Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 13:00

Rossiyada migrantlarning bolalarini bepul o‘qitishni taqiqlashmoqchi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiya Davlat dumasiga mamlakat bog‘chalari va maktablarida migrantlar farzandlarining bepul o‘qitilishini bekor qilish taklif qilinayotgan qonun loyihasi kiritilmoqda.

TASS agentligining xabar qilishicha, mazkur g‘oya muallifi Davlat dumasining mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov bo‘lib hisoblanadi. Nilov fikricha, “xorijlik bolalarni Rossiya byudjeti hisobidan o‘qitish bo‘yicha xayriya epopeyasini tugatish” vaqti yetgan.

Agar xorijlik ota-onalar istasa, marhamat qilib o‘z bolalarimizni ta’lim muassasalarimizga tijoriy asosda (ya’ni muayyan haq evaziga demoqchi — tahr.) joylashtirishlari mumkin. Buning uchun alohida tijorat sinflari ochaverishsin. Bizning rossiyalik bolalar xorijlik ishchilar farzandlarining bu qadar ko‘pligidan aziyat chekmasligi lozim”, degan Yaroslav Nilov Duma majlisidagi chiqishida.

Nilov tashabbusi Rossiya hududida xorijlik ishchilarning yurish-turish tartib-qoidalarini kuchaytirishdagi galdagi qadamlardan biri bo‘ldi. Huquq faollariga ko‘ra, bu qadamlar “tobora diskriminatsion xarakterga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan migrantlarga qarshi qaratilgani kundan-kunga ayon bo‘lib bormoqda”.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Rossiyada migrantlarning farzandlari bepul ta’lim olishadi.

TASS agentligi qonunchilik tashabbusiga ilova qilingan tushuntirish xatiga tayangan holda g‘oya mualliflari “so‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari va maktablarda MDHning qator mamlakatlari va O‘rta Osiyodan bo‘lgan migrantlarning farzandlari soni keskin ko‘payib ketgani”dan xavotirda ekani haqida yozgan.

Rossiyaning bog‘cha va maktablarida migrantlar farzandlari sonining nazoratsiz oshib borayotgani ularda joy yetishmasligiga olib kelmoqda… Ayrim maktablarda o‘nlab 1-sinflar ochilmoqda, ayni paytda ikkinchi smenada o‘qiydiganlar ulushi oshib boryapti. O‘qituvchilarning ham dars yuklamalari oshgan, ular me’yordan 1,5–2 baravar ko‘p ishlashga majbur bo‘lishmoqda”, deyilgan hujjatda.

Avvalroq Rossiya Davlat dumasi rahbari Vyacheslav Volodin migratsiyani tartibga solish masalasi parlament ishidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini hamda deputatlar Rossiya fuqarosi bo‘lmagan migrantlarga oila a’zolarini olib kelishni taqiqlaydigan qonun qabul qilishi mumkinligini bildirgan edi.

Rossiya jamiyatida migrantlarga qarshi ritorika va ksenofobiya kayfiyatlari shu yilning mart oyida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir etilgan terakt ortidan kuchayib ketgan. Mazkur hujumda gumonlanib kamida 20 kishi qo‘lga olingan. Asosan tojikistonliklardan iborat bo‘lgan bu kishilar matbuot va jamoatchilik uchun yopiq tarzda o‘tkazilayotgan sudlarda o‘zlarining aybsizligini bildirishmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi so‘nggi yetti oy ichida mamlakatdan 90 mingdan ziyod noqonuniy migrant chiqarib yuborilganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG