Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

RSF: Qozoq jurnalistiga suiqasd jazosiz qolmasligi lozim


Ukrainalik tergovchilari suiqasd ijrochilari o‘laroq gumon qilayotgan Meyram Qaratayev va Altay Jaqanbayev ("Moldova: Aktualno" telegram-kanalidan olingan fotosurat)
Ukrainalik tergovchilari suiqasd ijrochilari o‘laroq gumon qilayotgan Meyram Qaratayev va Altay Jaqanbayev ("Moldova: Aktualno" telegram-kanalidan olingan fotosurat)

“Chegarasiz muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkiloti Ukraina va Qozog‘iston rasmiylarini jurnalist Aydos Sadiqov o‘limida aybdor bo‘lganlarni imkon qadar tezroq topish va javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Qozog‘istonlik muxolifatchi bloger Aydos Sadiqovning Kiyev markazida shafqatsizlarcha otib ketilishi jazosiz qolmasligi lozim. RSF bu misli ko‘rilmagan jinoyat ortida kim turganini aniqlash va aybdorlarning barchasini javobgarlikka tortish uchun Qozog‘iston rasmiylarini shaffof va puxta tergov o‘tkazishda Ukraina rasmiylari bilan hamkorlik qilishga chaqiradi”, deya bildirgan RSFning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limlari rahbari Janna Kavele.

Qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sadiqov Ukraina poytaxtida otib ketilganidan 13 kun o‘tib - 2-iyul kuni kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan edi. U asos solgan “Bәse” YouTube-kanalida Qozog‘iston rasmiylari tanqid qilingan videomateriallar yoyinlab kelingan.

Aydos Sadiqovga suiqasd 18-iyun kuni uning Kiyevdagi uyi oldida sodir etilgan. Ukraina Bosh prokuraturasi suiqasdchi Aydos va uning rafiqasi o‘tirgan mashina yoniga chopib kelib, jurnalistga qarata o‘q uzganini bildirgan. Suiqasd ortidan u og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan. Hodisa chog‘ida uning rafiqasi jabrlanmagan.

Suiqasdda qozog‘istonlik ikki fuqaro – Altay Jaqanbayev va Meyram Qaratayevlar gumonlanmoqda. Hujumdan keyin ular voqea joyidan yashirinishgan, keyin esa Moldovaga chiqib ketishgan.

22-iyun kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Altay Jaqanbayev qo‘lga olinganini bildirgan. Qozog‘iston prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, uning o‘zi ichki ishlar idoralariga murojaat qilgan. Prokuratura bayonotiga ko‘ra, Qaratayevning qayerdaligini aniqlash uchun tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.

Ukrainada Jaqanbayev va Qaratayevni sirtdan hibsga olish haqida qaror chiqarilgan va ular xalqaro qidiruvga berilgan.

Ostona Sadiqovga suiqasdda gumonlanayotgan Jaqanbayevni Ukrainaga bermasligini bildirgan.

RSF bu surbetlarcha sodir etilgan jinoyatni qoralaydi hamda Ukraina va Qozog‘iston rasmiylarini aybdorlarni imkon qadar tezroq topib, javobgarlikka tortishga chaqiradi”, deyilgan “Chegarasiz muxbirlar” bayonotida.

Qayd etilishicha, o‘n yildan buyon Ukrainada qochqin o‘laroq yashayotgan er-xotin Sadiqovlar YouTube videoportalida “Bәse” kanaliga asos solishgan. Qozog‘istondagi voqealarni yoritib kelayotgan bu kanal asosan korrupsiya masalalariga ixtisoslashgan bo‘lib, milliondan ziyod obunachiga ega. Jinoyat sodir etilgan kuni Sadiqovlar “Qozog‘iston prezidenti rossiyalik ta’sir agentlarining qo‘g‘irchog‘iga aylandi” (“Prezident Kazaxstana stal marionetkoy rossiyskix agentov vliyaniya”) sarlavhali videoni yoyinlagan edilar.

Aydos Sadiqovning rafiqasi Natalya erining o‘limi uchun mas’uliyatni Qozog‘iston rasmiylariga, xususan prezident Qasim-Jomart Toqayevga yuklamoqda.

Qozog‘iston RSF bu yilgi matbuot erkinligi reytingida dunyodagi 180 mamlakat orasida 142-o‘rinni egallagan. “Chegarasiz muxbirlar” qaydicha, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari rasmiylar tomonidan yildan-yilga ko‘proq bosim va senzuraga uchramoqda. Joriy yil boshida rasmiy nashrga bergan intervyusida prezident Toqayev Qozog‘istonda siyosiy ta’qib va senzura yo‘qligini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG