan. YIda bu OAV saytlariga kirishga cheklov qo‘yiladi.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan buyon Rossiyada milliondan ortiq saytlar blokirovka qilingan. Ular orasida Facebook, Instagram va Twitter (hozirda - X) ijtimoiy tarmoqlari hamda “Ozodlik” radiosi doxil Rossiya rasmiylaridan mustaqil bo‘lgan OAV saytlari bor. Blokirovkani aylanib o‘tish uchun rossiyaliklar VPN-xizmatlardan foydalanib kelishadi, Rossiya rasmiylari esa bu xizmatlar saytlariga ham muntazam ravishda to‘siq qo‘yib keladilar.

XS
SM
MD
LG