Tojikiston futbol federatsiyasi Rossiya futbol ittifoqining noyabr oyida terma jamoalarning o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish taklifini rad etdi. Oldinroq Bosh vazir Kohir Rasulzoda mamlakat “Rossiyada migratsiya maydonini tartibga solish chora-tadbirlari chog‘ida o‘z fuqarolarining asosiy huquq va erkinliklari surunkasiga buzilayotgani”dan tashvishda ekani haqida bayonot bergandi. Ozodlikning “Sibir.Realii” loyihasi Rossiyadagi aksilmigrant kampaniyasi va bundan kim manfaatdor bo‘lishi mumkinligini ekspertlar bilan birga tahlil qildi.
Aprelda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Moskva iqtisodiy forumida Zenden Group shirkati prezidenti Andrey Pavlov Moskvadagi va hududlardagi mulozimlarni go‘yoki “demografiya muammosini yumshatish uchun migrantlarga yoppasiga pasport berish”da aybladi. “O‘tgan yili tojiklarning o‘zidan 187 ming kishi pasport oldi. Ular bolalarini olib kela boshlashdi. Har birining 3-4 talab bolasi bor, Leningrad viloyatida esa bir oilaga 0,88 bola to‘g‘ri keladi”, dedi Pavlov.
“Krokus” teraktidan keyin esa Rossiya hukumati migratsiya siyosatini va, xususan, ishga joylashish talablarini keskin kuchaytirdi. Politsiya esa Rossiya fuqaroligini olgan, lekin harbiy ro‘yxatga kirmay yurgan markaziy osiyoliklarni “ovlash”ni boshladi. 4 -oktyabr kuni Yekaterinburgning Kolsovo aeroportida o‘nlab migrantlarga “povestka” tutqazilib, harbiy komissariatga jo‘natildi.
Sankt-Peterburg kuchishlatar xodimlari oktyabrning birinchi haftasida qoidabuzar migrantlarga qarshi kurashda kunlik rejimga o‘tdi. 78.ru sayti yozishicha, 5-oktyabrda Peterburg bozorlarida o‘tkazilgan migratsiya reydlaridan so‘ng 100 ga yaqin kishi Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga qaror qilgan. 2024-yil boshidan beri, muqaddam Rossiya fuqaroligiga o‘tgan 2,5 mingdan ziyod migrant harbiy hisobga qo‘yilgani aytilmoqda.
Ushbu manzarada mehnat migrantlarining Rossiyadan ketishi “pandemiya davri” darajasiga yetdi – 2020-2022-yillarda 2 mln nafardan ortiq chet ellik ishchilar Rossiyani tark etgandi. “Nezavisimaya gazeta” yozishicha, migratsiya qoidalaridagi hozirgi o‘zgarishlar bu rekordning bir million ortig‘i bilan yangilanishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, ekspertlarga ko‘ra, chet ellik ishchilarning qariyb yarmi Rossiyani qaytmaydigan bo‘lib tark etayotir.
Duma migrantlarga qarshi
2024-yilda Rossiya Davlat Dumasi mamlakatning yangi tarixida eng ko‘p aksilmigrant qonunlarni qabul qilgan bo‘lsa ajab emas. Bahorgi sessiya yakunida Duma spikeri Volodin g‘aladonida mehnat migratsiyasini cheklashga doir 22 ta qonun loyihasi yotganini aytgan edi. Kuzda deputatlar ularni apil-tapil qabul qila boshlashdi. Ekspertlar fikricha, hukumat bunaqa populistik siyosati bilan jamiyatdagi ksenofob kayfiyatini qondirishga urinmoqda. Biroq bu Rossiya iqtisodiyoti uchun qanaqa oqibatlarga olib kelishini bashorat qilish mushkul.
Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, mehnat migrantlarini yollash tajribasiga ega shirkatlarning uchdan ikki qismi chet ellik ishchilarni jalb qilishda quyidagi muammolarga duch kelmoqda:
- bozorda zarur mutaxassislar yo‘qligi;
- vakansiyalarga talabgorlar rus tili imtihonidan o‘ta olmayotgani;
- regionlarda migrantlarni ishga yollashga qo‘yilgan cheklovlar;
- mamlakatga kirishga ruxsat olishdagi qiyinchiliklar.
So‘rovdan anglashilishicha, 82,8 foiz shirkatda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, migrantlar mavjud vakansiyalardan nari borsa 1 foizini band qilishlari mumkin.
Politsiya xodimlariga chet elliklarni sud yoki chegara xizmati qarorisiz deportatsiya qilishga allaqachon ruxsat berilgan. Noqonuniy migratsiyani tashkil qilish orqali orttirilgan mol-mulk musodara qilinadi. Deputatlar Rossiya fuqarosi bilan nikohdan o‘tgan chet elliklarga yashash ruxsatnomasi berish qoidalariga ham qattiq talablar kiritishdi. Endilikda mazkur hujjat nikohga uch yil to‘lganidan keyingina beriladi.
Duma yana bir nechta “aksilmigrant” qonunni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Ulardan biri – migrantlarga oilasini Rossiyaga ko‘chirib kelishni taqiqlovchi qonun. Deputatlar noqonuniy migratsiyani tashkil qilishni o‘ta xavfli jinoyatga tenglashtirib, hujjatlar va registratsiyani qalbakilashtirganlik uchun og‘ir javobgarlik choralarini joriy etishni rejalashmoqda.
Shuningdek, migrantlarga qalbaki registratsiya yoki patent olishda yordam kabi noqonuniy xizmatlarni taklif qiluvchi saytlarni sud qarorisiz bloklash joriy etiladi. Vositachi tashkilotlarga migrantlardan imtihon olish man qilinadi. Jinoyat sodir etgan migrant Rossiyada noqonuniy yurgan bo‘lsa, bu uning qilmishini og‘irlashtiruvchi holat deya baholanadi.
Huquq idoralari “migrantlarni noqonuniy yo‘llar bilan legallashtirayotganlar”ga qarshi kurashni boshlab yuborgan. 4-oktyabrda Irkutskda o‘zbeklarning “Nashe Otechestvo” milliy markazi rahbari Yusup Qulmatov hamda tojik diasporasi rahbarining o‘rinbosari noqonuniy migratsiyani tashkil qilishga doir ish bo‘yicha hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, diaspora rahbarlari migrantlarga rus tili va Rossiya qonunchiligi imtihonlaridan o‘tishda pul evaziga yordam bergan.
Ertasi kuni yangiliklar tasmasida FSB Surgutda migratsiya bo‘limi boshlig‘i Lyudmila Karamovani ushlagani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Uni mingdan ziyod migrantni legallashtirish uchun juda katta miqdorda pora olganlikda gumon qilishmoqda. Karamova hamda uning muhtamal sheriklari uy qamog‘ida saqlanmoqda.
Kelasi yilning bahorida IIV saytida noqonuniy migrantlarning ochiq reyestri paydo bo‘ladi. Ushbu ro‘yxatga tushgan chet elliklarga bank kartalaridan foydalanish, transport haydash, bolalarini maktab va bog‘chalarga berish taqiqlanadi.
Boz ustiga Millatlar ishlari bo‘yicha federal agentlik “Migrantlarning xulq-atvor qoidalari”ni o‘ylab topdiki, unda, jumladan, Rossiyada ishlayotgan chet elliklarga jamoat joylarida ona tilida gaplashishni man etish nazarda tutilgan.
“O‘tkinchilarni ona tilida muhokama qilmaslik, boshqalar huzurida ona tilida pichirlamaslik kerak”, deyiladi tez orada barcha migrantlar uchun majburiy bo‘ladigan ushbu kodeksda.
Rossiya regionlarining migrantlarga qarshi kurashi
Mahalliy darajada migrantlarga qarshi kurash yanada kuchaygan. Rossiyada migrantlar patent bo‘yicha ishlaydi, patentni IIVning hududiy bo‘linmalari beradi, regionlar hukumati esa qayerda qancha migrant ishlashini belgilab berish vakolatiga ega. 2024-yil oktyabr holatiga, 30 dan ortiq region migrantlarning ishlashiga turli cheklovlar joriy etgan.
Taqiqlar bo‘yicha Krasnodar o‘lkasi peshqadam bo‘lib turibdi: u yerda migrantlarga faqat qurilishda ishlashga ruxsat berilgan. Sentyabrning o‘rtalarida Moskva viloyati ma’muriyati 2025-yil 1-yanvardan chet elliklar umumiy ovqatlanish korxonalarida, alkogol va tamaki sotuvchi do‘konlarda, shuningdek sport, madaniyat, sog‘liqni saqlash va ta’lim doxil ijtimoiy xizmatlar sohasida ishlay olmasligini e’lon qildi. Ayni taqiqlar Tomsk va Novosibirsk viloyatlarida ham joriy etildi.
Yoqutistonda migrantlar ortiq taksi, yuk tashuvlari va jamoat transportida ishlashi mumkin emas. Amur viloyatida o‘simlikshunoslik, chorvachilik, ov, konchilik, xususan oltin qazib olish sohalarida migrantlarni yollashga taqiq qo‘yildi; yo‘lovchi tashish transportida esa chet ellik xodimlar soni 10 foizdan oshirilmaydigan bo‘ldi. Xabarovsk o‘lkasida cheklovlar transport va kommunal xo‘jalik sohalarini qamrab oladi. Shuningdek, migrantlarga jismoniy shaxslarga ishga yollanish man qilindi.
Samara viloyatida migrantlarga pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanish, sog‘liqni saqlash va ko‘chmas mulkni ijaraga berish sohasida ishlash, haydovchilik qilish, ma’lumotlar bazasini yaratish yoki axborotni joylashtirish taqiqlab qo‘yildi.
Patentga doir regional cheklovlar faqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar (Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston va Belarus) fuqarolariga tatbiq etilmaydi.
Mahalliy ma’murlar mantig‘iga ko‘ra, bo‘shagan ish o‘rinlarini rossiyaliklar band qilmog‘i lozim. Biroq 2024-yil fevraldayoq ekspertlar Rossiyada 4,8 mln ishchi qo‘llari yetishmayotganini aytishgandi, 90 foiz Rossiya shirkatlari kadrlar tanqisligidan, asosan ishchi mutaxassislar yetishmayotganidan nolimoqda.
Sverdlovsk viloyati, butun Ural federal okrugi kabi, mehnat migrantlariga muhtoj, dedi 3-oktyabr kuni 100+ Technobuild forumida Milliy quruvchilar birlashmasi prezidenti Anton Glushkov. Uning fikricha, yaqin xorijdan ishchi kuchi olish qiyinlashgan bo‘lsa, qurilishlarga Hindiston, Pokiston va KXDR fuqarolarini jalb qilish lozim. Lekin bir muammo bor: yaqin xorijlik ishchilardan farqli o‘laroq, ular rus tilini umuman bilishmaydi.
“Ushbu aksilmigrant kampaniya Rossiya iqtisodiyoti uchun eng noqulay pallaga to‘g‘ri keldi. Iqtisodiyot bo‘sh qo‘llarga zor bo‘lib turgan paytda davlat Z-patriotlarning nog‘orasiga o‘ynamoqda, Z-patriotlar esa bari kamida millatchi, balki undan ham yomonroq. Davlat bu telba olomonning ko‘nglini ovlashga urinib g‘irt ahmoqona cheklovlar joriy etyapti”, deydi iqtisodchi Vyacheslav Shiryayev.
“Sibir.Realii” suhbatdoshi mehnat bozorida kadrlar juda tanqislashgan paytda ishchi kuchining ketib qolayotganini “ideal to‘fon” deb ataydi. Shiryayevga ko‘ra, ishchilar yetishmovchiligi ayniqsa savdo, logistika, qurilish va kommunal xo‘jalik sohalarida qattiq sezilyapti, chunki ushbu sohalar hech qachon rossiyaliklar hisobiga ta’minlanmagan.
Migrantlar bo‘lmasa – inflyatsiya va iqtisodiy turg‘unlik bo‘ladi
Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda Rossiyada qonuniy mehnat migrantlari soni qariyb 3,5 mln kishini tashkil qilganki, bu 2019-yilgi ko‘rsatkichdan 1 millionga kam. Asosiy ishchi kuchi ta’minotchilari – fuqarolari Rossiyaga vizasiz kelish huquqiga ega O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bo‘lgan. Ushbu mamlakatlardan kelgan migrantlar Rossiyaga mehnat migratsiyasining 87 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarni Ozarbayjon, Armaniston va Qozog‘iston egallaydi.
“Hozirda ishchi kuchi kelishini cheklaydigan har qanday chora avvalo inflyatsiyani kuchaytiradi. Chunki bu qo‘llar ishlab chiqaradigan tovarlar va xizmatlar pul massasiga yetolmaydi. Iqtisodiyotda pul tovar va xizmatlar pul hajmiga nisbatan ko‘payadi, natijada narxlar oshadi va pul qadrsizlanadi”, deya izoh beradi Shiryayev.
Ekspert qo‘shimcha qilishicha, tovar yetishmovchiligini import hisobiga qoplash mumkin, ammo sanksiyalar ko‘rinishidagi tashqi cheklovlar va pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar buni imkonsiz qilib qo‘ymoqda.
“Shuncha tabiiy cheklovlar bo‘lgani holda davlat ishchi kuchi taklifini sun’iy qisqartirmoqda! Hukumat bir qo‘li bilan o‘z aholisini urushda yo‘q qilyapti: bu o‘lganlar, mayib bo‘lganlar, ishlab chiqarishni tashlab urushga ketganlar va urush tufayli mamlakatni tark etgan yuz minglab insonlarni qamrab oladi. Narigi qo‘li bilan esa ishchi kuchi taklifini cheklamoqda, mamlakatda shusiz ham ulkan demografik tanqislik mavjudligiga qaramay! Bularning bari inflyatsiya va iqtisodiy stagnatsiyaga olib keladi. Markaziy bank ishchi qo‘llar soni kamayishini inflyatsiya omillaridan biri deb atagandi. Bu populizm siyosatining oqibatlari juda ayanchli bo‘ladi”, deydi Shiryayev.
Kim manfaatdor?
Migrantlarga qarshi kampaniyadan avvalo Rossiya kuchishlatar idoralari manfaatdor, deb hisoblaydi Berlindagi Karnegi markazi ilmiy xodimi Temur Umarov.
“Migrantlar kelishidan manfaatdor bo‘lgan iqtisodiy blok shu paytgacha o‘z qarorlarini o‘tkazib keldi, biroq urush kuchishlatar tizimning nufuzini keskin oshirdi. Kuchishlatar idoralar esa migrantlar masalasida iqtisodiy blokning butkul muxolifi. Xullas, urush, uning ortidan “Krokus” terakti va qamoqxonalardagi garovga olish voqealari kuchishlatar idoralarga iqtisodiyot bilan hisoblashmasdan aksilmigrant siyosatni kuchaytirish uchun katta argument bo‘ldi. Rossiya uch yildirki, iqtisodiy barqarorlikni “maxsus harbiy amaliyot”ning mavhum maqsadlariga qurbon qilib kelayotgan ekan, migratsiya sohasida ham xavfsizlik masalalarini iqtisodiy maqbullikdan yuqori qo‘ya oladi”, deydi u.
Temur Umarovga ko‘ra, bu kabi qonunlar – rossiyaliklarning boshqa guruhlarini qonuniy yo‘l bilan diskriminatsiya qilishni boshlash uchun qo‘yilgan ilk qadamdir.
Bundan tashqari, aksilmigrant kampaniyasi ksenofobiyaga chalingan Rossiya propagandasi va “patriotizm kayfiyatli” olomon bayroq qilib olgan miflarga tayanadi. Xususan, yozda Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin migrantlar tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar soni 32 foizga oshganini aytgan edi. Holbuki, tadqiqotlar va IIV statistikasiga ko‘ra, migrantlarning Rossiyada sodir etiladigan barcha jinoyatlardagi ulushi 2 foizga ham yetmaydi.
“Mamlakatni noqonuniy migrantlar bosib ketgan”ligi haqidagi afsona ham statistikaga uyg‘un emas. Rasmiy qaydlarga ko‘ra, Rossiyada jami 625 ming nafar nolegal migrantlar bor.
“Migrantlarga qarshi qonunlar birinchi galda hukumatparast jamoatchilikning ko‘nglini ovlash uchun, go‘yoki hukumat aholi talablariga quloq solayotgandek ko‘rsatish uchun qabul qilinmoqda. Ya’ni davlat ksenofobiyadan o‘z maqsadlarida foydalanib, o‘zini go‘yoki uning sabablari bilan kurashayotgandek tutyapti”, deydi siyosatshunos Fyodor Krasheninnikov.