O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati yoyinlagan qisqa axborotga ko‘ra, davlat rahbarlari muloqotida xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.
Kreml xabarnomasida aytilishicha, O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqotda Mirziyoyev Putinga Rossiya Qurolli kuchlari radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari qo‘mondoni, general Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya Polikarpov o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
O‘zbekiston bunday teraktni keskin qoralashi ta’kidlangan.
Mirziyoyev va Putin 11-dekabr kuni ham telefon orqali muloqot qilib, Suriya va Ukraina atrofidagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashishgan edi.
17-dekabr kuni Moskvaning Ryazan shohko‘chasidagi uy oldida sodir bo‘lgan portlashda general Kirillov va uning yordamchisi halok bo‘lgan.
18-dekabr kuni O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosi ushbu teraktni uyushtirishda gumonlanib, hibsga olingan.
“Kommersant” nashri xabariga ko‘ra, 20-dekabr kuni sud terakt sodir etishda gumonlanayotgan Ahmadjon Qurbonovni ikki oy muddatga – 2025-yil 17-fevraliga qadar qamoqqa olish haqida qaror qabul qilgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotiga muvofiq, gumonlanuvchi Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i asosida harakat qilgan: unga go‘yoki 100 ming dollar va “Yevropa davlatlaridan biriga chiqarib yuborish” va’da qilingan.