Rossiya Federatsiyasida ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan va “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari”da saqlanayotgan yetti nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga olib kelingan. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar tegishli markazga joylashtirilgan, ular ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.
Xabarnomada Rossiyadan olib kelingan bolalarning nima sababdan qarovsiz qolganiga aniqlik kiritilgan emas. Avvalroq Ozodlikka bu kabi bolalar ota-onalari Rossiyadan deportatsiya qilingani ortidan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari”ga olib ketilayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushgan edi.
Xabarnomada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasining Sankt-Peterburgga xizmat safari chog‘ida Rossiyada ishlayotgan 300 dan ziyod o‘zbekistonlik ayolning mehnat sharoiti o‘rganilgani, ular orasida og‘ir vaziyatga tushib qolgan 10 dan ortiq ayolning O‘zbekistonga qaytishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangani qo‘shimcha qilingan.