Rossiyaning Marseldagi bosh konsulxonasi hududida 24-fevral kuni portlash sodir bo‘ldi. Bu ma’lumotni La Marseillaise nashriga Rossiyaning Marseldagi bosh konsuli Stanislav Oranskiy tasdiqlagan.
Avvalroq Fransiya nashrlari diplomatik vakolatxona yaqinida portlash sodir bo‘lgani haqida yozishgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, portlash mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8 larda ro‘y bergan. BFMTV telekanali politsiyadagi manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda konsulxona binosiga ichiga yonuvchi suyuqlik to‘ldirilgan ikkita shisha otilgani, bu shishalar bog‘ ichida singani haqida xabar qilgan.
Valeurs Actuelles nashri muxbiri hodisa chog‘ida hech kimga ziyon yetmagani, faqatgina moddiy zarar yetkazilganini ma’lum qilgan. Undagi ma’lumotga ko‘ra, konsulxona yaqinida o‘g‘irlangan avtomobil topilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Marseldagi portlash “terror xurujining barcha belgilariga ega”ligini bildirgan.
“Akkreditatsiya qilgan mamlakatdan hodisa tergovi bo‘yicha to‘la-to‘kis ma’lumot berilishi va tezkor choralar ko‘rilishini hamda Rossiya xorijdagi vakolatxonasining xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha qadamlar qo‘yilishini talab qilamiz”, deya bildirgan Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
Rossiyaning Marseldagi bosh konsulxonasi Ambruaz-Par avenyusida joylashgan. Uning yaqinida Misr, Tunis, Armaniston va boshqa mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari bor.