Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:23

Rossiyaning "gaz ittifoqi"ga doir bayonotlaridan norozi Turkmaniston Moskvadan izoh so‘ramoqda


Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sharq-G‘arb gaz quvurining ochilish marosimida. 31-may, 2010-yil.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sharq-G‘arb gaz quvurining ochilish marosimida. 31-may, 2010-yil.

Ashxobod Moskvaning Rossiya gazini eksport qilishda Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvuridan foydalanishga doir muhtamal rejalaridan bezovta bo‘lmoqda. 12-avgust kuni Turkmaniston TIV saytida turkman mulozimining anchagina keskin bayonoti e’lon qilindi.

Yaqin-yaqingacha Yevropaning eng yirik tabiiy gaz ta’minotchisi bo‘lgan Rossiya Ukrainaga qarshi adolatsiz urushi tufayli xalqaro sanksiyalarga yo‘liqishi ortidan eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga urinmoqda.

“Turkmangaz” davlat konserni raisining o‘rinbosari Mirad Archayev Rossiya TIV iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Brichevskiyning Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokidagi “uch tomonlama gaz ittifoqi”ga doir bayonotlariga izoh berilishini talab qildi.

Rossiya OAVlari 11-avgust kuni Brichevskiy Rossiya “gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik”ni kengaytirish imkoniyatlarini istisno etmasligi, shuningdek mazkur hamkorlikka “boshqa davlatlar ham qiziqish bilan qarayotgani”dan bahs etgani haqida xabarlar tarqatdi. Brichevskiy bilan intervyu matni Rossiya TIV saytiga joylangan.

Archayev Rossiya mulozimining mulohazalariga javoban bu yerda qanday “kengaytirish imkoniyatlari”ni nazarda tutilmoqda va “uch tomonlama hamkorlik” ortida nima turibdi, deya savollar qo‘ydi. Turkman mulozimi ushbu masala Turkmaniston manfaatlariga daxl qilishini alohida urg‘ulagan.

Aftidan, Ashxobod turkman gazining asosiy iste’molchisi bo‘lmish Xitoy energetika bozorida Rossiya unga raqobatchi bo‘lishi ehtimolidan bezovtalanmoqda.

Avvalroq rus OAVlari Rossiya o‘z gazini turkman gaz quvuri orqali eksport qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda O‘zbekiston va Qozog‘istonga gaz yetkazib berish xususida ushbu mamlakatlar bilan kelishuvga erishishi mumkinligi to‘g‘risida yozgan edi.

Turkman gazi Xitoyga Markaziy Osiyo – Xitoy quvurining “A”, “V” va “S” nomli uch tarmog‘i orqali yetkazib beriladi. Uzunligi 1833 kilometrga teng bo‘lgan bu tarmoqlarning barchasi Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy yo‘nalishi bo‘ylab bir-biriga parallel joylashgan. Gaz-transport tizimining umumiy o‘tkazish quvvati yiliga 55 milliard kubometrni tashkil etadi.

Газ: "Путинга ўлгунча қарамлик"- Тармоқлар Озодлик суриштируви ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:17 0:00

Archayev gaz quvuri faqat Turkmaniston va Xitoy ishtirokida qurilganini va quvur asosan turkman gazi bilan to‘ldirilishini ta’kidladi. Mulozimga ko‘ra, Turkmaniston ushbu quvur orqali yiliga 40 milliard kubometr gaz eksport qiladi, qolgan hajmlarni esa O‘zbekiston va Qozog‘iston yetkazib beradi.

Shu munosabat bilan Archayev quvurni boshqa mamlakatlardagi gaz manbalari, jumladan yuqorida tilga olingan “gaz ittifoqi”ni kengaytirish hisobiga to‘ldirish nazarda tutilmaganini aytdi.

Bayonotda, shuningdek, Turkmaniston xitoy, o‘zbek va qozoq hamkorlari oldidagi majburiyatlarini to‘la-to‘kis ado etayotgani va hamkorlardan ham shuni kutishga haqli ekani ham urg‘ulangan.

“Turkmangaz” mulozimi ta’kidlashicha, ushbu masala yuzasidan hech kim Ashxobod bilan maslahatlashgan emas.

“Bunaqa yondashuv Turkmaniston uchun tushunarsiz va nomaqbul bo‘lib, mamlakatimiz tomonidan xalqaro huquq me’yorlariga hamda gaz sohasidagi ish amaliyotiga nomuvofiq deb ko‘rilmoqda”,- dedi Archayev.

Mulozim “mavhumlik va nifoq” urug‘ini sochayotgan bunday bayonotlar Turkmaniston tomonida “jiddiy xavotir” uyg‘otayotganini qo‘shimcha qildi.

Ta’kidlash joizki, avvalroq Rossiyaning Ashxoboddagi elchisi Ivan Volinkov Rossiya Xitoyga gaz eksport qilish sohasida Turkmanistonga raqib bo‘lmaydi, deya ishontirgan edi. Rus diplomati jurnalistning Turkmaniston va Xitoy o‘rtasidagi gaz quvurining to‘rtinchi tarmog‘i qurilishi munosabati bilan “Sila Sibiri – 2” loyihasi vaqtincha to‘xtatilishi ehtimoliga doir savoliga javoban shunday degan.

Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining Turkmaniston – O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston – Xitoy yo‘nalishi bo‘ylab o‘tuvchi “D” tarmog‘ini qurish masalasida bundan 10 yil muqaddam dastlabki kelishuvga erishilgan.

Ayni paytda Rossiya Xitoyga tabiiy gazni uzunligi 3000 kilometrga va yillik o‘tkazish quvvati 38 milliard kubometrga teng “Sila Sibiri” quvuri orqali eksport qiladi. Reuters agentligiga ko‘ra, 2023-yilda Rossiya ushbu quvur orqali Xitoyga 22 milliard kubometrgacha gaz yetkazib berishi kutilmoqda.

ZIMISTON-UZ. 19-қисм: Ўзбек ҳукумати газни Россияга берганини рад этмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:43 0:00

Hozirda loyihalanayotgan 2600 kilometrlik “Sila Sibiri – 2” gaz quvuri Mongoliya hududidan o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Xitoy rahbari Si Szinpinning joriy yil martida Moskvaga davlat tashrifi chog‘ida tomonlar “Sila Sibiri – 2” quvuri qurilishi bo‘yicha yakuniy qarorga kela olishmagan.

Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining “D” tarmog‘i uzunligi 966 kilometr bo‘lishi va mazkur loyiha qiymati 6,7 milliard dollarni tashkil qilishi aytilmoqda. “Sila Sibiri – 2” gaz quvuri qurilishi esa 14 milliard dollarga tushadi.

Joriy yilning martida Reuters agentligi Xitoy neft-gaz sohasi mulozimlariga havola bergan holda Pekin navbatdagi yirik gaz quvuri qurilishi borasida Rossiyadan Turkmanistonni afzal ko‘rishi haqida xabar qilgan edi.

So‘nggi paytlarda rasmiy Ashxobod turkman gazini Yevropaga yetkazib berishni nazarda tutuvchi Transkaspiy gaz quvuri loyihasini yana esga ola boshladi.

XS
SM
MD
LG