Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:34

Rossiyada "Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi" bank hisoblari muzlatib qo‘yildi


14 - may kuni Moskva shahar sudi ijrochilari bosh boshqarmasi vakillari Ozodlik radiosi rus xizmati – Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Moskva byurosiga qarshi sud qarorlarini ijro etish ishlari boshlaganini ma’lum qildi.

Rossiya sudi Radioga munozarali «xorij agentlari» qonuniga binoan yirik miqdorda jarima solgan. Radio bu jarimalarni to‘lashdan bosh tortib keladi.

Sud ijrochilaridan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga kelib tushgan hujjatlarga ko‘ra, 10 ta sud qarorini ijro etish jarayoni boshlangan. Ushbu 10 qaror bo‘yicha RSE/RS ikki oy ichida umumiy miqdorda 5 million rubl jarima to‘lashi kerak bo‘lgan.

14 - may kuni sud ijrochilari Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Moskvadagi byurosida ikki soatga yaqin vaqt o‘tkazib, u yerdagi uskunalarni inventarizatsiya qilishni boshlagan. Ular byuro ishchilariga to‘sqinlik qilmagan, hech kimni hibsga olmagan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jalina Porter matbuotga bergan intervyusida RSE/RS bank hisoblari muzlatib qo‘yilganidan xavotir izhor qildi va bu chorani Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositalari ovozini o‘chirishga qaratilgan navbatdagi chorasi deb atadi.

Roskomnadzor Ozodlik radiosining Rossiyada «xorij agentlari» deb topilgan sakkiz loyihasi qonunni buzgani haqida yil boshidan beri 520 ta bayonnoma tuzgan.

Rossiyaning «xorijiy agent» deb nomlangan qonunchiligi 2012 - yilda qabul qilingan va bir necha bor o‘zgartirilgan. Qonunga binoan, chet eldan yordam oladigan va hukumat nazarida siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari guruhlari va ommaviy axborot vositalari «xorijiy agentlar» deb belgilanishi mumkin.

O‘tgan yili Roskomnadzor ro‘yxatdagi ommaviy axborot vositalaridan barcha yozma materiallarni katta hajmdagi yozuv bilan, barcha radio materiallarni audio bayonot bilan va barcha video materiallarni 15 soniyali matnli deklaratsiya bilan belgilashni talab qiluvchi qoidalarni qabul qildi.

RSE/RS «xorij agenti» ekanini rad etib, sud talablarini bajarmay keladi. Radio Svoboda, shuningdek, sud qarorlari ustidan shikoyat qilgan, ammo bugunga qadar rus sudlari radioning 250 dan ziyod appelyatsiyasini rad etdi.

Bugunga qadar Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga umumiy hisobda qariyb 70 million rubl jarima solindi.

Aprel oyi o‘rtasida Ozodlik o‘zining RSE/RS MChJ mediatashkilotiga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar ustidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qildi.

13 - may kuni bo‘lib o‘tgan press-brifingda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Moskva Ozodlik radiosiga qarshi ko‘rayotgan choralar jurnalistlarning huquqlarini buzishi haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Zaxarova AQSh rasmiylarining bu ayblovlari RSE/RS AQSh hukumati targ‘ibotini tarqatish bilan shug‘ullanishi isbotlashini ta’kidladi.

Ozodlik prezidenti Jeymi Flay Zaxarovaning so‘zlarini rad etib, mediatashkilot «Kremlning noqulay haqiqatlarni senzura qilish urinishlariga» qarshi kurashishda davom etishini aytdi.

«Ozodlik radiosining Rossiyadagi jurnalistlari vatanparvar Rossiya fuqarolari, amerikaliklar emas», - dedi u.

13 - may kuni Rossiyaning «TASS» davlat axborot agentligi Moskva sudi Ozodlikka qarshi bayonnomalarning 140 tasini to‘xtatib, ularni qayta ko‘rib chiqish uchun quyi sudga yuborganini xabar qildi. Bunday qaror haqida Ozodlikka rasman ma’lumot berilgani yo‘q.

So‘nggi yillarda Ozodlik radiosi va Ozodlikning boshqa loyihalari Rossiyada muttasil ommalashmoqda. Ozodlikning mamlakatdagi haftalik auditoriyasi 7 million kishiga yetgan. Rus tilidagi Radio Svoboda saytiga 2021 - yilning har oyida 16 milliondan ortiq foydalanuvchi kirishi qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG