Sankt-Peterburgning Oktyabr tumani sudi jurnalist Aleksandr Nevzorov va uning rafiqasi Lidiya Nevzorovani ekstremistik birlashma deb topib, Rossiya hududida ularning faoliyatini taqiqlash haqida qaror chiqardi. Shuningdek, sud qaroriga muvofiq, er-xotinning butun mol-mulki davlat foydasiga musodara etiladi.
Bu haqda o‘z telegram-kanalida yozgan huquqshunos Aleksey Pryanishnikovga ko‘ra, sud qarorida Nevzorovlarga qarashli yer uchastkalari, turarjoy, avtomobil va bir korxonadagi ulush davlat foydasiga olib qo‘yilishi qayd etilgan.
Qaror Sankt-Peterburg shahar prokurorining da’vo arizasi bo‘yicha qabul qilingan. Mazkur da’vo arizasi sudga topshirilgani haqida may oyining ikkinchi yarmida xabar qilingan edi. O‘sha paytda advokatlar prokurorning bu arizasi Rossiyada o‘zgacha fikrlovchilar mol-mulkini tortib olish bo‘yicha yangi universal sxemaning sinovdan o‘tkazilishi bo‘lishi mumkinligini aytishgandi. Advokat Pryanishnikov Rossiya sud amaliyotida bu kabi holatlar bo‘lmaganini qayd etgan.
Tergov idoralari izohida er-xotin Nevzorovlar “2022-yilning mart oyidan hozirgi paytgacha internetdagi shaxsiy sahifalarida maxsus harbiy amaliyot (Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushni shunday deb ataydi – tahr.) o‘tkazilishi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar joylashtirib, voyaga yetmaganlar doxil cheklanmagan miqdordagi shaxslarga ekstremistik mafkurani yoyib kelishmoqda”, deyilgan.
Aleksandr Nevzorov Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan keyin Rossiyadan chiqib ketgan. Urush boshlagan rossiyalik rasmiylar xatti-harakatini qoralagan jurnalist rafiqasi bilan birgalikda Ukraina fuqaroligini olgan.
Prokurorning da’vo arizasiga oid yangilikni ijtimoiy tarmoqlar orqali sharhlagan Nevzorov uni Rossiya bilan bog‘lab turuvchi hech narsa bo‘lmasligini istashini hamda mol-mulkka aloqador biror masala uni qiziqtirmasligini urg‘ulagan.
Jurnalist Rossiyada mamlakat armiyasi to‘g‘risida “feyk” tarqatganlikka oid ish bo‘yicha sirtdan 8 yillik qamoqqan hukm qilingan. Sud Nevzorovning Mariupol va Buchadagi harbiy jinoyatlarga oid xabarlarini noto‘g‘ri axborot, degan xulosaga kelgan.